Xorijliklarni lol qoldirgan attor

Buxoroning hunarmandchilik rastalari joylashgan tarixiy qismida Mirfayz ota Ubaydovning moʻjazgina attorlik doʻkoni bor. Har gal oʻtganda uning oldida sayyohlar toʻplanib turganini koʻrish mumkin.
Tarixi uch-toʻrt asrga borib taqaladigan attorlar sulolasining bu keksa vakili xushboʻy dorivor giyohlar, roʻzgʻorbop mayda jihozlar savdosi bilan shugʻullanadi. Xalq tabobatidan yaxshi xabardor. Abu Ali ibn Sino, Abdurahmon Jomiy, Abu Abdullo Rudakiy, Alisher Navoiydan soʻz ketsa uning oldiga tushadigan topilmasa kerak. Lev Tolstoy, Chingiz Aytmatovdek buyuklar ijodidan gap ochsa, qarshingizda attor turganiga aqlingiz bovar qilmaydi.
– Zamonamizdan oʻrgilay, – deydi xorijiy sayyohlar bilan rus, ingliz, nemis, fransuz tillarida binoyidek soʻzlasha oladigan Mirfayz ota. – Amerika deysizmi, Yevropa deysizmi bir qadam boʻlib qoldi. AQSH, Italiya, Germaniyada boʻldim. Ammo sizga aytsam, bir gal qiziq voqea roʻy berdi. Doʻkonda turganimda okeanortidan tashrif buyurgan nufuzli mehmonlardan biri dorivor giyohlar bilan qiziqib qoldi. Taomilga koʻra, bir piyoda choy uzatdim. Atrofida ancha-muncha kuzatuvchi hamrohlari bor edi.
Chet ellik mehmon xayrlashib ketgach, attorning koʻzi doʻkon peshtaxtasi yonboshida turgan hamyonga tushdi.
– Uni avaylab oldim-da buyumlarimning bir chekkasiga qoʻydim, – davom etdi Mirfayz ota. – Oradan yarim soatcha oʻtgach, boyagi mehmonning kuzatuvchilarini tashvishli qiyofada koʻrdim. Ularning pulxaltani izlashayotgani kundek ravshan edi. Yonimga chorladim. Hamyonni koʻrsatdim. Hayal oʻtmay oʻsha martabali mehmonni boshlab kelishdi. Omonatni topshirdim. Shunda u hamyonni ochib, bir dasta dollar orasidan bir juftini olib menga uzatdi.
– Yoʻq, – dedim qatʼiy ohangda. – Omonatingiz bus-butuniga ishonch hosil qilsangiz kifoya. Biz halol rizq bilan roʻzgʻor tebratamiz. Qayta-qayta minnatdorlik bildirgan mehmon koʻzi toʻq, olijanob otaxonga tan berdi. Yordamchilariga attorning ismi-sharifi, turar-joy manzilini yozib olishni buyurdi. Oradan ikki-uch oy oʻtib, Mirfayz ota nomiga AQSHga sayohat qilish taklifnomasi keldi.
– Olijanoblik, yaxshilik, birovning haqiga xiyonat qilmaslik xalqimizning qon-qoniga singib ketgan, – deydi bu hayotiy hikoyani eshitgan gʻijduvonlik ijodkor Muxtor Abdullayev. – Yaxshilik albatta, yaxshilikni yetaklab keladi. Yaqinda biz ham xuddi shuning guvohi boʻldik. Tuman markazidagi oshxonalardan birida ovqatlanib chiqqach, tasodifan avtoulovimiz yukxonasi ustida turgan hamyonga koʻzimiz tushdi. Atrofda hech zogʻ yoʻq. Aftidan kimdir mashinamiz bilan yonma-yon turgan avtoulovga chiqayotib, nima bilandir chalgʻigan va uni yukxona ustiga qoʻygan kuyi unutib qoldirgan. Balki egasining ism-sharifi, manzili yozilgan biror bir hujjat bordir? Shunday oʻy bilan hamyonni ochdik. Ichidan uch yuz AQSH dollari hamda ikki million soʻm atrofida pul chiqdi. Hujjat esa yoʻq.
Shunda hamkasbimiz Komiljon akaning hushyorligi, topqirligi qoʻl keldi. U xush-noxush xabarlarni eʼlon qilishga ixtisoslashgan telegramm kanal masʼuliga bogʻlandi.
Ertasiga omonatning egasi topildi. U eʼlon shartiga muvofiq hamyondagi pul miqdorini aniq aytdi. Omonatni olgach, “Koʻnglimdan chiqarib beryapman”, deya Komil akaning roziligini olmoqchi boʻldi. Shunda hamkasbimizning yodiga ehtiyojmand mahalladoshlaridan biri tushdi. Boyaqishning ancha qiynalib qolganini eshitgandi. Omonat egasiga shu inson ahvolini bayon etarkan, “Agar rozi boʻlsangiz, koʻnglingizdan chiqarib bergan pulingizni shu mahalladoshimizga xayriya qilamiz”, dedi. Omonat egasi bajonidil, degach savobtalab hamkasbimiz bu mablagʻ ustiga oʻz hisobidan ham choʻgʻlikkina pul qoʻshib, oʻsha ehtiyojmand oilaga ehson qildi. Shu tariqa bir yaxshilik ikkinchi bir ezgu ishga eshik ochdi. Yuqoridagi ikki voqeani qogʻozga tushirarkanmiz, beixtiyor koʻnglimizdan Hazrat Abdulxoliq Gʻijduvoniyning “Halollik yaxshiliklarning kalitidir”, degan purmaʼno soʻzlari kechdi.
Istam IBROHIMOV
«Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring