Navoiydan bahra olgan Gʻarb

Alisher Navoiy nafaqat oʻzbek, balki barcha turkiy xalqlarning faxr-u iftixoriga aylangan buyuk mutafakkirdir. Shu paytga qadar turk dunyosida uningchalik katta va sermazmun merosga ega boʻlgan shoirni uchratish qiyin. Alisher Navoiy nafaqat shoir va mutafakkir, balki yirik davlat va jamoat arbobi ham edi.
U haqli ravishda oʻziga qadar turkiy tilda hech kim bu qadar yuksak choʻqqilarga chiqa olmaganini namoyish etdi. “Gʻaroyibus-sigʻar”dan oʻrin olgan bir masnaviyda oʻqiymiz:
Men ulmenki, to turk bedodidur,
Bu til birla to nazm bunyodidur,
Falak koʻrmadi men kibi nodire,
Nizomiy kibi dahr aro qodire.
Hazrat Alisher Navoiy merosi dastavval turkiy va forsiy adabiyot dunyosida keng yoyildi. Temuriylar, shayboniylar, safaviylar, usmoniylar, boburiylar va boshqa sulolalar davrida uning asarlari qayta-qayta kotiblar tomonidan koʻchirildi.
Yevropaga shoir ijodi uning oʻlimidan yarim asr oʻtib kirib borgan deyilsa, xato boʻlmaydi. 1557-yilda Venetsiyada Maykl Tramezzino tomonidan italyan tilida nashr etilgan asar muqaddimasida “Uch Sarandip shahzodasining sarguzashtlari” muallifi mazkur asardagi voqeani tabrizlik Xristofor Armani ismli kishidan eshitganini eslatib oʻtadi. Xristofor Armani bu syujetning bir qismini Alisher Navoiyning “Xamsa”siga kiruvchi “Sabʼai sayyor” dostonidan olgan. Ushbu asar 1766-yilgacha Yevropada 11-marta qayta-qayta nashr etilgan.
Kitobning birinchi qismida Sarandip shohining uch oʻgʻli sayohatga otlangani va koʻp sarguzashtlarni boshdan kechirganlari haqida hikoya qilinadi. Shahzodalar bir mamlakatga borishganda oʻgʻrilikda gumon qilinib, mamlakat shohi Bahrom Goʻrning huzuriga olib kelinadi va aql-zakovatlari tufayli podshohning ishonchini qozonadilar. Ular Bahrom Goʻrni oʻldirishni niyat qilgan vazirdan xalos boʻlishiga sabab boʻlishadi. Asarning ikkinchi qismida Bahrom shahzodalarni oʻz xizmatiga oladi. U oʻz sevgilisi Diloromni haydab yuborgan va uning firoqida iztirob chekib, xastalanib qolgan edi. Tabiblar uni davolashda ojiz qoladi. Shunda shahzodalarning maslahati bilan Bahrom yetti qasr qurib, turli mamlakatlardan kelgan musofirlarning hikoyalarini tinglaydi. Yettinchi tunda Dilorom haqida xabar topadi.
“Uch Sarandip shahzodasining sarguzashtlari” keyinchalik Yevropa adabiyotida bir qancha yangi asarlar yuzaga kelishiga sababchi boʻldi. Masalan, Volterning “Zadig yoki taqdir” qissasidagi voqealar ham “Uch Sarandip shahzodasining sarguzashtlari”ga oʻxshab ketadi. Zadigning donoligi, hozirjavobligi, tadbirkorligi “Sabʼai sayyor” hikoyalaridan biridagi zargar yigit Zaydni eslatadi. Zayd ham, Zadig ham oʻzlari yashagan mamlakat podshohining ishonchini qozonib, saroyda katta mavqega ega boʻlishadi. Saroy ayonlarining fitnasi sabab ikkovi ham mamlakatdan qochib ketishga majbur boʻladi. Har ikki qahramon oʻzga yurtlarda turli qiyinchiliklarni boshdan kechiradi. Ruhoniylarning hiylalariga duchor boʻladi. Asar oxirida ular oʻz vatanlariga qaytib, yana saroydagi yuqori lavozimlarni egallashadi.
Mashhur ingliz adibi Uilyam Shekspir “Uch Sarandip shahzodasining sarguzashtlari” asarini oʻqigan boʻlishi ehtimoldan xoli emas. Chunki, “Hamlet” tragediyasidagi voqealar, Bahrom Goʻrga nisbatan uyushtirilgan suiqasd, Hamletning sarandiplik shahzodalar singari aql-zakovati oʻsha asar voqealarini eslatadi.
Shekspirning “Hamlet” pyesasida shahzodaning goʻrkovlar bilan uchrashuvi koʻpchilikning yodida boʻlsa kerak. U goʻrkov uloqtirgan bosh suyagini olib, u qaysidir siyosatchi yoki amaldorning boshi boʻlgani, endi boshqalar qoʻlida oʻyinchoq boʻlayotganidan taassuf chekadi.
Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonida ham xuddi shunday sahna bor. Iskandar bir yurtni fath etgach, bu mulkka shu yerlik boshqa bir insofli, aqlli, adolatli insonni podshoh etib tayinlamoqchi boʻladi. Uning talablariga mos keladigan bir darveshsifat odamni topib kelishadi. U qoʻliga ikkita suyakni olib kelgandi. “Bu suyaklardan biri gadoniki, ikkinchisi shohniki, ammo ularni bir-biridan farq qilolmay turibman”, deydi. Darvish bu bilan hayotning oʻtkinchi ekani, inson oʻlib tuproqqa aylanganidan soʻng, uning qaysi maqomda boʻlgani hech qanday ahamiyatga ega boʻlmasligini taʼkidlaydi:
Chu oʻlganda birdur bu iki matoʻ,
Tiriklikda nevchun qilurlar nizoʻ.
Mutafakkir bobomiz asarlarida ilgari surilgan Qoyalar, hikmatli soʻzlar, syujetlarning Yevropa adabiyotining mashhur adiblari ijodida ham uchrashi tasodif emasdek. Ispan adibi Migel Servantesning oʻlmas “Don Kixot” romani ritsarlik romanlariga parodiya tariqasida dunyoga kelgan. Bu asar turli aforizmlarga, hikmatlarga toʻla. Asarning ikkinchi qismida Sancho Panso doʻsti Don Kixotga shunday deydi: “Hayot xuddi shaxmat taxtasiga oʻxshaydi: oʻyin tugashi bilan shoh ham, piyoda ham bitta qutiga tushadi”. Bu fikrni Servantes qayerdan olgan boʻlishi mumkinligini aytish qiyin. Ammo Alisher Navoiy bu fikrni Servantesdan avvalroq aytgani ayni haqiqat.
“Lison ut-tayr” dostonida shaxmat ustalari haqida bitta rivoyat keltiriladi. Unga koʻra har ikki shaxmatchi arsaga sipohlarni joylab chiqishadi. Shaxmatda har bir sipoh oʻz pozitsiyasiga, oʻz yurish uslubiga ega. Unda shoh oʻz oʻrnida, piyodalar oʻz oʻrnida turadi. Oddiy piyodadan to farzingacha shohni himoya qilib, raqib shohini mot qilish uchun kurashadi. Ammo oʻyin tugashi bilan har ikki ustod shaxmat donalarini bitta xaltaga solishadi. Endi arsa ustidagi tartib, nizom buziladi. Xaltada shoh piyodaning tagiga tushib qoladi.
Chun xarita ichra bogʻlandi bari,
Shoh quyidur yo piyoda yuqqori.
Albatta, buyuklar turli zamon va makonlarda turib, bir xil fikr yuritishi, biror masala boʻyicha umumiy xulosa chiqarishi ham mumkin. Bunday hodisa bitta mutafakkir va boshqa buyuk salaflar ijodida takrorlanaversa-chi?
Fransuz uygʻonish davrining buyuk vakili, faylasuf Fransua de Laroshfukoning (1613 — 1680) hikmatlari ikki yarim asrdan beri oʻquvchilarni mushohadaga undab keladi. Mana uning bir mantiqiy fikri: “Biz oʻzimiz asrayolmagan sirlarimizni qanday qilib birovlardan sir tutishni talab qilishimiz mumkin?”. Laroshfukoga qadar bu “qanotli ibora” aytib boʻlingan edi.
Fosh qilmang roz, chunkim asrayolmay qildingiz,
Oʻzgalardin asramoq bori tamanno qilmangiz.
Bu baytni ulugʻ bobokalonimiz Alisher Navoiy Laroshfukodan ancha avvalroq aytgan.
Buyuk nemis shoiri Iogann Volfgang Gyote oʻz asarlarida Sharq adabiyotidan unumli foydalangan. Uning “Gʻarb-u Sharq devoni”da Sharqqa, uning tarixi, falsafasi va adabiyotiga oshuftalik yaqqol seziladi. Gyote va Navoiyni bogʻlovchi jihatlar koʻp. Har ikki ulugʻ mutafakkir Hofiz Sheroziy ijodidan ilhomlangan, uning gʻazallariga tatabbuʼlar bitishgan. Gyotening Faust, Verter, Margarita, Sharlotta singari badiiy obrazlarida Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” asarlari qahramonlariga xos uygʻunlikni koʻramiz. Gyote va Navoiyning didaktik sheʼrlarida ham ana shunday vobastalikni sezish mumkin.
Xohi sev-u, xohi hazar qil,
Birovlarga yetkazma ozor.
Boshqalarga tekkizmasang til,
Bilki, elda sening oʻrning bor.
Bu misralar nimasi bilandir buyuk ajdodimizning mashhur bir ruboiysini yodga soladi:
Har kimki chuchuk soʻz elga izhor aylar,
Har nechaki agʻyor durur, yor aylar,
Soʻz qattigʻi el koʻngligʻa ozor aylar,
Yumshogʻi koʻngullarni giriftor aylar.
“Xamsa” asari tarkibiga kirgan “Sabʼai sayyor” dostoni asosida XVII asrda gruzin shoiri Nodar Sitsiashvili “Baramguriani” asarini yaratgan. Alisher Navoiyning ushbu dostonini Nizomiy va Xusrav Dehlaviyniki bilan qiyosiy oʻrganib chiqqan shoir oʻz asari muqaddimasida yozadi:
“Aql bovar qilmaydigan ushbu afsona forscha edi. U haqda donolarning donosi Nizomiy Ganjaviy yozdi. Unga tili boy xoqon sohibi Xusrav Dehlaviy tatabbuʼ qildi. Xusrav oʻzdimi yoki Nizomiymi, bizga bunisi nomaʼlum. Lekin Navoiy bu afsonani chigʻatoy tilida bayon qildi. U kabi sheʼr sanʼatkorini kim yana koʻz oldiga keltira oladi?”
Umuman, XVI asrning oxirlaridan XVII asrning boshlarigacha Alisher Navoiy asarlari italyan tilida 4-marta, nemis tilida 5-marta chop etilgan. Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Vengriya va boshqa mamlakatlarda yuz yillardan beri buyuk shoir asarlari oʻrganilib, qayta-qayta nashr qilinayotgani avlodlarimizga faxr-u gʻurur bagʻishlaydi.
Rustam JABBOROV,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring