Xalqaro hamjamiyat Suriyani qayta tiklash uchun qariyb 6 milliard yevro ajratadi

13:14 18 Mart 2025 Dunyo
232 0

Oʻn toʻrt yillik fuqarolar urushi davrida Suriya iqtisodiyoti tanazzulga yuz tutdi. Shu sababli Xalqaro hamjamiyat mamlakatni tiklash uchun 5,8 milliard yevro pul ajratadi, deb xabar bermoqda “Al Jazeera” nashri.

Unga koʻra, Gʻarb davlatlari Bryusselda fuqarolar urushidan keyin mamlakatni qayta tiklashga yordam berishga qaratilgan anjumanda ishtirok etishdi.

Bryusselda boʻlib oʻtgan mazkur konferensiyasida Yevrokomissiya raisi oʻrinbosari Dubravka Shuysa Suriyani qayta tiklash uchun qariyb 6 milliard yevro mablagʻ ajratilishini maʼlum qilgan.

“Yevropa Ittifoqi va xalqaro hamjamiyat Suriyani tiklash uchun 5,8 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam ajratishga kelishib oldi. Ushbu mablagʻning 4,2 milliard yevrosi grant sifatida beriladi. 1,6 milliard yevro esa kredit shaklida ajratiladi”, — deydi Shuysa.

Bundan tashqari, anjuman davomida Yevropa Ittifoqining oʻzi Suriyaga 2,5 milliard yevro miqdorida yordam berishga vaʼda bergan.

“Suriyaliklar xorijda boʻladimi yoki uyga qaytishga qaror qiladimi, koʻproq qoʻllab-quvvatlashga muhtoj va shu sababli bugun Yevropa Ittifoqi mamlakatdagi va mintaqadagi suriyaliklar uchun 2,5 milliard yevro ajratadi”, — deydi Yevropa komissiyasi rahbari Ursula Leyen.

Shuningdek, Germaniya ham Suriya aholisi hamda urush vaqtida mamlakatni tark etishga majbur boʻlgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash uchun 300 million yevro ajratishini maʼlum qildi.

“Suriyaning kelajagi yaxshi boʻlishi uchun mamlakatda barqaror siyosiy jarayonlar boʻlishi kerak”, — deya nutqini yakunlagan Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok.

BMT Loyihalar xizmati boshqarmasi rahbari Xorxe Moreyra da Silva Suriyadagi eng muammoli sohalar energetika, sogʻliqni saqlash, taʼlim, ichimlik suvi taʼminoti hamda transport tizimlariga toʻgʻri kelishini aytib oʻtdi. Suriya hamon iqtisodiy va ijtimoiy inqirozni boshidan kechirmoqda, deb qoʻshimcha qilgan BMT vakili.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq, Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara besh yillik oʻtish davri uchun moʻljallangan vaqtinchalik konstitutsiyaviy deklaratsiyani imzolagan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?