AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi

11:09 06 Dekabr 2025 Dunyo
385 0

AQSH Yevropadan 2027-yilga qadar NATO doirasidagi majburiyatlarning asosiy qismini, xususan, raketa ishlab chiqarish va razvedka maʼlumotlarini toʻplash masʼuliyatini oʻz zimmasiga olishni talab qildi. Bu haqda Reuters beshta manbaga tayanib xabar berdi.

Pentagon vakillari bu talabni dekabr oyi boshida Vashingtonda Yevropa diplomatlariga yetkazgan. Uchrashuvda AQSH Mudofaa vazirligi vakillari, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin Yevropaning mudofaa salohiyatini oshirish surʼatidan AQSH hali ham qoniqmayotganini taʼkidlagan.

Pentagon maʼlum qilishicha, agar Yevropa 2027-yilgacha belgilangan vazifalarni bajara olmasa, AQSH NATOning ayrim mudofaa mexanizmlarida ishtirokini toʻxtatishi mumkin. Qaysi mexanizmlar nazarda tutilgani ochiqlanmagan. Shuningdek, AQSH Yevropaning rivojlanishini qanday mezonlar asosida baholashi ham maʼlum emas.

Bir nechta yevropalik mansabdorlar bu muddatni real emas deb baholagan. Ularga koʻra, Yevropaning AQSH imkoniyatlarini toʻliq oʻrnini bosishi uchun faqat investitsiyalar va siyosiy qarorlar yetarli emas.

Reutersʼga NATOning rasmiy vakili shunday deydi: Yevropa mamlakatlari oʻz xavfsizligi uchun javobgarlikni koʻproq oʻz zimmasiga olishni boshlagan. Ammo AQSH belgilagan 2027-yilga oid muddat haqida u fikr bildirmagan.

AQSH prezidenti Donald Tramp bir necha bor omma oldida Yevropani oʻz xavfsizligi uchun koʻproq mablagʻ sarflashga chaqirgan, Vashington himoyasiga suyanmaslikni taʼkidlagan.

Sentyabr oyi boshida Financial Times AQSH Yevropaning sharqiy qismidagi mamlakatlar uchun harbiy tayyorgarlik va jihozlash dasturiga moliyalashtirishni toʻxtatgani haqida xabar bergan edi. “333-seksiya” nomi bilan tanilgan ushbu dastur doirasida Pentagon dunyo boʻylab ittifoqchi mamlakatlar harbiylarini tayyorlaydi va jihozlaydi. Yevropada bu yordamning asosiy oluvchilari Estoniya, Latviya va Litva hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?