Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?

21:16 13 Iyun 2025 Dunyo
511 0

Dunyo siyosatining bugungi murakkab manzarasida Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar eng xavfli va tahlikali mintaqaviy mojarolardan biri sifatida kun tartibida turibdi.

2024–2025-yillarda sodir boʻlgan bevosita havo hujumlari, dronlar orqali amalga oshirilgan zarbalar va har ikki davlat rahbarlarining keskin bayonotlari — bu qarama-qarshilik endilikda faqat diplomatik yoʻl bilan hal boʻlmasligini koʻrsatayotgandek.

Eron va Isroil oʻrtasidagi keskinliklar nafaqat Yaqin Sharq mintaqasidagi geosiyosiy muvozanatni, balki xalqaro xavfsizlik tizimining barqarorligini ham tahdid ostida qoldirmoqda. Energetika bozorlaridan tortib, AQSH va Rossiya kabi yirik geosiyosiy oʻyinchilarning pozitsiyasigacha boʻlgan omillar bu mojaroning butun insoniyat tinchligiga bevosita taʼsirini oshirib yubordi. Bu ikki mamlakat oʻrtasidagi ziddiyatning sababi nimada? Uning ildizi qayerda?

Eron va Isroil oʻrtasidagi bugungi ziddiyatlarning ildizlari oʻtgan asrning oʻrtalariga borib taqaladi. 1948-yilda Isroil davlati tashkil topganidan keyin, Eron Yaqin Sharqdagi koʻplab musulmon mamlakatlar singari bu davlatni rasman tan olmagan boʻlsada, dastlabki yillarda unga qarshi ochiq dushmanlik siyosati olib bormagan. Hatto 1950-yilda Eron Isroilni de-fakto (lotincha “de facto” soʻzidan olingan boʻlib, “aslida” maʼnosini beradi va qonuniy qoidalar bilan qoʻllab-quvvatlanmaydigan, sodir boʻlayotgan voqealarning haqiqatini bildirish uchun ishlatiladigan ibora – tahr.) tan olgan va Tel-Avivda Eronning norasmiy vakolatxonasi faoliyat yuritgan. Bu holat forslarning oʻsha davrdagi tashqi siyosatida Gʻarb taʼsiri kuchli boʻlganini koʻrsatadi.

1960–1970-yillar oraligʻida Fors podshosi Muhammad Rizo Pahlaviy davrida Eron va Isroil oʻrtasida yashirin hamkorlik munosabatlari shakllanadi. Har ikki davlat AQSHning ittifoqchilari sifatida mintaqadagi Sovet Ittifoqi taʼsiriga qarshi turishga harakat qildi. Eron Isroildan qurol-yarogʻ xarid qilgan, Isroil esa Eronga qurgʻoqchilikka qarshi texnologiyalar, neft sanoatida ishlovchi muhandislar va xavfsizlik sohasida mutaxassislar yuborgan. Garchi bu aloqalar ommaga oshkor qilinmagan boʻlsa-da, tarixiy hujjatlar ularning hamkorligi ancha chuqur va keng qamrovli boʻlganini tasdiqlaydi.

Islom inqilobi va “dushmanlik shartnomasi”ning imzolanishi

1979-yilda Eronda yuz bergan Islom inqilobi bu munosabatlarga keskin nuqta qoʻydi. Aytish mumkinki, inqilobdan soʻng yangi tuzum Isroilni Gʻarb imperializmining ramzi sifatida koʻra boshladi. Eron Isroilni “gʻayri qonuniy davlat” deb atadi va mamlakatdagi yahudiy elchixonasini yopdi. Ustiga ustak, Isroil elchixonasi binosi Falastin Ozodlik Tashkilotiga topshirildi. Bu oʻziga xos ramziy maʼno kasb etardi, albatta. Eron oliy rahbariyati Isroilning mavjudligini mutlaqo rad etuvchi siyosiy ritorikani rasmiy siyosat darajasiga koʻtardi. Bu davrda Eron “Hizbullah”, “Islom jihodi” va “HAMAS” kabi guruhlarga ochiq-oydin koʻmak koʻrsata boshladi.

Aynan shu davrdan boshlab, Eron rasmiy doiralarida Isroilni “Sionistik rejim” deb atash keng tarqaldi. Bu atama faqatgina diplomatik uslub emas, balki mafkuraviy yondashuvning oʻzagini tashkil etardi. Eron Konstitutsiyasida ham “zulmga qarshi kurashish va islomiy xalqlarni ozod qilish” davlat siyosatining bir qismi sifatida belgilangan boʻlib, bu Isroilga nisbatan keskin munosabatni qonuniy asosga aylantirardi.

1982-yilda, Isroil Livanga bostirib kirganidan soʻng, Eron bu mamlakatdagi shia guruhlarini birlashtirib, yangi radikal harakat – “Hizbullah”ning shakllanishiga bevosita rahbarlik qildi. Eron bu harakat orqali Isroilga qarshi “proksi urush” olib borish strategiyasini ishga tushirdi. “Hizbullah” oʻzining mafkuraviy asosida Isroilning yoʻq qilinishi gʻoyasini bayroq qilib oldi va Eron bu guruhni harbiy texnika, mablagʻ hamda maʼlumotlari bilan qoʻllab-quvvatlab bordi.

1992-yilda Isroil razvedka xizmatlari Eronning Livan janubidagi “Hizbullah” pozitsiyalariga oʻrta masofali raketalarni yetkazib berganini aniqladi. Ushbu qurollar orqali Isroil shimolidagi aholi punktlariga doimiy tahdid yuzaga keldi. Bu Eronning Isroil hududiga bevosita zarar yetkazishga qaratilgan birinchi mintaqaviy harakati sifatida tarixda qayd etildi.

1995 1997-yillar oraligʻida esa Isroil ichkarisida “HAMAS” tomonidan amalga oshirilgan bir necha portlashlar ortida Eron turgani haqida iddaolar paydo boʻldi. Garchi rasmiy isbotlar toʻliq boʻlmasa-da, Isroil razvedkasi Eronning “HAMAS”ga moliyaviy va logistika koʻmagini oshirganini taʼkidladi. Ayniqsa, Tel-Aviv va Quddusda yuz bergan hujumlar ortidan Eron – HAMAS aloqalari xalqaro darajada keng muhokama qilina boshlandi.

Ziddiyat kuchayishi va yadro dasturi yuzasidan bosim

2000-yillarning boshlaridan Eron va Isroil oʻrtasidagi qarama-qarshilik yangi bosqichga koʻtarildi. Mojarolarning xarakteri avvalgidek faqat proksi kuchlar yoki mafkuraviy bayonotlar bilan emas, balki aniq harbiy toʻqnashuvlar va global yadro xavfsizligi masalalari bilan bogʻlana boshladi. Ayniqsa, Eronning yadroviy imkoniyatlarini oshirishga boʻlgan “intilishi” Isroil tomonidan oʻta jiddiy tahdid sifatida qabul qilindi.

2006-yil iyul avgust oylarida, Isroil va “Hizbullah” oʻrtasida 33 kun davom etgan qurolli mojaro sodir boʻldi. Urush Livan janubidagi “Hizbullah” kuchlari tomonidan Isroilga qarata otib yuborilgan raketa hujumi ortidan boshlangan. Isroil javoban Livanga keng koʻlamli harbiy amaliyot olib bordi. Bu mojaroda Eron “Hizbullah”ga qurol, razvedka, moliyaviy vositalar hamda siyosiy qoʻllab-quvvatlash shaklida faol yordam koʻrsatganini yashirmadi. Urush yakunida “Hizbullah”ning qarshilik koʻrsata olishi Eronning mintaqadagi taʼsirini yanada kuchaytirgan boʻlsada, Isroil uchun bu tahdid real xavfga aylangani aniq boʻldi.

2009-yilga kelib, Eronning uranni boyitish dasturi jiddiy bosqichga kirgan edi. Isroil Bosh vaziri va Mudofaa vazirligi Eron yadro dasturini rasmiy ravishda “Isroil milliy xavfsizligiga bevosita tahdid” deb eʼlon qildi. Bu holat Isroilning xalqaro miqyosda diplomatik bosim kuchaytirishiga sabab boʻldi. Shuningdek, yahudiy davlati oʻsha yili Eronning yadro inshootlariga qarshi zarur boʻlsa, bir tomonlama harbiy operatsiyalar oʻtkazishini ham istisno qilmadi.

Bu Eronning texnologik imkoniyatlari ortib borayotgan bir paytda, Isroil oʻzining texnologik ustunligini saqlab qolish va mintaqaviy kuch muvozanatini Eron zarariga oʻzgartirishga urinayotgan davr boʻldi. Ziddiyatlar tobora murakkab tus ola boshladi va 2010-yillarda kiberhujumlar, yashirin amaliyotlar va xalqaro sanksiyalar shaklida oʻz ifodasini topdi.

Kiberhujumlar va yashirin urushlar bosqichi

2010-yillarda Eron va Isroil oʻrtasidagi qarama-qarshiliklar yangi shaklga – kiberurushlar, yashirin razvedka amaliyotlari va global yadro diplomatiyasi bosqichiga oʻtdi. Mojaro endi faqatgina hududiy yoki qurolli kuchlar darajasida emas, balki axborot tizimlari, sunʼiy intellekt, razvedka hamda diplomatik bosimlar doirasida kecha boshladi. Bu oʻn yillik Eron-Isroil ziddiyatining texnologik va global tus olganini yaqqol koʻrsatadi.

2010-yil dunyo axborot maydonida misli koʻrilmagan voqea bilan esda qoldi – “Stuxnet” nomli kompyuter virusi Eronning Natanz shahridagi yadro inshootida joylashgan sentrifugalarni ishdan chiqardi. Bu virus oʻz murakkab kodi va aniq nishonga qaratilgan zarari bilan kiberurush tarixida ilk “raqamli qurol” sifatida tilga olindi. Xalqaro tahlilchilar virus ortida AQSH va Isroil razvedka xizmatlari turganini bildirdilar. Bu voqea Eron yadro dasturining texnologik yoʻl bilan sekinlashtirilganining yaqqol isboti boʻldi va Isroilning yangi urush shaklini faol qoʻllay boshlaganini koʻrsatdi.

2012-yil fevral oyida esa Tailand, Hindiston va Gruziyada Isroil diplomatlariga qaratilgan bir nechta suiqasdlar sodir boʻldi. Portlashlar va hujumlar ortida Eron maxsus xizmatlari turgani haqidagi iddaolar xalqaro OAVlarda keng yoritildi. Isroil bu hodisalarni “Eronning global terror tarmogʻi orqali razvedka urushi olib borayotganining isboti” deb atadi. Bu voqealar Isroilning xorijdagi fuqarolari ham bevosita mojaroga jalb etilganining xavfli dalilidir.

2015-yilning iyulida esa mojaroda diplomatik burilish yuz berdi: Eron va “P5+1” (AQSH, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya) davlatlari oʻrtasida yadro dasturi boʻyicha tarixiy kelishuv – JCPOA (Joint Comprehensive Plan of Action) imzolandi. Ushbu hujjat asosida Eron oʻz yadro dasturini cheklashga va xalqaro nazoratga rozilik bildirdi, evaziga unga nisbatan qoʻllanilgan sanksiyalar yumshatildi. Isroil esa bu kelishuvga keskin qarshi chiqdi va uni “Eron yadro quroliga yetib borishini rasman qonuniylashtiruvchi hujjat” deb atadi.

2018-yil may oyida AQSH prezidenti Donald Tramp ushbu JCPOA kelishuvdan chiqishini eʼlon qildi. Bu qaror Isroil tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olindi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu ushbu chiqishni “xalqaro adolat va Isroil xavfsizligining gʻalabasi” deb eʼtirof etdi. Bu bosqichdan boshlab, Eron va Isroil oʻrtasidagi mojaro yana kuchaydi, kiberhujumlar, yashirin suiqasdlar, va Suriyadagi proksi frontlar orqali qarama-qarshilik qayta faollashdi.

Umuman olganda, 2010–2020-yillar ikki davlat oʻrtasidagi urushning “koʻrinmas fronti” kengaygan, yaʼni razvedka, kiberxavfsizlik, diplomatik manyovrlar va xalqaro bosim vositalari ustuvorlik kasb etgan davr boʻldi. Bu mojaroni boshqarish qiyinlashdi, ammo xavfi kuchaydi.

Olimlarga suiqasdlar

2020–2022-yillar Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar tarixida yana bir keskin bosqich boʻldi. Bu davrda mojarolar razvedkaviy suiqasdlar, sabotajlar va Suriya hududidagi bevosita havo hujumlari orqali yanada keskinlashdi. Qarama-qarshilik anʼanaviy urush emas, balki maxfiy amaliyotlar va uzoqdan nishonga olinadigan texnologiyalar asosida olib borilmoqda.

2020-yil noyabr oyida, Eron yadro dasturining asoschilaridan biri va eng muhim olimi hisoblangan Muhsin Faxrizoda Tehron yaqinida suiqasd natijasida oʻldirildi. Eron rasmiylari bu suiqasd ortida Isroil razvedkasi — “Mossad” turganini qatʼiy daʼvo qildilar. Suiqasd sunʼiy intellekt yordamida boshqarilgan masofaviy avtomatik qurol orqali amalga oshirilgani haqida xalqaro axborot vositalarida maʼlumotlar paydo boʻldi. Isroil bunday ayblovlarga rasmiy javob bermadi, ammo Netanyahu Fahrizodani ilgari ochiqcha “Eron yadro dasturining otasi” deb atagan edi.

2021-yil aprel oyida, Eronning Natanz shahridagi yadro inshootida yirik portlash sodir boʻldi. Bu inshootda uranni boyitish ishlari olib borilar edi, deb ishoniladi. Portlash natijasida yuzlab sentrifugalar ishdan chiqdi. Bu esa Eronning yadro dasturiga sezilarli zarba boʻldi. Eron bu sabotajni Isroil tomonidan uyushtirilgan “kiber va fizik hujum” deb atadi. Bu hodisa xalqaro hamjamiyatni yana bir bor Eron – Isroil mojarosining nazoratdan chiqish xavfi bilan yuzlashtirdi.

2022-yil mart–iyun oylarida, Isroil Suriyada joylashgan Eron harbiy pozitsiyalariga nisbatan oʻz havo hujumlarini jadallashtirdi. Ayniqsa, Damashq, Homs, Tartus va Aleppo yaqinidagi harbiy inshootlarga uyushtirilgan zarbalar Eronning mintaqadagi taʼsirini zaiflashtirishga qaratilgan edi. Isroil bu hujumlar orqali “Hizbullah”ga oʻtadigan qurol zanjirini yoʻq qilishga urinayotganini taʼkidladi. Eron esa bu harakatlarni “xalqaro huquq buzilishi” sifatida baholab, qasos olish huquqini saqlab qolishini eʼlon qildi.

Bu uch yillik davr shuni koʻrsatdiki, Isroil va Eron oʻrtasidagi mojaro allaqachon anʼanaviy chegaralardan chiqib ketgan. Harbiy operatsiyalar maxfiylik, texnologik ustunlik va global xavfsizlikni bevosita tahdid ostiga qoʻyayotgan darajaga yetdi. Shu sababli, bu bosqich ziddiyatning eng murakkab, eng xavfli va eng bashorat qilib boʻlmaydigan davrlaridan biri sifatida tarixga kirdi.

“Raketalar oʻyini” yoxud bevosita zarbalar

Soʻnggi yillarda Eron va Isroil oʻrtasidagi mojaro misli koʻrilmagan darajada keskinlashdi. Diplomatik munosabatlar allaqachon yoʻqolgan, proksi urushlar esa tobora bevosita harbiy toʻqnashuvlarga aylana boshlagan bir sharoitda, 2023 – 2025-yillar oraligʻi mojaroning ochiq bosqichiga oʻtganini koʻrsatadi. Bu yillarda ikki davlat nafaqat vakil guruhlar, balki oʻz hududi va strategik obyektlariga qaratilgan zarbalar orqali toʻqnashdi. Ayniqsa, dronlar, ballistik raketalar, sunʼiy intellektli hujum tizimlari va razvedkaviy suiqasdlardan foydalanish mojaroni mutlaqo yangi darajaga olib chiqdi.

2023-yil aprel oyida, Quddusdagi Al-Aqso masjidi hududida falastinliklar va Isroil xavfsizlik kuchlari oʻrtasida yana toʻqnashuvlar yuz berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda namozxonlarning oʻqqa tutilishi, zoʻravonlik bilan chiqarib yuborilishi aks etgan. Bu holat musulmon dunyosida, ayniqsa Eronda kuchli norozilik uygʻotdi. Eron rasmiylari bu voqeani “Islom muqaddasotlariga qilingan tajovuz” deb baholab, Isroilga qarshi keskin bayonotlar berdi. Bu mojaro Eronning “qarshilik oʻqi” deb ataluvchi regional strategiyasini yana bir bor faollashtirdi.

2024-yil fevral oyida, Isroil Suriyaning Damashq shahrida joylashgan Eron harbiy obyektlariga havo hujumi uyushtirdi. Bu hujum natijasida Eronning yuqori martabali harbiy zobitlari halok boʻldi. Isroil bu operatsiyani “«Hizbullah”ga uzatilayotgan qurol karvonini yoʻq qilish», deb atadi. Eron esa bu zarbani xalqaro qonunchilikka zid hujum deb baholab, keskin javob berilishi haqida ogohlantirdi.

2024-yil aprel oyida, global ommaviy axborot vositalarida Isroil Erondagi Isfahon viloyatida joylashgan havo bazasiga dron orqali hujum qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu zarba Eron hududida joylashgan strategik harbiy obyektga birinchi marta toʻgʻridan-toʻgʻri berilgan havo hujumi sifatida baholandi. AQSH manbalari bu operatsiyani Isroil razvedkasi tomonidan “yadro va raketa salohiyatiga qarshi preventiv choralar” doirasida amalga oshirilgan deb izohladi.

2024-yil 13-aprel kuni Eron ilk bor bevosita Isroil hududiga toʻgʻridan-toʻgʻri 300 dan ortiq dron va raketa yoʻlladi. Bu tarixiy voqea Eronning ochiq jangovar hujumi sifatida qayd etildi. Isroil bu hujumlarning koʻpchiligini oʻzining “Iron Dome” va “Davidʻs Sling” mudofaa tizimlari orqali tutib qolgan boʻlsada, ayrim raketalar harbiy obyektlarga zarar yetkazdi. Ushbu hodisa Yaqin Sharqdagi geosiyosiy muvozanatning butunlay izdan chiqishiga sabab boʻlishi mumkin edi. BMT Xavfsizlik Kengashi shoshilinch yigʻilish oʻtkazdi, biroq har ikkala tomon ham harbiy tayyorgarlikni davom ettirdi.

2025-yil yanvar mart oylarida, mojaro axborot urushi va kiberhujumlar darajasiga koʻtarildi. Har ikki davlat bir-birining muhim axborot tizimlariga sunʼiy intellekt orqali kirishga urindi. Eron telekommunikatsiya inshootlariga va bank tizimlariga zarar yetkazilishi holatlarini qayd etdi. Isroil esa oʻzining sogʻliqni saqlash tizimi va aeroport boshqaruv tizimlariga qilingan kiberhujumlar uchun Eronga tegishli guruhlarni aybladi. Bu kiber-ziddiyatlar xalqaro miqyosda “raqamli urush” deb atala boshlandi.

2025-yil aprel oyida, Eron ommaviy axborot vositalari Isroil razvedkasi — “Mossad” tomonidan Tehrondagi yuqori lavozimli harbiy olimga qarshi suiqasd uyushtirilgani haqida xabar berdi. Rasmiylar bu suiqasdni “yadro sohasidagi ilmiy salohiyatga qilingan terror” deb baholab, jiddiy javob boʻlishini maʼlum qilishdi. Isroil bu borada izoh bermadi, ammo Eron maxsus xizmatlari xavfsizlikni kuchaytirganini bildirdi.

2025-yil 13-iyun kuni Isroil Eronga nisbatan yirik koʻlamli va toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy zarba berdi. “Rising Lion” nomi bilan yuritilgan ushbu operatsiya doirasida Isroil harbiy-havo kuchlari Eronning yadro, raketa va harbiy infratuzilmalariga qarata keng miqyosli havo hujumlarini amalga oshirdi. Ayniqsa, Natanz, Isfahon, Xurramobod, Tehron va boshqa strategik obyektlarga qaratilgan zarbalar Eronning yadroviy salohiyatiga sezilarli zarar yetkazdi. Isroil bu zarbalarni “Eron tomonidan xavfsizlikka doimiy tahdid tugʻdirilishiga javob” sifatida izohladi.

Hujum natijasida Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi bosh qoʻmondoni Husayn Salomiy, Eron qurolli kuchlari qoʻmondoni oʻrinbosari – “Xatam-al-Anbiya” markaziy shtabi qoʻmondoni, general Gʻulom Ali Rashid, Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi Aerokosmik kuchlari qoʻmondoni Ali Hojizoda hamda yadro dasturi ustida ish olib borayotgan olimlar – fizik Muhammad Mahdiy Tehronchi va atom energetikasi boʻyicha tashkilot rahbari Fariddun Abbos Davoniy halok boʻlgani haqida rasmiy xabarlar tarqaldi. Tehron va boshqa shaharlarda portlashlar sodir boʻlib, fuqarolar orasida ham talafotlar boʻlgani aytilmoqda. Shu bilan birga, Eron Isroilga javoban kamida 100 dan ortiq dron va raketa vositalarini ishga tushirganini eʼlon qildi. Isroil havo mudofaa tizimlari ularning aksariyatini yoʻq qilishga muvaffaq boʻlgan boʻlsada, baʼzilarining nishonga yetib borganligi haqida xabarlar mavjud.

Bugungi geosiyosiy manzara shuni koʻrsatadiki, ikki davlatda ham diplomatlar emas, raketalar va texnologiyalar soʻzlashayotgan davrga qadam qoʻyildi. Xalqaro huquq institutlari – BMT, Xalqaro sud, Atom energiyasi agentligi – mojaroning oldini olishda kuchsiz, choralar sust. Isroil tomonidan amalga oshirilgan havo hujumlari, Eronning dron zarbalari yoki olimlarga suiqasdlari xalqaro qonunlarga zid boʻlsa-da, jiddiy jazolovchi mexanizmlar ishlamayapti. Bu esa “kuch egalarining qonun ustuvorligidan ustun turishi” holatini shakllantirmoqda.

Eron va Isroil mojarosi xalqaro hamjamiyatga kuch va qonun oʻrtasidagi muvozanatni, xavfsizlik va manfaat oʻrtasidagi ziddiyatni yana bir bor tarozida tortib koʻrish uchun imkon berayotgandek koʻrinmoqda. Harbiy urush emas, siyosiy aql va diplomatik iroda orqali yechim topilmasa, bu mojaro Yaqin Sharq emas, butun dunyo uchun uzoq muddatli falokatga aylanishi mumkin.

Sanjar SHOMURODOV.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер