Toshkentda bankni oʻmarmoqchi boʻlgan kiberjinoyatchilar ushlandi
Foto: Videodan kadr
Toshkent shahridagi banklarning birini oʻmarmoqchi boʻlgan kiberjinoyatchilar ish ustida dalillar bilan qoʻlga olindi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilgan. Natijada, bank hisob raqamlari hamda bank ilovasiga ulangan fuqarolarning plastik kartalarida saqlanayotgan pul mablagʻlarini xakerlik hujumi orqali noqonuniy oʻzlashtirishga uringan shaxslarning qilmishlari fosh etilgan.
Xususan, aniqlanishicha, Toshkent shahridagi banklardan birining sobiq xodimi hozirgi kunda mazkur bankda mutaxassis lavozimida ishlovchi tanishidan bankning dasturiy taʼminoti va hisob raqamlariga kirish imkoniyatini beruvchi kodlarni 6500 AQSH dollari evaziga sotib olgan.
Soʻngra, u Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumanida yashovchi, 51 yoshli muqaddam firibgarlik bilan bogʻliq jinoyatlari uchun 3 marotaba sudlangan shaxs hamda Toshkent viloyatining Qibray tumanida istiqomat qiluvchi, 35 yoshli fuqaro bilan oʻzaro til biriktirib, dastlab bank hisob raqamlarida hamda bank ilovasiga ulangan fuqarolarning plastik kartalarida saqlanayotgan jami 370 mlrd. soʻm mablagʻni xaker jalb qilgan holda oʻgʻirlashni, keyin esa offshor hududlar orqali chet eldagi tanishlariga tegishli hisob raqamlarga oʻtkazishni reja qilishadi.
Qonunbuzarlar 189 mlrd. soʻmni chet el valyutasiga konvertatsiya qilishga va offshor hududlar orqali xorijdagi hisob raqamiga oʻtkazishga uringan vaqtlarida jinoyat ustida qoʻlga olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, ular oʻzlarining qabih niyatlari amalga oshgan taqdirda, goʻyoki bankning dasturiy taʼminotiga chet eldan xakerlik hujumi boʻlganligi toʻgʻrisida yolgʻon maʼlumot tarqatishni rejalashtirishgan.
Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,169-moddasi 4-qismi “a” bandi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Barselona” La Ligada navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
- Bugun 2026-yilgi Jahon chempionatiga qurʼa tashlanadi
- Prezident poytaxtda transport tizimini yangilashga doir muhim qarorni imzoladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring