Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Respublika Milliy matbuot markazida mahoratli jurnalist Said Rahmonovning “Oltin meros press” nashriyotida chop etilgan “Hamohanglik” kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Mazkur kitobga kiritilgan 35 ga yaqin maqolalar fermerlarning bugungi ishlari va tashvishlari, ularning yutuqlari, oilaviy koʻp tarmoqli korxonalarning izdoshlari va vorislari, oʻzi mustahkam oyoqqa turgan gʻayratli va gʻamxoʻr odamlar haqida hikoya qiladi. Har bir qahramoni nafaqat qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining isteʼdodli tashkilotchisi, fermer, baxtli oilalarning boshligʻi va oʻz Vatanining vatanparvaridir. Asosiysi, boshqalarga, birinchi navbatda, farzandlari va nabiralari uchun namuna. Har bir suhbatdoshi ertangi kun uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga oladi.

— Keyingi paytda qishloq xoʻjaligi iqtisodiyotimiz dvigateli boʻlib qoldi. Maydonlar koʻpaymoqda va sohaga yangi tadbirkorlar, yirik korporatsiyalar, xususiy fermerlar kirib kelmoqda, — deydi Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasi aʼzosi, siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori Laziz Rahmatov. — Iqtidorli jurnalist Said Rahmonov qishloq xoʻjaligining uygʻonish davrini har bir maqolasida teran ochib bergan. Mavzular qamrovi keng, qaysi muammo boʻyicha maqolaga qoʻl urmasin, eng avvalo, jahonning ilgʻor tajribasini oʻrganadi, muammoni chuqur ichiga kiradi, oʻzgarayotgan jamiyatimizga foydasi tegadigan aniq va joʻyali takliflarni ilgari suradi. Toʻplamdagi har bir maqola professional jurnalistning tinimsiz izlanishlari, soʻzning ustida puxta ishlashi mahsulidir, shuningdek, oʻquvchining tafakkurini ochishga, fikrlashga undashi bilan gʻoyat ahamiyatlidir.

Jurnalistikada “Sarlavha yarim yutuq” degan fikr bor. Said Rahmonov ularni topishda juda kreativ yondashadi: “Oʻzbekistonda yashash brendga, biznes yuritish trendga chiqadi”, “Neʼmatidan xizmati qimmat”, “Unutilgan eskilikning biz bilmagan yangiliklari”, “Pomidorning dorisi koʻpmi, zori koʻpmi?”, “Achchiq ekinning shirin hosili”, “Kuyaning uyi kuysin”, “Bozorga tushganlarning tarvuzi qoʻltigʻidan tushib qaytayotgani rost...mi?”, “Sariyogʻdek kesilgan togʻlar maskani”, “Sara urugʻ – hosil boʻliq” kabi qiziqarli sarlavhalar, koʻplab maqollarni oʻrinli qoʻllashi oʻquvchi ishtiyoqini qitiqlaydi, maqolani yanayam oʻqishli qiladi.

Toʻplamdan muallifning Hindiston, Qozogʻiston, Saudiya Arabistoni, Turkiya davlatlariga amalga oshirgan xizmat safarlari davomida yozgan juda qiziqarli maqolalari ham oʻrin olgan.

“Hamohanglik” kitobi qishloq xoʻjaligi sohasi vakillari, ixtisoslashgan mutaxassislar, umuman qoʻliga qalam olib, ijod qilayotgan har bir jurnalist, ayniqsa, oliygohlarda tahsil olayotgan talabalar uchun juda foydali nashrdir. Albatta, kitobni oʻqing!





“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring