Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda

23:14 04 Iyun 2025 Jamiyat
659 0

Foto: Muhsin Umurzoqov / “Xalq soʻzi”

Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi goʻzal goʻshalaridan biri — “Ugom-Chotqol” qoʻriqxonasi hududida “MSA Resort” turistik majmuasi qurib bitkazilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan turizm va barqaror infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan eʼtibor tufayli bu kabi yirik loyihalar zarur qoʻllab-quvvatlov va ilhom olmoqda.

Mazkur loyiha nafaqat tabiatni sevuvchilar, balki milliy madaniyat va gastronomiyani qadrlovchilar uchun ham diqqatga sazovor manzillardan biriga aylanishi kutilmoqda. Bugun, 4-iyun kuni, majmua ochilishi arafasida OAV vakillari obyektni borib koʻrib, bu ulkan tashabbus qanday amalga oshirilayotganiga guvoh boʻldi.

Foto: Jaloliddin Rajabov / “Xalq soʻzi”

“MSA Resort” direktori Sanjar Mirahmedovning soʻzlariga koʻra, majmua mehmonlarga oʻzbekona mehmondoʻstlikning hashamatli muhitiga shoʻngʻish imkoniyatini taklif etadi. Xususan, bu yerda zamonaviy mehmonxona xonalari, milliy taomlar taqdim etiladigan restoran, degustatsiya zali va eng qiziqarlisi — qadimiy Markaziy Osiyo anʼanalarini aks ettirgan, biroq zamonaviy qulayliklarga ega yurtalar (oʻtov) mavjud boʻladi.

Foto: Muhsin Umurzoqov / “Xalq soʻzi”
Foto: Muhsin Umurzoqov / “Xalq soʻzi”

Shuningdek, hududda etnolagerdan tashqari, bir vaqtning oʻzida 1000 kishidan ortiq mehmonni qabul qilish imkoniyatiga ega boʻlgan ommaviy tadbirlar oʻtkaziladigan koʻp funksiyali maydonlar, jumladan ochiq osmon ostidagi (open-air) zonalar ham boʻladi. Rejaga koʻra, kelajakda “MSA Resort” yiliga taxminan 20 ming sayyohni qabul qiladi.

Foto: Muhsin Umurzoqov / “Xalq soʻzi”
Foto: Muhsin Umurzoqov / “Xalq soʻzi”

Majmuada mehmonlarga nafaqat tabiat goʻzalliklaridan bahramand boʻlish, balki uzumchilik va vinochilik madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniyati ham taqdim etiladi.

Foto: Jaloliddin Rajabov / “Xalq soʻzi”

«Biz turizm uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadigan va mintaqaning rivojiga kuchli turtki beradigan zamonaviy, shu bilan birga milliy muhitni yaratishni maqsad qilganmiz. Yangi majmuaning asosiy gʻoyasi — milliy qadriyatlar va madaniy merosni yorqin aks ettirishdir.

Biz sayyohlar yuqori darajadagi servisni taqdim etish bilan bir qatorda, oʻzbekona anʼanalarning — meʼmorchilikdan tortib amaliy sanʼatgacha namoyon etishga intilamiz. Ayniqsa, uzumchilikning noyob va koʻp asrlik anʼanalarini asrab-avaylashga alohida eʼtibor qaratamiz. Buning natijasida yaratilayotgan mahsulotimiz allaqachon xalqaro darajada tan olingan», deydi “MSA Resort” majmuasi direktori.

Foto: Jaloliddin Rajabov / “Xalq soʻzi”

Yangi turistik majmuaning asosiy tarkibiy qismlaridan biri – bu “MSA Family Winery” vino zavodi. U 2022-yildan buyon Fransiyaning mashhur Bordo shahridagi vino muzeyida Oʻzbekiston vinochilik sohasini namoyon etib kelmoqda. 2023-yili mazkur zavod Germaniyada oʻtkazilgan “Berliner Wine Trophy” nufuzli tanlovida oltin medalga, shuningdek “Mundus Vini” tanlovida ikkita kumush mukofotga sazovor boʻldi. 2024-yili Fransiyaning “Concours International de Lyon” xalqaro tanlovida ikkita oltin medalni qoʻlga kiritib, “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan eng yaxshi vino” sifatida eʼtirof etilgan.

Foto: Muhsin Umurzoqov / “Xalq soʻzi”

Shuningdek, vino zavodi vakili Yekaterina Mokrova Oʻzbekistonda ilk bor oʻtkazilgan somelye tanlovida gʻolib chiqib, ushbu jamoaning yuqori malakasi va professionalligini yana bir bor isbotladi.

Foto: Jaloliddin Rajabov / “Xalq soʻzi”
Foto: Muhsin Umurzoqov / “Xalq soʻzi”

“MSA Resort” nafaqat turistlarni jalb etadi, balki 350 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratish orqali mahalliy iqtisodiyotga katta hissa qoʻshadi. Loyihaning yoʻnalishlari qamrovi keng: qishloq xoʻjaligi, gastronomik, etno va agroturizm, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish — bularning barchasi shu maskanda jamlanadi.

Foto: Muhsin Umurzoqov / “Xalq soʻzi”

Bu goʻzal maskan oʻzbek madaniyatining boy anʼanalari, tabiiy landshaftlar va zamonaviy infratuzilmani birlashtirgan oʻziga xos markazga aylanishi kutilmoqda.

Muhsin Umurzoqov,

Jaloliddin Rajabov,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер