“Inson Faxri” milliy mukofoti sohiblari taqdirlandi

16:31 19 Noyabr 2025 Jamiyat
190 0

18-noyabr kuni poytaxtdagi “Oʻzbekiston” Xalqaro forumlar saroyida “Inson Faxri” milliy mukofotining tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbir Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan tashkil etildi.

Tashkilotchilarning taʼkidlashicha, ushbu mukofot ezgulik, mehr-shafqat, jasorat va fidoyilik fazilatlarini hayoti va faoliyatida namoyon etib kelayotgan insonlarni eʼtirof etish maqsadida taʼsis etilgan.

Foto: Asadbek Daminov/“Xalq soʻzi”

Tanlov doirasida bir yil davomida mamlakat boʻylab insonparvarlik, fidoyilik va ijobiy oʻzgarishlarga turtki bergan yuzlab taʼsirli hikoyalar yigʻilgan. Shunga koʻra, 11 yoʻnalish boʻyicha munosiblar aniqlangan.

Marosimda gʻoliblar maxsus statuetka, diplom hamda 20 million soʻmlik pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Foto: Asadbek Daminov/“Xalq soʻzi”

“Mehr yoʻli” nominatsiyasi sohibi — Bibisora Oripova

Zoʻravonlikdan jabr koʻrgan ayollar uchun “Rahmdillik” boshpanasini tashkil etib, yuzlab ayollarga hayotini qayta boshlash imkoniyatini yaratgan Bibisora Oripova (Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning singlisi) “Mehr yoʻli” nominatsiyasida gʻolib deb topildi.

Foto: Asadbek Daminov/“Xalq soʻzi”

Mukofotni unga Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva tantanali ravishda topshirdi. Bibisora Oripova taqdirlash marosimida: “Uyga borganimda ularga «Bu mukofotni menga emas, sizlarga berishdi”, deyman», — deya samimiy minnatdorlik bildirdi.

Boshqa yoʻnalishlar boʻyicha gʻoliblar

Foto: Asadbek Daminov/“Xalq soʻzi”

“Yil shifokori” — professionallik va qutqarilgan hayotlar uchun

Bobur Toʻrayev — mingdan ortiq operatsiya qilgan bolalar kardioxirurgi. 2025-yil avgustida 6 yoshli bemorga noyob yurak amaliyotini muvaffaqiyatli oʻtkazgan.

Foto: Asadbek Daminov/“Xalq soʻzi”

“Shaxsiy yutuq” — shaxsiy rivoj va yengilgan qiyinchiliklar uchun

Mohira Boltayeva — xalqaro kimyo olimpiadasi kumush medali sovrindori, 23 yoshli pedagog. Uning oʻquvchilari ham yuksak natijalarga erishmoqda.

Foto: Asadbek Daminov/“Xalq soʻzi”

“Oʻlmas jasorat namunasi” — favqulodda vaziyatlardagi matonat uchun

Abdumannon Samikov (marhum) — bolalarni qutqarish uchun suvga sakrab, oʻz hayotini fido qilgan.

Foto: Asadbek Daminov/“Xalq soʻzi”

Feruza Madaliyeva — “Taraqqiyot” tashkiloti bilan uzoq hududlarga toza ichimlik suvi yetkazish tashabbuslarini yoʻlga qoʻygan.

“Betakror rekord” — noodatiy yutuqlar uchun

Shahina Yigitaliyeva — 15 yoshli para atlet, Oʻzbekiston tarixidagi eng yosh sportchi sifatida jahon miqyosida rekordlar oʻrnatgan.

Foto: Asadbek Daminov/“Xalq soʻzi”

“Umr ishi” — koʻp yillik fidokor mehnat uchun

Xolbeka Boboqulova — Qashqadaryodagi Dashtqizil qishlogʻi hamshirasi. U bemorlar uyiga togʻ yoʻllaridan xachirda yetib boradi.

Foto: Asadbek Daminov/“Xalq soʻzi”

“Chegarasiz yaxshilik” — insonparvar tashabbuslar uchun

Nasim Komilov — Samarqandda koʻchada qolganlar uchun uylar qurib, muhtojlar uchun bepul klinika tashkil etgan.

Foto: Asadbek Daminov/“Xalq soʻzi”

“Birlik qudrati” — jamoatchilik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlagani uchun

“28 Ilgak” klubi — koʻngilli toʻquvchi ayollar jamoasi boʻlib, muddatidan oldin tugʻilgan bolalar uchun bepul nosok, shapka, jilet va boshqa buyumlar toʻqib beradi.

Foto: Asadbek Daminov/“Xalq soʻzi”

“Noyob isteʼdod” — ilgʻor gʻoyalar va kreativ mahorat uchun

“TECNAS” IT jamoasi — oʻrta sinf oʻquvchilaridan iborat startap guruhi. VR-texnologiyalar asosida virtual maktab laboratoriyasini yaratgan.

Foto: Asadbek Daminov/“Xalq soʻzi”

“Fidoyilik ramzi” — kasbga sadoqat uchun

“Imkon” markazi — imkoniyati cheklanganlar bilan ishlash boʻyicha samarali tashabbuslari uchun eʼtirof etildi.

Foto: Asadbek Daminov/“Xalq soʻzi”

Taqdirlash marosimi nafaqat gʻoliblarni eʼtirof etish, balki jamiyatda mehr-oqibat, oʻzaro yordam va hurmat madaniyatini mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim tadbir sifatida baholandi. Shu kabi tashabbuslar insonparvarlikni yanada keng yoyishga zamin yaratadi.

Mashhura Alimardon, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?