Prezident poytaxtda transport tizimini yangilashga doir muhim qarorni imzoladi

18:10 05 Dekabr 2025 Hujjatlar
602 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida transport tizimini tubdan yangilashga qaratilgan qarorni imzoladi. Hujjatga muvofiq:

• poytaxtda yoʻl harakatini boshqarishning mutlaqo yangi modeli joriy etiladi. Yoʻl harakatini tashkil etish markazi tashkil etilib, u transport, piyoda va yoʻlovchi oqimlarini real vaqtda monitoring qilish, boshqarish va xavfsizlikni taʼminlash vakolatiga ega boʻladi;

• Intellektual transport tizimi (ITT) shakllantiriladi. Kameralar, sensorlar, svetoforlar, jamoat transporti harakati, navigatsiya, vazn-hajm nazorati va barcha xizmatlar yagona platformaga ulanadi.

ITT Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining Situatsion markaziga integratsiya qilinadi. Avtotransport vositalarining ekologik normativlarga mosligi avtomatik baholanadi va ekologik zonasiga mos kelmaydigan transport vositalarini aniqlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi;

• 2030-yilgacha jamoat transportidan foydalanish ulushini 60 foizga, elektrobuslar ulushini 50 foizga, avtobuslarning oʻrtacha harakat tezligini 18 km soatdan 24 km soatga yetkazish, 1 ming kilometr avtomobil yoʻllarini taʼmirlash, 16 ta tonnel va yoʻl oʻtkazgich, 700 ta “aqlli” chorrahani barpo etish, metropoliten tarmogʻining uzunligini 103 kilometrga yetkazish, 170 kilometr velosiped va 200 kilometr piyoda yoʻlaklarini tashkil etish maqsadli koʻrsatkichlar sifatida belgilab olindi;

• yoʻl va transport infratuzilmasi uchun maxsus jamgʻarma tashkil etildi. Jarimalar, “Xavfsiz shahar” tushumlari, reklama tushumlari va boshqa manbalar jamgʻarmaga yoʻnaltiriladi. Mablagʻlar transport master rejasi, ITT, muhandislik yechimlari, infratuzilmaviy loyihalar, avtobus yoʻlaklari va svetoforlarni modernizatsiya qilishga sarflanadi;

• yoʻl-transport sohasidagi bir qator vakolatlar 2028-yilgacha huquqiy eksperiment sifatida markazga oʻtkaziladi. Bu Toshkentda transportni yagona markazlashgan tizim orqali samarali boshqarish imkonini beradi;

• Toshkent koʻchalari, yoʻl kesishmalari, koʻpriklar va yoʻl oʻtkazgichlari boʻyicha katta infratuzilmaviy dastur amalga oshiriladi: avtobuslar uchun alohida yoʻlaklar, intellektual svetoforlar joriy etiladi, koʻchalar kompleks tarzda rekonstruksiya qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?