Jizzax viloyati sessiyasida tashkiliy masala koʻrilib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha asosiy rejalar belgilab olindi

19:15 02 Dekabr 2025 Siyosat
110 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

2-dekabr kuni Xalq deputatlari Jizzax viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

– Viloyatni qanday ogʻir sharoitlardan olib chiqqanimizni, Jizzaxning har bir tumanida boʻlayotgan katta-katta oʻzgarishlarni, odamlarning xursandchiligini koʻrib, juda quvonaman va faxrlanaman, – dedi davlatimiz rahbari soʻzining avvalida.

Oʻtgan davrda Jizzax viloyati respublikadagi sanoati eng tez oʻsayotgan hududga aylandi. Sakkiz yilda 6,5 milliard dollarlik investitsiya loyihalari ishga tushgan boʻlsa, shuning 45 foizi sanoat hissasiga toʻgʻri keladi. Jizzaxda yiliga 175 ming avtomobil ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi.

Qisqa fursatda Zomin, Forish, Arnasoy tumanlari va Jizzax shahrida 2 milliard dollarlik 500 dan ziyod turizm hamda servis obyektlari ish boshladi. Arnasoy va Zominda 300 million dollar hisobiga 12 oy davomida toʻliq ishlaydigan kurort zonalari ishga tushgani, ularda aeroportlar barpo etilgani natijasida Jizzax eng jozibador turistik marshrutlardan biriga aylandi.

Sakkiz yil oldin Jizzaxdagi ish oʻrinlarining 42 foizi qishloq xoʻjaligiga toʻgʻri kelgan boʻlsa, bugun 310 mingga yaqin viloyat aholisi sanoat va servis sohalaridagi yuqori daromadli ishlar bilan band.

Paxtachilikka moslashgan viloyatning qishloq xoʻjaligi ham tubdan diversifikatsiya qilindi. Baxmal, Gʻallaorol, Zomin, Yangiobod, Forish tumanlari bogʻdorchilikka ixtisoslashib, 28 ming gektar yangi bogʻ va tokzorlar barpo etildi. Mirzachoʻl, Doʻstlik, Zafarobod, Zarbdor, Paxtakor, Arnasoyning choʻl hududlarida 12 ming gektar yerlarda ham bogʻ va sabzavot plantatsiyalari tashkil etildi.

Umuman, soʻnggi sakkiz yilda Jizzaxda sanoat 2,5 trilliondan 25 trillion soʻmga, xizmatlar 2,5 trilliondan 20 trillionga, qishloq xoʻjaligi 9 trilliondan 30 trillion soʻmga oshgani taʼkidlandi.

– Albatta, bu – katta islohotlarimizning boshlanishi. Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti yoʻlida hali koʻp ishlarni qilishimiz zarur, – dedi Prezidentimiz.

Sessiyada tashkiliy masala koʻrib chiqildi.

Prezidentimiz Jizzax viloyati hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarib kelayotgan Ulugʻbek Mustafoyev nomzodini ilgari surdi. Ovoz berish natijalariga koʻra, Ulugʻbek Mustafoyev Jizzax viloyati hokimi etib tasdiqlandi.

Davlatimiz rahbari sanoat, investitsiya, turizm, qishloq xoʻjaligi, qurilish va infratuzilma sohalarini rivojlantirish boʻyicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Jizzaxning respublika avtomobilsozlik sanoatidagi ulushi 25 foizga yetgan. Navbatdagi vazifa zavodlar atrofida yondosh tarmoqlarni rivojlantirib, mahalliylashtirish darajasini oshirish va tannarxni kamaytirishdan iborat ekani qayd etildi.

Tadbirkorlarga qulay shartlarda tayyor binolarni taklif etish, butlovchi qismlarni validatsiya qilish xarajatlarining 50 foizini qoplab berish vazifalari belgilab olindi.

Viloyatda yiliga 1 ming tonna volfram qazib olish loyihasi amalga oshirilmoqda. Gʻallaorol va Nuroboddagi loyihalar ishga tushsa, Oʻzbekiston volfram ishlab chiqarish boʻyicha yetakchi davlatlardan biriga aylanishi taʼkidlandi.

Mutasaddilarga Gʻallaoroldagi oltin resursiga ega istiqbolli maydonga investor jalb qilish, Forishdagi qoʻrgʻoshin-rux konida geologiya-qidiruv ishlarini yakunlash, Arnasoydagi uran zaxirasi aniqlangan konning texnik-iqtisodiy asosini yakunlash topshirildi.

“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasidagi 510 million dollarlik 30 ta loyiha hisobiga 10 mingga yaqin odamning bandligi taʼminlandi. Bu yerda yana 540 million dollarlik loyihalar jadal ketmoqda.

Tadbirkorlar yangi loyihalar uchun sanoat zonasini yetarli quvvatda elektr bilan taʼminlash va suv tozalash inshootini qurib berishni soʻramoqda.

Energetika vazirligiga bu yerga 40 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoq tortib kelib, 40 megavattli podstansiya qurish topshirildi. 2026-yil sanoat zonalari infratuzilmasini rivojlantirish dasturida “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida suv tozalash inshooti qurish uchun 100 milliard soʻm nazarda tutiladi.

Sanoatning energiya bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish uchun joriy yil 200 megavatt, keyingi yil 300 megavattli quvvatlar yaratiladi. Bunga qoʻshimcha 30 megavattli 150 ta kichik va mini GESlar ishga tushiriladi.

Viloyatda infratuzilmani yaxshilash va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kelasi yil qariyb 10 trillion soʻm resurs berilishi eʼlon qilindi.

Baxmal va Zomin tumanlaridagi togʻli hududlarni yagona turizm halqasiga birlashtirish orqali yuzlab servis obyektlarini ishga tushirish, minglab odamlarni ishli qilish, turizm eksportini karrasiga oshirish mumkinligi taʼkidlandi.

Mutasaddilarga kelgusi yilda “Zomin – Baxmal – Gʻallaorol” yoʻlining 158 kilometr qismini taʼmirlashni boshlash topshirildi. Baxmal tumanida 39 gektar maydonda 40 million dollar investitsiya hisobiga turizm klasterini tashkil qilish tashabbusi maʼqullandi. Baxmalga ham “turizm tumani” maqomi berilishi belgilandi.

Arnasoy aeroportida katta samolyotlarni ham qabul qilish imkonini yaratish zarurligi qayd etildi. Bundan tashqari, Aydar-Arnasoy koʻligacha temir yoʻl ham olib kelinadi.

Prezidentimiz qishloq xoʻjaligiga alohida eʼtibor qaratdi.

Viloyatdagi jami 900 ming gektar lalmi va yaylov yerlarining 110 ming gektari zaxirada turgani, ularda ozuqa, moyli ekinlar ekish va sanoat bogʻlarini yaratish orqali kamida 20 ming odamni ishli qilish mumkinligi taʼkidlandi.

Shuningdek, viloyatdagi koʻplab chorvador va fermerlar ozuqa va meva-sabzavot yetishtirishda suv nasosiga sarflangan elektr uchun subsidiyani har oyning boshida toʻlab berishni soʻragan. Mutasaddilarga butun respublikada ushbu subsidiyalarni oy boshida beradigan tizim qilish muhim ekani koʻrsatib oʻtildi.

Kartoshkachilikni rivojlantirish borasida Jizzax viloyati namuna boʻlishi kerakligi taʼkidlandi. 2026-yildan boshlab kartoshka yetishtiruvchilarni qoʻllab-quvvatlashning yangi mexanizmlari joriy etilishi belgilandi.

Bunda mineral oʻgʻit, texnika, yoqilgʻi va boshqa xarajat uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan bir yil muddatga 12 foizli kredit ajratiladi. Kreditlarning 50 foizgacha qismiga kafillik taqdim etiladi, sugʻorish nasoslariga quyosh paneli oʻrnatish xarajatining yarmi qoplab beriladi.

Kelgusi yildan sugʻorish nasoslarining elektr xarajatini 50 foizi qoplab beriladi, chetdan olib kelingan kartoshka ekish va yigʻib olish texnikalari bojxona bojlaridan ozod qilinadi.

Shuningdek, superelita va elita urugʻlarini fermerlarga yetkazib berishgacha boʻlgan davrda muzlatkichli omborxonalarda saqlash xarajatining 50 foizini qoplab berish mexanizmi joriy qilinadi.

Bundan tashqari, Baxmaldagi bogʻdorchilik xoʻjaliklari uchun bir qator yangiliklar eʼlon qilindi. Xususan, intensiv bogʻ tashkil qilishda 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan 14 foizdan kredit beriladi. Mevaning turiga qarab, shpalyerlar uchun 20 ming soʻmdan 70 ming soʻmgacha subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, muzlatkichli omborlar uchun kredit foizini asosiy stavkadan oshgan 8 foizgacha qismi qoplab beriladi. Meva-sabzavot eksportchilari va bogʻbonlarga ham qadoqlash xarajatlarining 50 foizini qoplash uchun subsidiya toʻlanadi.

Umuman, kelasi yili bogʻdorchilik boʻyicha Baxmalda tajriba maktabi yaratilib, ushbu imtiyozlar butun respublikada joriy qilinadi.

AQSHlik hamkorlar bilan Zominda parrandachilik boʻyicha yirik naslchilik korxonasi tashkil qilinmoqda. Ushbu klasterda 100 ming bosh quvvatdagi birinchi naslli ona tovuq va 9 million dona inkubatsion tuxum ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Bu unikal loyiha respublikada parrandachilikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Qurilish va infratuzilma masalalari muhokama qilinar ekan, ijtimoiy xizmatlar, mehnat bozori va infratuzilmani markazdan uzoq mahallalar aholisiga yaqinlashtirish zarurligi qayd etildi.

Urbanizatsiya milliy qoʻmitasi va viloyat hokimligiga Yevropadan mutaxassislarni jalb qilib, Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumanini yagona aglomeratsiya asosida rivojlantirish boʻyicha master-reja ishlab chiqish topshirildi.

Viloyat aholisining talab va istaklarini inobatga olib, Jizzax shahridagi tirbandlikni bartaraf etish uchun 10 kilometrli aylanma yoʻl quriladi. Shuningdek, Dashtobod shaharchasi va Xovos tumani oʻrtasidagi temir yoʻl ustidan ham yangi koʻprik qurilishi boshlandi.

– Bugun sizlar bilan viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha oldimizda turgan yangi vazifalarni belgilab, asosiy masalalarni muhokama qilib oldik. Bu saʼy-harakatlar va qabul qilayotgan qarorlarimizdan maqsad bitta – shu yerda yashab, mehnat qilayotgan odamlarni rozi qilish, viloyatni har tomonlama rivojlangan hududga aylantirish, – dedi davlatimiz rahbari yigʻilish yakunida.

Sessiya davomida viloyat va tuman hokimlarining hisobotlari, faollarning fikrlari tinglandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?