Zarafshonda ichki ishlar organlari xodimlariga yangi uy-joylar topshirildi

16:21 13 Yanvar 2021 Jamiyat
1295 0

Vatan tinchligi va osoyishtaligini himoya qilish sharaf. Binobarin bu masʼuliyatli vazifani zimmaga olgan oʻgʻlonlarni har tomonlama koʻllab-quvvatlash, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash ham davlatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan biri boʻlib kelgan.

Chunonchi, Navoiy viloyatida IIB shaxsiy tarkibni ijtimoiy himoya qilish, ularning yashash va xizmat sharoitlarini yaxshilash maqsadida oʻnlab xizmat uylari qurilib, soʻnggi yillarda 138 nafar uy-joyga ehtiyoji yuqori boʻlgan, xizmat faoliyati davomida jasorat koʻrsatib, qahramonlarcha halok boʻlgan hamda hamkasblari orasida alohida namuna koʻrsatgan xodimlarning oila aʼzolariga topshirildi. Shuningdek, imtiyozli ipoteka krediti asosida 5 ta zamonaviy koʻp qavatli uy-joylar qurilib, tinch va osoyishta hayotimiz posbonlariga berildi.

Ayni bayram arafasida esa navbatdagi uy-joylarning oʻz egalariga topshirilishi Zarafshon shahridagi IIOlari xodimlar uchun ham munosib tuhfadir. Shaharning “Matonat” koʻchasida qad rostlagan 5 qavatli, 30 xonadonga moʻljallangan koʻrkam va fayzli uy-joy 30 nafar xodim va ularning oila aʼzolariga “Vatan himoyachilari kuni”ning eng aziz sovgʻasi boʻldi.

— Biz har doim davlatimizning gʻamxoʻrligini his etib xizmat va mehnatimizni olib boramiz, – deydi Zarafshon shahar IIO FMB MvaFRG xodimi, safdor Shahboz Saʼdullayev. — Yosh oila boʻlganligimiz bois, turmush oʻrtogʻim bilan ijarada yashash bizga anchagina noqulay vaziyatlarni yuzaga keltirardi. Bugun fayzli xonadon egasiga aylandik. Bildirilgan ishonchni oqlagan holda, Vatanim uchun sadoqat bilan xizmat qilishga vaʼda beraman.

— Oʻz taqdirini ona yurtning osuda hayoti uchun baxshida etgan fidoyilar mehnatidan xalqimiz cheksiz minnatdor va bu xizmatni ular munosib qadrlaydilar, — deydi viloyat IIB boshligʻi oʻrinbosari v.b. podpolkovnik Zavqiddin Xoʻjanov. — Ayniqsa, ularning tahlikali epidemiologik vaziyatda koʻrsatgan jasorati, jamoat tartibini saqlash va tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash yoʻlida amalga oshirgan mardona saʼy-harakati, fuqarolarning erkinliklarini taʼminlash borasida oʻz hayotini jiddiy xavf ostida qoldirib koʻrsatgan jonbozligi tahsinga loyiqdir. Soha xodimlari uchun eng yuksak baxt esa xalq ishonchi hamda hamfikrligidir!

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?