“Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
Tarix – ajdodlar qismatiga tushgan sinovlarni eslatib turadigan bebaho xotira. Baʼzan bir insonning bosib oʻtgan yoʻli butun bir xalqning ruhiy qudratini namoyon etadi. Matonat, fidoyilik va ilmga sadoqat bilan oʻtilgan hayot bugungi yoshlar uchun ibrat maktabi boʻlib xizmat qiladi. Ana shunday unutilmas taqdirlardan biri – XX asr boshida Germaniyaga oʻqishga yuborilib, siyosiy qatagʻonlar qurboniga aylangan kamtar, ilmparvar ayol Maryam Sultonmurodovaning hayot yoʻlidir.

Shu maʼnoda, Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 4-noyabrdagi 691-sonli qarori ijrosi doirasida Kinematografiya agentligi tomonidan yaratilgan “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi. Filmning ilk umummilliy premyerasi Oʻzbekiston Milliy kino sanʼati saroyida hamda mamlakatimizning barcha viloyat kinoteatrlarida bir vaqtning oʻzida oʻtkazildi.


Badiiy-publitsistik yoʻnalishda suratga olingan ushbu film Olmoniya yurtida tahsil olib, oʻz bilimini Vatani ravnaqi yoʻlida sarflashni niyat qilgan, biroq qatagʻonlarning ayanchli girdobiga tushgan Maryam Sultonmurodovaning hayot yoʻlini keng yoritadi. Uning jurnalist sifatidagi fidoyiligi, mehribon hamshiraligi va eng muhimi, matonatidan saboq beruvchi insoniy fazilatlari asarning bosh gʻoyasini tashkil etadi.


Taqdimot Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oʻzbekiston Mahallalari uyushmasi hamkorligida tashkil etildi. Film mamlakatimizda 25-noyabr – Xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikni bartaraf etish xalqaro kuni munosabati bilan oʻtkazilayotgan 16 kunlik global aksiya doirasida namoyish qilinayotgani bilan ham ahamiyatlidir. Bu esa ayollar huquqlari, jamiyatdagi mavqei va qadr-qimmati borasida keng jamoatchilik fikrini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Bir vaqtning oʻzida boshlangan tadbir Toshkent viloyatining Nurafshon shahridagi “Vatanparvar” bogʻida ham boʻlib oʻtdi. Unda viloyatning keng jamoatchilik vakillari, koʻplab korxona, tashkilot xodimlari ishtirok etdi.
Ochiq osmon ostidagi tomosha yoshlarga tarix saboqlarini eslatdi, ularni matonatli insonlar hayotidan ibrat olishga undadi. Yoshlar ongida milliy xotirani mustahkamlash, maʼnaviy dunyoqarashni boyitish, tarixiy haqiqatlarni chuqur anglash premyeraning asosiy maqsadlaridan biri boʻldi.
Ulugʻbek Roʻzimatov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- Elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari uchun asbob-uskunalar bojxona bojidan ozod qilinadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring