Qator nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari Oʻzbekiston Prezidentini qutlamoqda

18:19 24 Iyul 2025 Siyosat
176 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tavallud kuni munosabati bilan tabriklar kelishda davom etmoqda. Xususan, qator nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari davlatimiz rahbarini qutlamoqda.

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!

Sizni muborak tavallud ayyomingiz munosabati bilan Turkiy davlatlar tashkiloti Kotibiyati hamda shaxsan oʻz nomimdan samimiy tabriklashga hamda ezgu tilaklarimni bildirishga ijozat bergaysiz.

Bugun Sizning dono rahbarligingiz va rahnamoligingiz ostida qardosh oʻzbek diyorida barcha sohalarda buyuk islohotlar amalga oshirilmoqda va Yangi Oʻzbekiston barpo etilmoqda. Ushbu keng qamrovli islohotlar kelgusida xalqingiz farovonligi va ravnaqiga ulkan hissa qoʻshishiga ishonchim komil.

Siz Janobi Oliylari tomonidan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ilgari surilgan dolzarb tashabbuslar, strategik qarashlar va takliflar davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirib, hamjihatlik va birodarlik ruhini mustahkamlamoqda.

Mushtarak gʻoya va azaliy qadriyatlarimiz asosida rivojlanib borayotgan aloqalarimizning bardavom boʻlishiga hamda kelajak avlodlarimiz uchun har jihatdan kuchli va barqaror boʻlgan Turkiy dunyoning bunyod etilishiga aminman.

Fursatdan foydalanib, Siz Janobi Oliylarini yana bir bor tavallud ayyomingiz bilan qutlagan holda, Sizga mustahkam sogʻlik, oilaviy baxt- saodat, sharafli davlatchilik faoliyatingizda yangi zafarlar, qardosh oʻzbek xalqiga esa tinchlik-omonlik, bardavom taraqqiyot va farovonlik tilayman.

Chuqur hurmat va ehtirom ila,

Kubanichbek Omuraliyev,

Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Tugʻilgan kuningiz munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qiling.

Jonajon Oʻzbekiston ravnaqi va Hamdoʻstlik mamlakatlari bilan sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan oqilona va uzoqni koʻzlagan siyosatingiz barchada chuqur hurmat uygʻotadi.

Sizning rahbarligingizda respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda salmoqli yutuqlarga erishdi, uning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori muttasil yuksalib bormoqda.

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligidagi hamkorlar Sizning MDH makonida integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirishga qoʻshayotgan shaxsiy salmoqli hissangizni qayd etmoqdalar. Sizning qoʻllab-quvvatlashingiz tufayli koʻp tomonlama hamkorlik kengaymoqda, birlashmamizning jadal rivojlanishiga xizmat qilayotgan muhim tashabbuslar amalga oshirilmoqda.

Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik, farovonlik va oliy davlat lavozimidagi serqirra faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

Chuqur hurmat bilan,

Sergey Lebedev,

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi bosh kotibi

Janobi Oliylari!

Siz tavallud topgan ushbu quvonchli kunda Sizga eng samimiy tabriklarimni yoʻllash hamda mustahkam sogʻlik, muvaffaqiyat va baxt-saodat tilash sharafiga muyassarman.

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Sizning IHT doirasidagi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi qarashlaringiz va yetakchiligingizdan katta foyda koʻrdi. IHTga aʼzo davlatlar farovonligi yoʻlida umumiy maqsad va vazifalarimizga erishishda Sizning qoʻllab-quvvatlashingiz va rahnamoligingizni kutib qolamiz.

Janobi Oliylari, Sizga boʻlgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.

Asad Xon,

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Tavallud kuningiz bilan samimiy tabriklarimni qabul qiling!

Sizning oqilona rahbarligingizda Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotni rivojlantirish, fuqarolar farovonligini yuksaltirish borasida ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi huzurida kuzatuvchi maqomini oldi.

Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasida Sizning birlashmamiz doirasidagi integratsiya jarayonlariga doimiy eʼtiboringiz, Oʻzbekiston va EOII mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qoʻshayotgan katta shaxsiy hissangiz yuksak qadrlanadi.

Komissiya nomidan va shaxsan oʻz nomimdan Sizga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat hamda Oʻzbekiston Respublikasi va uning fuqarolari farovonligi yoʻlidagi masʼuliyatli davlatchilik faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar tilashga ijozat bergaysiz!

Hurmat bilan,

Bakitjan Sagintayev,

Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hayʼati raisi

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!

Tugʻilgan kuningiz munosabati bilan samimiy tabriklab, mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va oʻylagan niyatlaringiz roʻyobga chiqishini tilayman. Ushbu fayzli kun Sizga mamlakat va xalqingiz xizmatidagi faoliyatingizga quvonch va yangi ilhom olib kelsin.

Sizning uzoqni koʻzlagan rahbarligingizda Oʻzbekiston iqtisodiyot barqarorligini mustahkamlash, shaffoflikni oshirish va imkoniyatlarni kengaytirish borasida ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi. Bu oʻzgarishlarga guvoh boʻlish va ularni qoʻllab-quvvatlash men uchun sharaf. Sizning islohotlar va inklyuziv taraqqiyotga qatʼiy sodiqligingiz butun mintaqa uchun yorqin namuna boʻlib xizmat qilmoqda.

Ishonchim komilki, kelgusi yillarda yaqin hamkorligimiz yanada chuqurlashib, barqaror oʻsish va farovonlikning umumiy maqsadlariga erishishga xizmat qiladi. Sherikligimiz yanada mustahkamlanishini intiqlik bilan kutmoqdaman.

Janobi Oliylari, Sizga boʻlgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.

Odil Reno-Basso,

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер