Oʻzbekiston investorlarni chorlamoqda

09:52 17 Iyun 2025 Iqtisodiyot
126 0

Oʻzbekistonga xalqaro hamjamiyatning qiziqishi kun sayin ortib boryapti.

Yaqinda poytaxtimizda boʻlib oʻtgan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi mamlakat iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Ochigʻini aytganda, global xavfsizlik va barqaror rivojlanishga jiddiy tahdidlar tobora kuchayib, geosiyosiy jarayonlar koʻz oʻngimizda shiddat bilan oʻzgarayotgan, jahonda qurollanish poygasi yana avj olgan bir pallada investitsiyalarni jalb etish oson ish emas. Vaholanki, iqtisodiy inqiroz asoratlari, moliyaviy resurslar taqchilligi tufayli jahon yalpi ichki mahsulotining oʻsish surʼatlari ketma-ket uch yil davomida pasaymoqda. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, xalqaro huquq normalari va diplomatiya kuchi zaiflashmoqda. Eng achinarlisi, insoniyat uchun dolzarb muammolar — oziq-ovqat xavfsizligi, kambagʻallik, iqlim oʻzgarishlari kabi masalalarga eʼtibor kamaymoqda. Shu bois xalqaro investitsiya forumida davlatimiz rahbari dunyoda tinchlik, adolat va inson qadriga boʻlgan umumiy ishonchni tiklashga, mojarolarni faqat diplomatiya yoʻli bilan yechishga chaqirdi.

Ilgʻor gʻoyalar, aniq maqsadlar sari

Nufuzli anjumanda Prezidentimiz investitsiyalar uchun keng imkoniyatlarga ega boʻlgan turli sohalarni taklif etdi. Birinchisi — “yashil” iqtisodiyot sohasi. Yaxshi bilamizki, Oʻzbekiston iqtisodiyotini barqaror, toza, ekologik bezarar energiya resurslari bilan taʼminlash uchun aynan “yashil” energetikani rivojlantirishga astoydil kirishgan.

Oʻtgan qisqa davrda mazkur sohaga qariyb 6 mlrd. dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kirib keldi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 59 mlrd.dan 82 mlrd. kilovatt-soatga yetdi. Keyingi besh yilda bu koʻrsatkich 120 mlrd. kilovatt-soatdan oshib, “yashil” energiya ulushi 54 foizga yetkaziladi. Ayni paytda Yevropaga “yashil” energiya quvvatlarini eksport qilish ham rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, elektr tarmoqlarini yangilashga ham 4 mlrd. dollar jalb qilish, joriy yilda Samarqandda, kelgusi yildan yana 8 ta hududda elektr tarmoqlarini xususiy sheriklikka berish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, ilk bor “yashil” sertifikat va uglerod birliklari savdosi boshlandi. Shu yil global uglerod bozorlariga qoʻshilib, “Yashil Oʻzbekiston” iqlim investitsiyalari platformasini yaratish maqsad qilingan. Demak, mazkur maqsadlarga erishish uchun xorijiy investitsiyalar suv bilan havodek zarur.

Ikkinchi yoʻnalish — raqamli texnologiya va sunʼiy intellekt sohasi. Maʼlumki, butun dunyoda mazkur yoʻnalishlarda raqobat boshlangan. Bugungi kunda u iqtisodiyotning drayveriga aylanayotganini mamlakatimizda shu yilning oʻzida IT eksporti 1 mlrd. dollarga yetgani ham isbotlaydi. 2030-yilga borib bu koʻrsatkichni 5 karra oshirishga kirishilgan. Buning uchun yaqin besh yilda xususiy investorlar bilan birga quvvati 500 megavattdan ziyod 20 ta “data markaz” barpo etiladi. Shuningdek, boy tariximiz, azaliy qadriyatlarimiz hamda yangi kreativ Qoyalarni mujassam etgan sunʼiy intellektning milliy modeli ishlab chiqiladi. Bu tizim samaradorligini taʼminlash uchun davlat rahbari boshchiligida “Bir million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasi allaqachon boshlangan. Xalqaro investorlar koʻmagi bilan Oʻzbekiston nufuzli IT va “Fintech” xabiga aylanishi shubhasiz.

Uchinchi yoʻnalish — moliyaviy tizim va texnologiyalar. Bank, moliya, sugʻurta, kapital bozori sohalarini keyingi rivojlanish bosqichiga olib chiqish maqsadida Oʻzbekistonda Moliyaviy barqarorlik kengashi tashkil etiladi, Markaziy bankda kiberxavfsizlik va moliyaviy texnologiyalar platformalari ishga tushiriladi. Milliy qayta sugʻurtalash kompaniyasi va Global qayta sugʻurtalash raqamli platformasi yaratildi. Startaplar uchun muqobil moliyaviy instrument — venchurlar bizda tez rivojlanib boryapti. “Muqobil investitsiya jamgʻarmalari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Hamkorlar bilan birgalikda kelgusi besh yilda venchur va boshqa muqobil sarmoyalar hajmini 1 mlrd. dollarga olib chiqish mumkin.

Toʻrtinchi yoʻnalish — nodir metallarni qazib chiqarish sohasi. Taʼkidlash kerakki, bugungi “toʻrtinchi sanoat inqilobi” “texnologik minerallar”ga talabni bir necha karra koʻpaytirmoqda. Oʻzbekistonda volfram, molibden, magniy, litiy, grafit, vanadiy, titan va boshqa minerallarning katta zaxirasi aniqlangan. Umuman, yer osti boyliklarimizning salohiyati 3 trln. dollarga baholangan. Mintaqamizning minerallardan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish “xabi”ga aylanishi uchun Toshkent va Samarqand viloyatlarida “Kelajak metallari texnoparki” bunyod etilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbari geologiya-qidiruv ishlaridan boshlab, tayyor mahsulot zanjirini yoʻlga qoʻygan investorlarga oʻn yil davomida renta soligʻini qaytarib berish tashabbusini ilgari surdi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash uchun qulay iqlimga ega. Oʻzbekiston paxta ishlab chiqarish boʻyicha dunyoda yetakchilardan biri hisoblanadi. Toʻqimachilik sanoatida qoʻshilgan qiymatni oshirish uchun investitsiyalar zarur. Turizm infratuzilmasini rivojlantirish uchun investitsiyalar talab etiladi. Yoʻllar, temir yoʻllar, aeroportlar va boshqa infratuzilma obyektlarini modernizatsiyalash uchun investitsiyalar zarur.

Muvaffaqiyatlar namoyishi uchun muhim maydon

Toshkent xalqaro investitsiya forumi — bu nafaqat investitsiyalarni jalb qilish, balki Oʻzbekistonni xalqaro biznes hamjamiyatiga tanitish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va iqtisodiy islohotlarning muvaffaqiyatini namo­yish etish uchun ham muhim maydon. Forum xorijiy investorlar uchun Oʻzbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritish imkoniyatlarini oʻrganish, yangi loyihalarni muhokama qilish va hamkorlik aloqalarini oʻrnatish uchun qulay platforma yaratadi.

Bu iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirish nuqtayi nazaridan ahamiyatlidir. Jalb etilgan investitsiyalar yangi ish oʻrinlari ochish, infratuzilmani rivojlantirish, texnologiyalarni transfer qilish va iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirishga xizmat qiladi. Forum xalqaro moliya institutlari, hukumatlar, biznes vakillari va ekspertlar oʻrtasidagi muloqotni kuchaytiradi, hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga yordam beradi.

Forum Oʻzbekistonni zamonaviy, ochiq va investitsiyalar uchun qulay mamlakat sifatida taqdim etadi, bu esa xalqaro maydonda mamlakat imijini yaxshilashga xizmat qiladi. Buning isboti oʻlaroq soʻnggi yillarda mamlakat iqtisodiyotiga 90 mlrd. dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb qilingan, bu esa oʻtgan yili milliy yalpi ichki mahsulotning 6 foizga oʻsishiga yordam berdi. Belgilangan rejalar amalga oshadigan boʻlsa, 2030-yilga borib Oʻzbekiston iqtisodiyoti 200 mlrd. dollarga yetadi va bu jarayonda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish muhim rol oʻynaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi farovon Oʻzbekistonni barpo etishning asosiy strategik ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalasi alohida oʻrin egallamoqdaki, bunda integratsiyalashgan iqtisodiy siyosat, diversifikatsiyalangan ishlab chiqarish yoʻnalishlari, davlat kafolatlari, erkin iqtisodiy zonalarning tashkil etilishi, soliq imtiyozlari va sarmoya uchun qulay muhit yaratish borasidagi saʼy-harakatlar natijasida mamlakat mintaqadagi eng jozibador investitsiya manzillaridan biriga aylandi.

Byudjet taqchilligini kamaytirish, ichki bank sektorini rivojlantirish, davlatga qarashli korxonalarning shartli majburiyatlarini kamaytirish, xususiy sektorning faol rolini oshirish, yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, texnik taʼlimni kuchaytirish, oliy taʼlim va sanoat oʻrtasidagi tafovutni qisqartirish, bilimga asoslangan iqtisodiyotni yaratishda qatʼiy davom etish, iqtisodiy institutlarni mustahkamlash va boshqalar yangi Oʻzbekistonda farovon jamiyat qurish maqsadlariga erishishda muhim omil hisoblanadi.

Davlatimiz rahbari ushbu forumdagi nutqida investorlarning ishonchini yanada koʻproq qozonish va islohotlar izchilligini taʼminlash yoʻlida Oʻzbekiston dadil qadamlar tashlashini eʼlon qildi. Eng avvalo, global ishlab chiqarish zanjirlarida har bir davlat uchun teng sharoitni taʼminlaydigan ishonchli qoidalar oʻrnatilishida! Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish borasida dadil qadamlar tashlamoqda. Buning uchun oʻnlab qonun, yuzlab standartlar xalqaro talablarga moslashtirildi va bu ishlar shu yil toʻliq yakuniga yetkaziladi.

Mamlakatimizda xorijiy sarmoyadorlarga yanada qulay muhit yaratish uchun mahalliy kompaniyalar bilan bir xil sharoitlarni kafolatlovchi “milliy rejim” joriy qilinadi, davlat organlari bilan munosabatga kirishishda “yagona darcha” tamoyili tatbiq etilishi belgilandi, investitsiya faoliyatini ortiqcha tekshiruvlardan kafolatli himoyalash tizimi yaratiladi. Bular orqali 2030-yilga borib Oʻzbekistonning kredit reytingini “investitsion” darajaga olib chiqish maqsad qilingan.

Bundan tashqari, davlat kompaniyalarini xususiylashtirishda ularni yurtimiz farovonligiga xizmat qiluvchi yirik aktivlarga aylantirish koʻzda tutilgan. 18 ta yirik kompaniya va banklardagi qariyb 2 mlrd. dollarlik davlat ulushini oʻzida birlashtirgan “Milliy investitsiya jamgʻarmasi” tashkil etildi. Jamgʻarma boshqaruviga nufuzli “Franklin Templeton” kompaniyasi jalb qilindi. Kelgusi yilning oʻzida jamgʻarmaning aksiyalar paketi xalqaro IPO ga chiqariladi. Shuningdek, professional konsultantlar jalb qilinib, ikki yilda 29 ta yirik davlat kompaniyasi xususiylashtiriladi.

Yangi biznes imkoniyatlari kashf etildi

Transport va logistika sohasi — har qanday mamlakat iqtisodiyotining qon tomiri. Shu bois mazkur sohaga ham xususiy kapital faol jalb qilinmoqda. Masalan, Samarqand, Namangan, Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlari davlat-xususiy sheriklik asosida salohiyatli investorlar boshqaruviga berildi. Urganch aeroporti boshqaruviga dunyoning yetakchi “Inchon” kompaniyasi jalb qilindi. Kelgusi yilda Nukus, Termiz, Fargʻona, Navoiy aeroportlari boʻyicha ham tenderlar oʻtkaziladi.

Yana bir muhim jihat shuki, poytaxtimizda yashab ishlayotgan aholi soni 5 mln.dan oshdi. Shu bois 2 mln. aholiga moʻljallangan “Yangi Toshkent” shahrini barpo etib, poytaxtni megapolisga aylantirish ishlari jadal olib borilyapti. Bu yerda yiliga 20 mln. yoʻlovchiga xizmat koʻr­satish imkoniyatiga ega aeroport, temir yoʻl va avtomobil transportini qamrab olgan “multimodal xab” quriladi. Yirik savdo komplekslari va moliya markazlari qad koʻtaradi. Ushbu megaloyihani birgalikda amalga oshirish uchun investorlar, xalqaro moliya institutlari va banklar taklif qilinmoqda. Davlatimiz rahbari mintaqadagi qoʻshnilar bilan yoʻlga qoʻyilgan ochiq va doʻstona siyosat davom ettirilishini bayon qilib, Markaziy Osiyoda “Investitsiya va savdo uchun yaxlit hudud konsepsiyasi”ni ilgari surdi.

Bu taklif va tashabbuslardan chiqariladigan xulosa bitta: jahon tajribasi shuni koʻrsatadiki, qaysi davlat faol investitsiya siyosatini yuritgan boʻlsa, oʻz iqtisodiyotining barqaror oʻsishiga erishgan. Shu sababli investitsiya, bu — iqtisodiyot drayveri, oʻzbekcha aytganda, iqtisodiyotning yuragi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Biz faqat investitsiyalarni faol jalb qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish hisobidan iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirishga erishamiz. Iqtisodiyotdagi ijobiy natijalar esa ijtimoiy sohada toʻplanib qolgan muammolarni tizimli hal etish imkonini yaratadi.

Aytish joizki, IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida umumiy qiymati 30,5 mlrd. dollarlik investitsiya va savdo bitimlari imzolangani uning samarali va koʻtarinki ruhda oʻtganidan dalolat beradi. Investor hech qachon biror-bir loyihaga oʻz-oʻzidan sarmoya kiritmaydi. Hamkor izlashdan avval atrofni oʻrganadi, sarmoya kiritmoqchi boʻlgan mamlakatining imkoniyatlari bilan tanishadi, tahlil qilib, oʻzicha chamalaydi va shundan keyin bir qarorga keladi. Chunki amalga oshiriladigan loyihaga katta pul tikilar ekan, uning samara berishi barcha tomon uchun birdek zarur. Imzolangan kelishuvlar shundan dalolat beradiki, Oʻzbekistonga ishonch qaytdi. Forum doirasida Toshkent viloyatida quvvati 1400 megavatt boʻlgan issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish, Fargʻona viloyatining Beshariq tumanida quvvati 500 megavatt, Namangan viloyatining Pop tumanida quvvati 200 megavatt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish boʻyicha investitsiya hamda elektr energiyasini sotib olish bitimlari imzolandi. Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida — Sariosiyo tumanidan Shahrisabz tumanigacha yangi pulli avtomobil yoʻli quriladi.

Yangi Namangan shaharchasi hududida esa zamonaviy koʻp qavatli uy-joy va ofislar barpo etiladi. Xavfli chiqindilarni qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasini moliyalashtirish boʻyicha ham kelishuvga erishilgan. Bundan tashqari, Oʻzbekistonda sanoat, energetika, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarni rivojlantirishga qaratilgan koʻplab investitsiya shartnomalari imzolandi. Ushbu loyihalarni yaqin yillarda amalga oshirish bevosita mamlakat taraqqiyotiga, aholi bandligini taʼminlash va farovonligini oshirishga, hududlarda infratuzilma, iqtisodiyot tarmoqlari keng rivojlanishiga yoʻl ochadi.

Toʻlqin TESHABOYEV,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?