Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi

14:24 24 Noyabr 2025 Siyosat
428 0

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Har yili 25-noyabr – Xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka barham berish xalqaro kunidan boshlab 10-dekabr – Inson huquqlari kuniga qadar dunyo boʻylab “Gender asosidagi zoʻravonlikka qarshi 16 kunlik faollik” global kampaniyasi oʻtkaziladi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Mazkur tashabbus doirasida joriy yil BMT tomonidan kampaniya “Xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish uchun birlashaylik” mavzusida tashkil etilishi belgilab berilgan.

Oʻzbekistonda ham ushbu global tashabbus anʼanaviy ravishda qoʻllab-quvvatlanib, mamlakat miqyosida turli yoʻnalishlardagi tadbirlar va muloqotlar orqali keng jamoatchilik ishtirokida oʻtkazib kelinmoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

2025-yil 24-noyabr kuni Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi boshchiligida, BMT tuzilmalari hamkorligida “Xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish uchun birlashaylik” kampaniyasiga start berildi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Tadbirni ochgan Senat Raisi Tanzila Narbayeva xotin-qizlarni har qanday zoʻravonlikdan, xususan, raqamli makondagi tahdidlardan himoya qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlarga toʻxtalib, zoʻravonlikka qarshi kurash uzluksiz jarayon ekanini qayd etib oʻtdi. Uning aytishicha, ayrim zararli stereotiplar jamiyatda urf-odat sifatida talqin qilinishi mumkin, ammo inson huquqlarini buzadigan bunday tasavvurlarni bartaraf etish muhim vazifa hisoblanadi. “Hech qanday stereotip zoʻravonlikni oqlay olmaydi”, – deya taʼkidladi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Tadbirda vazirlik va idoralar, huquqni muhofaza qilish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, xalqaro ekspertlar va BMTning Oʻzbekistondagi agentliklari xodimlari ishtirok etdi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Shuningdek, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Sabin Maxl mamlakatda oiladagi zoʻravonlikni jinoyat deb belgilash, himoya xizmatlarini kuchaytirish kabi islohotlar raqamli zoʻravonlikka qarshi kurash uchun muhim baza yaratishini taʼkidlab, raqamlashuv ortib borgani sayin qonun va xizmatlarni ham takomillashtirish zarurligini qayd etdi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

“BMT-ayollar“ tuzilmasi Markaziy Osiyo Muvofiqlashtiruvchi ofisi rahbari Jeren Guven Guresh global raqamlashuv tez oʻsishiga qaramay, dunyoda onlayn zoʻravonlik va texnologiyalar vositasidagi zoʻravonlik holatlarining katta qismi yashirilgan holda qolishini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, 2025-yilga qadar 117 mamlakat raqamli zoʻravonlikka qarshi choralar koʻrayotgan boʻlsa-da, bu transmilliy tahdidga javoblar hali ham tarqoq va muvofiqlashtirilmagan holda qolmoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Tadbir ishtirokchilari raqamli makonlarni barcha xotin-qizlar uchun xavfsiz, sogʻlom va imkoniyatlar yaratadigan muhitga aylantirish uchun muvofiqlashtirilgan harakatlarni kuchaytirish zarurligini qayd etdi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Shuningdek, raqamli zoʻravonlikka qarshi kurashish boʻyicha taklif va tashabbuslar ham bildirildi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Kampaniya doirasida 25-noyabrdan 10-dekabrgacha mamlakatning barcha hududlarida “Xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish uchun birlashaylik” mavzusida turli tadbirlar, muloqot maydonlari, oʻquv seminarlari va axborot kampaniyalari oʻtkaziladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?