Bugun 2026-yilgi Jahon chempionatiga qurʼa tashlanadi

15:13 05 Dekabr 2025 Sport
590 0

Bugun, 5-dekabr Amerika Qoʻshma Shtatlari poytaxti Vashington shahrida 2026-yilgi futbol boʻyicha Jahon chempionatiga qurʼa tashlanadi. Ushbu marosim oldidan qurʼa mexanizmi bilan tanishamiz.

Umumiy qoidalar:

1. Qurʼada jamoalar 12 ta guruhga ajratiladi. Har bir guruhdan 4 tadan jamoa oʻrin oladi.

2. Qurʼadan oldin jamoalar FIFA reytingidagi oʻrni boʻyicha 4 ta savatchaga ajratiladi. Har bir savatchadan har bir guruhga bittadan jamoa yoʻl oladi.

Qurʼadagi cheklovlar:

Yevropa mintaqasidan boshqa har qaysi mintaqaning ikki jamoasi Jahon chempionatida bitta guruhdan oʻrin olmaydi. Masalan, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi toʻrtinchi savatchadagi Iordaniya yoki ikkinchi savatchadagi Yaponiya bilan bir guruhdan oʻrin olmaydi.

Faqatgina bu cheklov Yevropa jamoalari uchun amal qilmaydi. Sababi, mundialda UEFA'ning 16 ta terma jamoasi ishtirok etadi. Shu bilan birga qurʼa jarayonida har bir guruhda kamida bitta Yevropa jamoasi boʻlishi taʼminlanadi.

Qurʼa jarayoni qanday oʻtadi?

Qurʼada 39 ta terma jamoa va 6 ta pley-off uchun atalgan sharlar oq rangda boʻladi. Musobaqaga mezbonlik qiluvchi Meksika mamlakati yashil, AQSh qizil va Kanada koʻk rangda savatchaga joylashtiriladi. Bu orqali mezbon jamoalarni dastlabki 3 ta guruhdan oʻrin olishi taʼminlanadi.

FIFA reytingida dastlabki 2-oʻrinni egallab turgan terma jamoalar — Ispaniya va Argentinani finalga qadar bir-biriga raqib boʻlmasligi taʼminlanadi. Yaʼni, agar Ispaniya E, I, F, H yoki G guruhlaridan oʻrin olsa, avtomatik ravishda Argentina termasi C, L, J, K guruhlaridan biriga joylashtiriladi.

Xuddi shu tartib bilan FIFA reytingida uchinchi va toʻrtinchi oʻrinni egallab turgan Fransiya va Angliya terma jamoalarining ham finalga qadar oʻzaro toʻqnash kelmasligi taʼminlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?