Jizzaxda 30 megavattli 150 ta kichik va mini GESlar ishga tushiriladi

17:35 02 Dekabr 2025 Siyosat
184 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Jizzax viloyatining metall konlari katta istiqbolga ega ekani qayd etildi.

Masalan, yiliga 1 ming tonna volfram qazib olish loyihasi amalga oshirilmoqda. Gʻallaorol va Nuroboddagi loyihalar ishga tushsa, Oʻzbekiston volfram ishlab chiqarish boʻyicha yetakchi davlatlardan biriga aylanishi taʼkidlandi.

Mutasaddilarga Gʻallaoroldagi oltin resursiga ega istiqbolli maydonga investor jalb qilish, Forishdagi qoʻrgʻoshin-rux konida geologiya-qidiruv ishlarini yakunlash, Arnasoydagi uran zaxirasi aniqlangan konning texnik-iqtisodiy asosini yakunlash topshirildi.

Jizzaxda sement, gazobeton, bazalt, pardozbop toshlar, oyna, kaolin pigmenti kabi 100 ga yaqin turdagi qurilish materiallari chiqarilmoqda.

Agar chuqur qayta ishlashni yoʻlga qoʻyib, sifat, brend va sertifikat boʻyicha koʻproq ishlansa, qoʻshilgan qiymatni 20-30 foizga oshirish mumkinligi taʼkidlandi.

“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasidagi 510 million dollarlik 30 ta loyiha hisobiga 10 mingga yaqin odamning bandligi taʼminlandi. Bu yerda yana 540 million dollarlik loyihalar jadal ketmoqda.

Tadbirkorlar yangi loyihalar uchun sanoat zonasini yetarli quvvatda elektr bilan taʼminlash va suv tozalash inshooti qurib berishni soʻramoqda.

Energetika vazirligiga bu yerga 40 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoq tortib kelib, 40 megavattli podstansiya qurish topshirildi.

2026-yil sanoat zonalari infratuzilmasini rivojlantirish dasturida “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida suv tozalash inshooti qurish uchun 100 milliard soʻm nazarda tutish vazifasi qoʻyildi.

Ilgari viloyatning elektr taʼminoti toʻliq Shirin GES hisobidan boʻlgan. Oʻtgan yili “Masdar” kompaniyasi Gʻallaorolda 220 megavattli quyosh stansiyasini ishga tushirdi.

Prezidentimiz bu ishlarni jadal davom ettirib, xitoylik hamkorlar bilan joriy yil 200 megavatt, keyingi yil 300 megavattli quvvatlar yaratilishini taʼkidladi. Bunga qoʻshimcha 30 megavattli 150 ta kichik va mini GESlar ishga tushiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?