Qozogʻistonda ota-ona qaramogʻisiz qolgan bola Oʻzbekistonga qaytarildi

15:32 21 May 2025 Jamiyat
123 0

Oilasiga moddiy koʻmak koʻrsatish maqsadida ishlash uchun Qozogʻistonga borgan voyaga yetmagan oʻzbekistonlik bola vatanga qaytarildi. Bu haqida Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

Unda aytilishicha, 2025-yil 7-aprel kuni voyaga yetmagan bola oila aʼzolariga moddiy koʻmak koʻrsatish maqsadida oʻqishni tashlab, amakisi hamrohligida Qozogʻiston Respublikasiga joʻnab ketgan.

Shundan soʻng, 2025-yil 2-may kuni Qozogʻiston Respublikasida ushbu voyaga yetmagan Oʻzbekiston fuqarosi ota-ona qaramogʻisiz qolgan holatda aniqlanib, maxsus ijtimoiy xizmatlar muassasasiga joylashtirilgan.

“Bola Qozogʻistonga ishonchnoma asosida olib oʻtilgan boʻlsada, mamlakat amaldagi qonunchiligiga muvofiq, bunday muassasalardan voyaga yetmagan shaxsni faqat uning ota-onasi olib chiqish huquqiga ega”, — deyiladi agentlik xabarida.

2025-yil 20-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan koʻrilgan tezkor choralar natijasida voyaga yetmagan bola Oʻzbekistonga qaytarilgan.

Hozirda bola qonuniy vakili — onasiga topshirilgan. Keyingi bosqichda esa uning yashash hududi boʻyicha reabilitatsiya choralari va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash ishlari tizimli ravishda davom ettiriladi.

Maʼlumot uchun, joriy yil boshidan buyon Qozogʻistondan jami 12 nafar ota-ona qaramogʻisiz qolgan voyaga yetmagan Oʻzbekiston fuqarosi vatanga qaytarilgan. Hozirda yana 5 nafar bola davlat yordami asosida Oʻzbekistonga qaytarilishini kutmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?