Inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi

12:02 06 Dekabr 2025 Siyosat
142 0

Bu yil mustaqil davlatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligini keng nishonlaymiz. Asosiy Qonun milliy davlatchiligimiz, suverenitetimiz, erishilgan barcha yutuq va marralar, demokratik huquqiy davlat barpo etish yoʻlidagi saʼy-harakatlarning mustahkam poydevori hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyasi mamlakatimizda huquqiy davlat qurish, inson huquq va erkinliklarini oliy qadriyat sifatida tan olish hamda jamiyatda qonun ustuvorligini amalda qaror toptirish yoʻlida sifat jihatdan yangi bosqichni boshlab berdi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Hech shubhasiz, davlatimiz rahbari asos solgan taraqqiyotimizning yangi bosqichida jamiyatda adolatni qaror toptirish, qonuniylikni mustahkamlash hamda inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha keng qamrovli va misli koʻrilmagan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Bosh qomusimizga muvofiq, davlat organlari faoliyati barcha jabhada inson manfaatlarini taʼminlash, adolat hamda ochiqlik tamoyillariga asoslanishi lozim. Shu jumladan, prokuratura organlari Konstitutsiyada belgilangan ushbu yuksak maqsadlarni amalga oshirishda muhim oʻrin tutadi.

Qonunlarning aniq va bir xil ijro etilishi ustidan umumiy nazoratni olib borish, fuqarolar, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish prokuraturaning asosiy vazifasi hisoblanadi.

Tashabbuslar samaralari

raqamlarda namoyon

Taraqqiyotimizning yangi bosqichida Prezidentimizning tizim faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan tashabbuslari samarasi oʻlaroq, har jihatdan oʻzgarib borayotgan prokuratura organlari bu kabi masʼuliyatli vazifalarni samarali amalga oshirish uchun barcha imkoniyatga va zarur salohiyatga ega.

Faoliyatimizning ayrim yoʻnalishlarida erishilayotgan natijalarga qisqacha toʻxtaladigan boʻlsak, prokuratura organlari tomonidan hududlarda aholi turmush tarzini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish, kambagʻallikni qisqartirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, voyaga yetmaganlarning taʼlim-tarbiyasi yoʻnalishlarida olib borilayotgan islohotlar asosida muayyan ishlar bajarilayotir.

Yurtboshimizning tegishli Farmoniga asosan kambagʻal oilalarni reyestrga kiritish va chiqarishning haqqoniyligi muntazam oʻrganib borilmoqda hamda oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida, ijtimoiy yordam mablagʻlarini olib kelayotgan 86 867 ta oila reyestrdan chiqarilishi natijasida, byudjetdan 30 mlrd. soʻm iqtisod qilinishiga erishilgan.

Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha 28 720 nafar tadbirkorga amaliy yordam koʻrsatildi, jumladan, 4 762 nafar tadbirkorga 924,4 mlrd. soʻm kredit, 1 143 nafariga 508 gektar yer maydoni va 136 nafariga bino ajratilishida, 655 nafariga ruxsatnoma va litsenziya berilishida, 10 588 nafariga muhandislik tizimlariga ulanishida, 11 436 nafariga boshqa masalalarda koʻmaklashildi. Natijada 6 160 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, 9 310 tasi faoliyati tiklandi, 23 201 ta ish oʻrni yaratilishiga erishildi.

Voyaga yetmaganlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, ularni qonunga itoatkorlik hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida har bir tuman-shahardan bittadan maktab prokurorlar tomonidan otaliqqa olinib, ularga manzilli koʻmaklashish choralari koʻrib borilmoqda.

Bu borada har bir maktab boʻyicha alohida tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturlari ijrosi taʼminlanib, “Prokuror — maktab — mahalla — ota-ona — oʻquvchi” tamoyili asosida jismonan va maʼnan yetuk yosh avlodni tarbiyalash, ularning huquq va manfaatlari himoyasiga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Huquqni muhofaza qilish akademiyasining professor-oʻqituvchilari tomonidan tuman-shahar prokurorlariga biriktirilgan maktablarda oʻqituvchilar uchun zamonaviy pedagogika va kasbga yoʻnaltirish borasida mahorat darslari oʻtkazilib, soddalashtirilgan “200+ taqiqlar” nomli oʻquv qoʻllanma ishlab chiqildi.

Prokuratura

zimmasidagi masʼuliyat

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya inson huquq va erkinliklarini taʼminlash sohasida tub yangiliklarni mustahkamlab, ularning buzilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar, jumladan, prokuratura zimmasiga masʼuliyat yuklaydi. Bu esa har bir murojaatni oʻz vaqtida, xolis va qonuniy koʻrib chiqishni, fuqarolarning buzilgan huquqlarini samarali tiklashni taqozo etadi.

Prokuraturaning butun tizimi inson huquqlarini himoya qilishni davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida anglab ish yuritishi shart. Har bir murojaat — insonning taqdiri, har bir qaror qonun ustuvorligiga berilgan bahodir. Xususan, prokuratura organlari tomonidan murojaatlar bilan ishlash hamda jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari qabulini tashkil etish bilan bogʻliq faoliyat samaradorligini koʻtarish borasida zarur chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, jismoniy hamda yuridik shaxslarning vakillari qabulini amalga oshirish, murojaatlarni koʻrib chiqish va hal etishda qonuniylik, xolislik tamoyillariga qatʼiy amal qilinishi ustidan nazorat oʻrnatilgan.

Tahlillarga koʻra, 2025-yilning oʻtgan davrida prokuratura organlariga kelib tushgan murojaatlar soni 332 300 (2024-yilda 380 978) tani tashkil etib, oʻtgan yilning mos davridagiga nisbatan 48 678 ta yoki 12,7 foizga kamaygan. Koʻrilgan choralar natijasida 48 512 (49 177) nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklangan. Shu bilan birga, ushbu davrda prokuratura organlari xodimlari tomonidan jami 250 560 nafar, shu jumladan, sayyor va ommaviy qabullarda 68 597 nafar jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari shaxsan qabul qilinib, muammolarini hal etish choralari koʻrilgan.

Prokuratura organlari tomonidan tergov va surishtiruv jarayonlarida shaxs daxlsizligi, aybsizlik prezumpsiyasi, himoya huquqining kafolatlanishi prinsiplariga qatʼiy rioya etishni taʼminlash ustuvor vazifa hisoblanadi. Noqonuniy bosim, majburlash yoki dalillarni soxtalashtirish holatlariga nisbatan mutlaq murosasizlik siyosati olib borilmoqda. Har bir ish boʻyicha adolatli, dalillarga asoslangan va qonun talablariga toʻla mos qaror qabul qilinishi prokuratura faoliyatining muhim mezonidir.

Taʼkidlash joizki, faoliyatda asosiy eʼtibor tergovni sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish, sohaga raqamli kriminalistikani joriy etish, nazoratni zamonaviy uslubda tashkil qilish, tergov jarayonida fuqarolarning huquq va erkinliklariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash, tergovchilarning malakasini oshirishga qaratildi.

Tergov jarayonidagi inson omili bilan bogʻliq qonun buzilishi, nuqson va kamchiliklarni keskin kamaytirish, ortiqcha qogʻozbozlik hamda byurokratiya va fuqarolar ovoragarchiliklarining oldini olish maqsadida sohani raqamlashtirish tarmoq oldida turgan dolzarb vazifa sifatida belgilandi.

Shunga asosan sudga qadar ish yuritishdagi dastlabki va eng muhim bosqich hisoblangan hodisa joyini koʻzdan kechirish tergov harakatini raqamlashtirish boʻyicha yaratilgan “E — tergov” dasturiy taʼminotini takomillashtirish chorasi koʻrildi. Xususan, bu borada tuzilgan ishchi guruh tomonidan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi” asosida ishlarni qisqa muddatda tamomlash choralari koʻrilib, Bosh prokurorga oʻtkazilgan taqdimot natijasiga koʻra, dasturiy taʼminot planshetlarga oʻrnatilgan holda barcha hududlarga yuborildi va sinov jarayonlari oʻtkazildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya davlat organlari ochiqligi va shaffofligini kuchaytirishni nazarda tutgan. Shu asosda prokuratura tizimida raqamlashtirish jarayonlari izchil davom ettirilmoqda.

“Raqamli prokuratura — 2030” strategiyasi — amalda

Bugun raqamlashtirish jamiyat ravnaqining asosiy mezonlaridan biriga aylandi. “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi kabi dasturiy hujjatlar asosida ustuvor vazifalar ham belgilab berildi.

Oʻtgan yillarda prokuratura organlarida ham mazkur vazifalar ijrosi boʻyicha muayyan ishlar qilindi. Bundan 6-yil oldin birorta axborot tizimi boʻlmagan idoramizda bugunga kelib, oʻz mutaxassislarimiz tomonidan yaratilgan 45 ta dastur ishga tushirildi.

Davlat organlarining 200 ta axborot tizimi bilan integratsiyalandi. Tizimni raqamlashtirish natijasida soʻnggi besh yilda 100 mlrd. soʻm iqtisod qilindi.

Prezidentimizning 2025-yil 3-noyabrdagi Farmoni bilan prokuratura organlari faoliyatini toʻliq raqamlashtirishga qaratilgan “Raqamli prokuratura — 2030” strategiyasi va “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Farmonda mamlakatda qonunlar ijrosi ustidan samarali nazoratni taʼminlash orqali qonun ustuvorligiga erishishga qaratilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Jumladan, murojaatlar bilan ishlashda inson omilini istisno etadigan sunʼiy intellekt joriy qilinadi. Natijada murojaatlarning sanoqli daqiqalarda ijrochiga yetkazilishiga hamda ularda koʻtarilgan masalalarning qisqa muddatda hal etilishiga erishiladi.

Bosh prokuraturaning axborot tizimiga vazirlik va idoralarning tizimlarini toʻliq integratsiya qilish ham koʻzda tutilmoqda. Tergov jarayonlariga joriy etiladigan axborot tizimi surishtiruv va tergovning barcha bosqichi ustidan real vaqt rejimida kundalik nazorat oʻrnatish imkonini beradi.

Jinoyat sudlarida boʻlgani kabi, fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy sudlar bilan ham prokuraturaning axborot tizimi integratsiya qilinadi. Bu esa prokurorlarning sud jarayonlarida real va samarali ishtirokini, sud amaliyotidan toʻliq xabardorligini masofaviy usulda taʼminlaydi, sud hujjatlariga nisbatan tezkor munosabat bildirish imkonini beradi.

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda sud-huquq tizimini, jumladan, prokuratura organlari faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlovni samarali taʼminlash borasida koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soʻnggi yillarda prokuratura organlari faoliyatining huquqiy asoslari takomillashtirilib, prokuraturaning huquqni himoya qilishga doir vakolatlari kuchaytirilishiga ustuvor ahamiyat berildi. Endilikda prokuratura organlari inson huquqlari, davlat va jamiyat manfaatlari himoyachisi sifatida yangicha huquqiy maqomda faoliyat yuritmoqda.

Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda birinchi instansiyada jami 416 699 ta ish koʻrilib, shundan prokuror ishtiroki majburiy boʻlgan 33 527 tasida ularning qatnashishi taʼminlangan. Bu davrda prokurorlar tomonidan sudlarga jami 103,2 mlrd. soʻmlik 1 883 ta daʼvo ariza kiritilib, shundan 96 mlrd. soʻmlik 102 030 tasi qanoatlantirilgan. Bu daʼvolar boʻyicha undirish belgilangan pul mablagʻining 12,1 mlrd. soʻmi amalda undirilgan.

Yoki boʻlmasa, joriy yilning 10 oyida respublika iqtisodiy sudlari tomonidan jami 562 319 ta ish koʻrilgan. Ularning 13 896 tasida prokuror ishtirok etib, sudlarga nizolarni qonuniy hal etish yuzasidan asoslantirilgan fikrlar berilgan. Prokurorlar tomonidan sudlarga jami 1 trln. 47 mlrd. soʻmlik 5 284 ta daʼvo arizasi kiritilgan. Ushbu daʼvo arizalarining sudlarda koʻrilishida 573,2 mlrd. soʻmlik 4 997 tasini yoki 93,7 foizi qanoatlantirilishi taʼminlangan.

Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan prokuratura organlarida odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashish boʻyicha ixtisoslashgan prokurorlar korpusi tashkil etilishi, sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tengligi tamoyillarini toʻlaqonli roʻyobga chiqarishga hamda odil sudlov sifatini oshirishga xizmat qilmoqda. Xususan, oʻtgan davrda respublika sudlari tomonidan birinchi instansiyada 64 957 nafar shaxsga nisbatan 51 603 ta jinoyat ishi koʻrib chiqilgan boʻlib, ularning barchasida prokuror ishtiroki toʻliq taʼminlangan.

Norma ijodkorligi va malakali kadrlar

salohiyati

Soʻnggi yetti yil davomida Bosh prokuraturaning norma ijodkorligi faoliyatini roʻyobga chiqarish maqsadida 413 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqildi. Xususan, 156 ta qonun, Prezidentning 83 ta Farmoni, qarori va farmoyishi, Vazirlar Mahkamasining 129 ta qarori va farmoyishi, 45 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjat loyihasi tayyorlandi. Mazkur hujjatlarning 206 tasi qabul qilinib, amaliyotga joriy etildi.

Davlatimiz rahbari boshchiligida joriy yilning 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengash yigʻilishida korrupsiyaga qarshi kurashish, uni keltirib chiqarayotgan omillarni bartaraf etish borasida belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan joriy yilning 29-iyul kuni Bosh prokuror tomonidan davlatimiz rahbari huzurida maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish chora-tadbirlariga bagʻishlangan taqdimot oʻtkazilib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Barcha darajadagi prokuratura rahbarlari oldiga yangi tahrirdagi Konstitutsiya talablarini amaliyotga toʻliq joriy etish boʻyicha aniq vazifalar qoʻyilgan. Xodimlarning yuridik malakasini muntazam oshirish, xizmat intizomi va shaxsiy javobgarlikni kuchaytirish prokuratura organlarida ustuvor yoʻnalish sifatida belgilangan. Xodimlarning bilim va malakasini yanada chuqurlashtirish ishlari doimiy diqqat markazimizda boʻlmoqda.

Jumladan, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida 43 ta mavzuda 57 ta malaka oshirish kursi (shundan 30 tasi rejadan tashqari) oʻtkazilib, ularda jami 30 320 nafar xodim qatnashdi. Akademiyaning oʻquv-taʼlim portaliga joylashtirilgan 7 ta majburiy va 52 ta elektiv kurslarda jami 1 328 nafar xodimning ishtiroki taʼminlandi.

Shuningdek, masofaviy kurslarni sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida ishlab chiqish amaliyotga joriy etildi va hozirga qadar ushbu kurslarni 300 dan ortiq tinglovchilar muvaffaqiyatli yakunladi. Mazkur kurslarda 25 ta videodars va 16 ta videoli kazus bevosita sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida ishlab chiqilib, dars mashgʻulotlarida foydalanilmoqda.

Prokuratura organlari va muassasalariga xizmatga qabul qilish, xodimlarning maʼnaviy-intellektual salohiyatini, shaxsiy fazilatlarini va kasbiy mahoratini baholab borish, shuningdek, kadrlarga oid boshqa masalalarni kollegial tartibda hal etish maqsadida Malaka va Odob-axloq kengashlari tashkil etildi. Xodimlarda oʻz kasbidan iftixor tuygʻusini shakllantirish maqsadida prokuratura organlarida oʻz xizmati bilan alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlar uchun kasbiy tanlovlar muntazam oʻtkazib kelinmoqda.

“Tarixiy xotira

beqiyos”

Oʻzbekiston prokuraturasi boy meros va tarixga ega. Albatta, bunday bebaho merosni kelgusi avlodlarga yetkazish muqaddas burchimizdir. Shu maqsadda qariyb ikki yillik izlanishlar natijasida oʻtgan yili Bosh prokuratura muzeyi faoliyatini toʻla yoʻlga qoʻydik. Muzeyda prokuratura tarixida ilk bor 15 mingdan ortiq adabiyotlarga ega kutubxona faoliyat yuritmoqda.

Oʻzbekiston prokuratura organlari faxriylarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash jamoatchilik markazi tomonidan faxriylarga eʼtibor koʻrsatish, moddiy hamda ijtimoiy koʻmaklashish, ularning jamiyat hayotida faol qatnashishini taʼminlash, yuzaga kelgan hayotiy muammolarini hal etishda yordam berish kabi vazifalar ijrosi tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, qatagʻon qurboni boʻlgan prokuratura xodimlarining pok nomini tiklash va abadiylashtirish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, Bosh prokuror farmoyishi asosida 1917 — 1940-yillarda qatagʻon qilingan sohaning 160 nafar xodimi aniqlanib, ularning 80 nafari “Tarixiy xotira beqiyos” nomli maxsus kitobning 1 va 2-jildlariga kiritilib, chop etildi. Ushbu ishlar davom ettirilib, hozirda oʻsha yillarda qatagʻon qilingan yana 40 nafar xodimni qamrab olgan “Tarixiy xotira beqiyos” nomli maxsus kitobning 3-jildini nashrga tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

Aytish joizki, yangi tahrirdagi Konstitutsiya prokuratura faoliyati uchun mustahkam huquqiy poydevor boʻlib xizmat qilmoqda. Uning har bir normasi hayotga toʻliq tatbiq etilgan taqdirdagina fuqarolarning adolatga ishonchi ortadi, jamiyatda qonunga hurmat yuksaladi va davlatning huquqiy nufuzi yanada mustahkamlanadi.

Prokuratura organlari zimmasiga yuklangan ushbu masʼuliyatni toʻla anglagan holda, biz fuqarolar huquq hamda erkinliklarini ishonchli himoya qilish, qonun ustuvorligini taʼminlash yoʻlidagi faoliyatimizni izchil davom ettiramiz.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori va unga boʻysunuvchi prokurorlar amalga oshiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi

Konstitutsiyasining 143-moddasi.

Nigʻmatilla YOʻLDOSHEV,

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?