Fargʻonadagi bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida shu yilning oʻtgan davrida 700 ortiq jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi

12:18 02 Dekabr 2025 Jamiyat
128 0

Fargʻona shahridagi viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida barcha qulayliklar muhayyo etilgan.

Bu sohaga qaratilgan eʼtibor va ragʻbat tufayli 2022-yili tibbiyot markazining 90 oʻrinli yangi binosi qurib bitkazildi. Ayni paytda bu yerda eng murakkab jarrohlik amaliyotlari oʻtkazishga moʻljallangan va jahon andozalari darajasida jihozlangan 3 ta maxsus xona bor.

Shuningdek, bugungi kunda ushbu markazda onkogematologiya, kardio va neyrojarrohlik, chaqaloqlar jarrohligi hamda jonlantirish boʻlimlari faoliyat koʻrsatmoqda.

Xalqaro hamkorlik doirasida oʻzaro tajriba almashish faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, poytaxtdagi va xorijning nufuzli tibbiyot markazlari shifokorlari bilan birgalikda avval imkonsiz boʻlgan murakkab amaliyotlar bajarilayotir. Oʻz navbatida markaz shifokorlari muntazam ravishda dunyoning koʻplab davlatlarida sohaga oid amaliy bilim va koʻnikmalarini oshirib kelish imkoniga ega.

—Birgina joriy yilning oʻtgan davrida 3 ta zamonaviy jarrohlik amaliyotlari xonasida 700 dan ziyod operatsiya amalga oshirildi,—deydi Fargʻona viloyati bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Shahobiddin Qoʻchqorov.—Xususan, ularning 231 tasi yurak,, 236 ta neyrojarrohlik hamda 240 tasi chaqaloqlarda uchraydigan tugʻma nuqsonlarni bartaraf etishga qaratilgan jarrohlik amaliyotlaridir.

Shu bilan birga, yangilanishlar samarasi sifatida endilikda markazda ehtiyoj tugʻilganda yangi tugʻilgan chaqaloqlarda ham tunu kun shoshilinch amaliyotlar oʻtkazilmoqda. Jarrohlik amaliyotidan soʻng kichkintoylar maʼlum muddat jonlantirish boʻlimida intensiv usulda davolanadi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?