Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 19-noyabr kuni kambagʻallikni qisqartirish hamda aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida taʼkidlanganidek, kambagʻallik faqat daromadi past oilalarning emas, balki shu hududda yashayotgan oʻziga toʻq aholining ham umumiy tashvishi hisoblanadi.
Kambagʻal oilalar kamayib, farovonlik sari birgalikda dadil qadam tashlansa, bu jamiyat taraqqiyoti va aholi manfaati uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Qaysi mamlakatda ilm-u maʼrifatga, madaniyatga, fan va taʼlimga eʼtibor yuqori boʻlsa, oʻsha joyda taraqqiyot yuz beradi, badavlat oilalar koʻpayadi. Chunki ilmli odam ishli boʻladi, ishli odam esa daromadlidir.
Binobarin, mamlakatimizda kambagʻallik tushunchasi uzoq yillar rasmiy davralarda tilga olinmadi. “Ehtiyojmand oilalar”, “kam taʼminlangan”, “boquvchisini yoʻqotgan” kabi iboralar orqali ifodalab kelindi. Biroq vaziyat oʻzgargani yoʻq. Kasalni isitmasi oshkor qilaverdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ilk bor yuqori minbardan bu masalaga alohida toʻxtalib, uni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilab berdi. Bugun esa “kambagʻallikni qisqartirish” tushunchasi xalq orasida keng tarqalib, umumxalq harakatiga aylandi. Davlatimiz rahbari har bir oilaning, har bir fuqaroning hayotini tubdan oʻzgartirish, inson qadri va farovonligini oshirish eng muhim vazifa ekanini bot-bot taʼkidlab kelmoqda. Buning samarasi oʻlaroq, mamlakatimizda kambagʻallik darajasi 2020-yilda 23 foizdan 2024-yilga kelib 8,9 foizga, 2025-yil yakunida esa 6 foizga tushishi kutilmoqda.
Bugun dunyoda roʻy berayotgan murakkab va tahlikali vaziyatga qaramay, mamlakatimizda kambagʻallikka qarshi kurash davlat siyosati darajasiga olib chiqilib, umummilliy harakatga aylandi. Amalga oshirilayotgan barcha islohotlar negizida “Inson qadri uchun” tamoyili oʻz ifodasini topmoqda. Oʻtgan toʻqqiz yilga nazar tashlar ekanmiz, odamlarning haq-huquqini himoya qilish, ularni munosib ish joyi bilan taʼminlash, daromadini oshirish, turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan ishlar ustuvorlik kasb etayotir.
Ayniqsa, mahallalarda ish koʻlami juda keng. Barcha saʼy-harakatlar oilalar daromadini oshirish hamda aholi bandligini taʼminlashga qaratilmoqda. Eʼtiborli jihati, mahallabay ishlash tizimiga oʻtilgach, birorta ham oilaning eʼtibordan chetda qolmasligi taʼminlandi. 9 mingdan ortiq mahallalarda “mahalla yettiligi” tashkil etilgani bois aholi va rahbarlar oʻrtasidagi muloqot yengillashdi. Har bir mahallada tuman hokimining vakili — hokim yordamchilari faoliyat olib borayotgani ham islohotlar shiddatini yanada oshirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalla tizimidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish hamda joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mahallada “yettilik” tizimi joriy qilinib, kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam ajratish kabi 100 dan ziyod xizmatlar mahalla darajasiga tushirilgani hisobiga 7,5 million fuqaro kambagʻallikdan chiqarilgani, ishsizlik darajasi 2 barobar qisqargani, 3,5 ming mahalla qiyofasi zamonaviy va koʻrkam koʻrinishga ega boʻlgani aytib oʻtildi.
Darhaqiqat, har bir imkoniyatni loyihaga aylantirib, ish oʻrni yaratish uchun mahallalarga soha mutasaddilari masʼul qilindi, infratuzilmaga ham alohida mablagʻ ajratilyapti. Yaratilgan imkoniyatlar hisobiga 7 mingta mahalla meva-sabzavot, gulchilik, asalarichilik, tikuvchilik, mebelsozlik, savdo va servis kabi 15 ta yoʻnalishga ixtisoslashtirildi. 3 ming 326 ta mahalladagi 50 foiz xonadon bu tizim bilan qamrab olingani natijasida 1,5 million oila daromadli boʻldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida soʻzlagan nutqida soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirilgani alohida taʼkidlandi. Bunga, avvalo, taʼlim va ilm-fan sohasini oʻzgartirish, innovatsion tarmoqlar va texnologik sanoat korxonalarini barpo etish, “yashil” energetika va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, kichik biznesni har tomonlama rivojlantirish va natijada millionlab ish oʻrinlari yaratish orqali erishilgani aytildi.
Mamlakatimizda yettita ustuvor yoʻnalishni oʻz ichiga olgan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi faol amalga oshirilmoqda. Bunda kambagʻal aholini faqat ishga joylashtirish bilan muammo yechilmaydi. Balki barqaror ish oʻrinlari, odamlar muntazam daromadga ega boʻlishi uchun sharoit yaratilmoqda.
Qulay ishbilarmonlik muhiti hisobiga oʻtgan sakkiz yilda 700 ming tadbirkor oʻzining barqaror biznesiga ega boʻldi. Eʼtiborlisi, davlat biznesga sharoit yaratib beryapti, tadbirkorlar esa oʻziga ijtimoiy masʼuliyat olib, ehtiyojmand aholini ishli va daromadli qilishda koʻmak boʻlmoqda. Buning samarasi oʻlaroq, shu yilning oʻzida 270 mingdan ziyod kambagʻal oilalar aʼzolari doimiy ish bilan taʼminlandi.
Mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish, aholi daromadlarini koʻpaytirish boʻyicha xalqaro tashkilotlar va nufuzli moliya institutlari faol ish olib borishmoqda. Bu borada Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda qishloqlarda yashash sharoitini yaxshilash, yoʻl qurilishi, tibbiyot va taʼlim xizmatlarini kengaytirish boʻyicha 5 milliard dollarlik loyihalar tuzilgani ahamiyatga molik.
Shuni alohida taʼkidlab oʻtish oʻrinliki, kambagʻal oilalar reyestrining joriy qilinishi mazkur oilalar bilan manzilli ishlash imkoniyatini bermoqda. Bu esa mazkur aholi qatlamini ijtimoiy-iqtisodiy yoʻnalishda qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrish va imtiyozlar yaratishda qoʻl kelyapti.
Joriy yilning 9 oyida “Individual rejalar” asosida 446 mingta oilaga kambagʻallikdan chiqarishga qaratilgan 755 mingta xizmat koʻrsatildi. Bunda ular doimiy ishga joylashtirildi, tadbirkorlikka jalb qilindi va kasb-hunarga oʻqitildi. Natijada 311 mingta oila yoki 1,3 mln. nafar aholining rasmiy daromadi va moddiy-mulkiy ahvoli yaxshilanib, ular kambagʻallikdan chiqarildi.
Oilalarni kambagʻallikdan chiqarishda ularning mehnatga layoqatli aʼzolarini daromadli ish bilan taʼminlash muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda, respublika boʻyicha reyestrga kiritilgan jami oilalarning 62 foizi kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan xizmatlar bilan qamrab olindi. Bugungi kunda mahallalarda aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan 328 mingta mikroloyiha amalga oshirilgan boʻlsa, shundan 82 mingta loyihada kambagʻal oilalarning 123 ming nafar aʼzosi tashabbuskor yoki band qilingan shaxs sifatida ishtirok etdi.
Prezidentimiz tomonidan Xitoy tajribasi asosida kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha 32 ta yoʻnalishdagi yangi yondashuvlarni joriy etish topshirigʻi berilgan. Uning doirasida banklar koʻmagida “Kompaniya — kooperativ — dehqon xoʻjaligi” tamoyili asosida 484 ta kooperativ tashkil etilib, 16 ming nafar kambagʻal oila aʼzolari jalb qilindi. 740 ta ogʻir mahallada nodavlat oilaviy bogʻchalar ochildi, kambagʻal oila farzandlarining qiziqishlari asosida 153 ming oʻquvchi qoʻshimcha toʻgaraklarga qatnamoqda.
Kambagʻal oilalar reyestridagi 503 ming nafar fuqaro bilan “ijtimoiy shartnoma” imzolandi. Reyestrdagi 2 mln. 300 ming nafar fuqaro tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, 240 ming nafari ambulator, 23 ming nafari statsionar sharoitda davolandi. “Boshqaruv servis kompaniyalari” tomonidan koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini obodonlashtirish va yashil hududlar tashkil qilishga 3,6 ming nafar kambagʻal oila aʼzolari jalb etildi.
Yurtimizdagi koʻplab kambagʻal oila aʼzolari daromadli ish bilan band qilinib, qoʻli pul koʻrmoqda, dasturxoniga fayz, roʻzgʻoriga baraka kirmoqda. Bu qut-baraka yanada unumliroq ishlashga, farovonlik sari intilishga chorlayapti. Mamlakatimizda kechayotgan keng koʻlamli islohotlardan koʻzlangan asosiy maqsad ham aslida inson qadrini oshirish, aholining hayotidan rozi boʻlib yashashiga erishishga qaratilgan. Zero, Oʻzbekistonda joriy etilgan kambagʻallikdan pul bilan emas, balki aql-idrok, bilim va salohiyat bilan chiqish tamoyili har jihatdan oʻzini oqlamoqda.
Marat JOʻRAYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va
bandlik vazirining birinchi oʻrinbosari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining OAV erkinligi boʻyicha vakili Yan Bratu bilan uchrashuv oʻtkazdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring