Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?

15:52 21 Noyabr 2025 Jamiyat
86 0

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Shu kunlarda Toshkent shahri havosi eng ifloslangan shaharlar reytingida yetakchi oʻrinlarda qayd etib kelinmoqda. Shu munosabat bilan mutaxassislar aholini ehtiyot choralarini koʻrish, ochiq havodagi faollikni cheklash va niqob taqishga chaqirmoqda.

Atmosfera havosi ifloslanishi monitoringi avtomatik stansiyalari maʼlumotlariga koʻra, bugun, 21-noyabr kuni soat 09:00 da olingan monitoring maʼlumotlariga asosan, shahri atmosfera havosida PM2,5-mayda dispersli zarrachalar miqdori ruxsat etilgan meʼyordan 3,1 barobar yuqori qayd etildi.

AQAir portali reytingida bugun, 21-noyabr kuni soat 14:00 holatiga koʻra, Toshkent dunyodagi havosi eng ifloslangan shaharlar roʻyxatida 2-oʻrinda qayd etilgan.

Hududlar kesimida esa Beshyogʻoch stansiyasi havosi eng ifloslangan joy sifatida koʻrsatilgan.

Toshkent shahar hokimligi va Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan poytaxt aholisini tashvishga solayotgan mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida yoʻl qoplamasiga suv sepish va yashil hududlarni sugʻorish choralari koʻrilayotgani maʼlum qilindi.

Hokimlik, shuningdek, bu yilgi favvoralar mavsumi tugagan boʻlishiga qaramay, poytaxtdagi barcha favvoralar hamda mikroiqlim qurilmalari ishga tushirilayotganini bildirdi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Taʼkidlanishicha, shahar muhitining yuqori changlanishi sharoitida eng tezkor samarali choralardan biri — yoʻl qoplamasi va unga yaqin hududlarni namlashdir. Bu usul ilmiy asosga ega boʻlib, dunyoning koʻplab yirik shaharlarida ifloslanish avj olgan davrlarda qoʻllaniladi.

Aytish joizki, yoʻllarga suv sepish muammoni butunlay hal qilmaydi, ammo bir necha soat ichida chang miqdorini sezilarli darajada kamaytiradigan tezkor chora hisoblanadi. Shu sababli, hokimiyat tomonidan tegishli idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan tizimli ishlar bilan bir qatorda:

• issiqxona xoʻjaliklarida reydlar oʻtkazish,

• qozonxonalarga filtrlar oʻrnatish,

• ekologik nazoratni kuchaytirish choralari koʻrilmoqda.

Yoʻllarga suv sepish ham shaharda havo ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan kompleks yondashuvning bir qismidir.

Nega bu usul samarali?

Chang zarralarini kamaytirish

Havo ifloslanishining asosiy manbai — PM10 va PM2.5 oʻlchamdagi mayda chang zarralaridir. Yoʻl namlanganda ushbu mayda zarrachalar suv bilan aralashib, yerga choʻkadi va atmosferaga qayta koʻtarilib ketishining oldi olinadi.

Ikkinchi darajali changlanishni kamaytirish

Avtomobillar harakatlanayotganda yoʻl yuzasidagi quruq chang doim koʻtarib turadi. Namlangan yoʻl esa “ikkilamchi changlanish”ni sezilarli kamaytiradi. Xalqaro tadqiqotlarga koʻra, bu koʻrsatkich shahar PM chiqindilarining 25–40 foiz ini tashkil qilishi mumkin.

Mikroiqlimni sovitish

Yoʻllarga suv sepish va yashil zonalarning sugʻorilishi haroratni pasaytiradi. Yuqori haroratda chang havoda uzoqroq vaqt saqlanib qoladi, ifloslantiruvchi moddalar kimyoviy reaksiyalari tezlashadi. Namlash esa bu jarayonni sekinlashtiradi va zarrachalarning tezroq choʻkishini taʼminlaydi.

Yashillikni qoʻllab-quvvatlash

Ifloslanishning yuqori davrlarida daraxt va butalarni sugʻorish — faqat parvarish emas, balki shahar tabiiy filtrlarini qoʻllab-quvvatlashdir. Oʻsimliklar changni barglari orqali ushlab, havodagi PM miqdorini kamaytiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?