Uchinchi Renessansga eltuvchi maʼrifat koʻprigi: Oʻzbekiston—Pokiston hamkorligining yangi bosqichi

17:36 11 Dekabr 2025 Siyosat
263 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Oʻzbekiston va Pokiston xalqlari asrlar davomida oʻzaro adabiy, madaniy va maʼnaviy rishtalar bilan bogʻlanib keladi. Bu bogʻliqlikka ilk poydevor qoʻygan akademik Oybek domla boʻlsa, ushbu xayrli anʼanani davom ettirib, yangi mazmun va ruh bagʻishlagan zabardast publitsist Dadaxon Nuriy boʻldi. Uning “Safarnoma”, “Daricham roʻparasidagi Pokiston” kabi asarlari ikki xalqni yanada yaqinlashtirdi, bir-birini chuqur anglashga xizmat qildi.

Bugun esa ushbu maʼrifat estafetasini pokistonlik yozuvchi Muhammad Abbos Xon davom ettirmoqda. Uning “Oʻzbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” nomli kitobi madaniy muloqotimizga yangi nafas, yangi ruh bagʻishlab, ikki mamlakat maʼnaviy hamjihatligini mustahkamlayotgan asar sifatida qimmatga ega.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Pokistonlik siyosatshunos, jurnalist Muhammad Abbos Xon asarida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans gʻoyasi butun insoniyatni hamkorlikka, tinchlik va maʼrifatga chorlovchi abadiy gʻoya sifatida talqin etiladi. Muallifning taʼkidlashicha, tarixda davlatlar, imperiyalar barham topadi, ammo buyuk gʻoyalar doimiydir — ular insoniyat tafakkurini, kelajak yoʻlini belgilab beradi.

Shu maʼnoda Uchinchi Renessans gʻoyasi muallif nazarida inson tafakkurining cheksiz ufqiga quyilgan qudratli daryo kabi. U jamiyatni yangi marralarga yetaklovchi maʼrifat nuridir.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Kitobga Pokiston Bosh vaziri Muhammad Shahboz Sharifning soʻz boshi yozgani esa mazkur fikr va tashabbuslarning nafaqat Pokiston, balki jahon miqyosidagi ahamiyati yuqori ekanidan dalolat beradi.

Muallif Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Xayrli ish yaxshi niyatdan boshlanadi” degan soʻzlarini kitobning falsafiy asosi sifatida talqin qiladi. Bu fikrga koʻra, chin maʼnodagi islohot va taraqqiyot avvalo, inson qalbidagi ezgulik, adolat va pok niyatdan boshlanadi.

Badiiy-publitsistik asarda mamlakatimiz davlatchiligining uch ming yillik tarixiy tajribasiga oid misollar ham keltirilishi Uchinchi Renessans poydevorining tarixiy manbalarga tayangan holda yaratilayotganini koʻrsatadi.

Kitobning har bir bobi oʻquvchini teran mulohazaga chorlaydi: tarix devor emas — koʻprik, kelajak esa raqobat emas, balki hamkorlik maydoni ekani haqidagi fikrlar jonli voqealar va hayotiy misollar bilan asoslab berilgan.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Poytaxtimizning Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi “Maʼrifat markazi”da boʻlib oʻtgan asar taqdimoti ham fikr va gʻoyalar maydoniga aylandi. Unda mamlakatimiz va Pokistondan kelgan ziyolilar, davlat arboblari, olimlar, yozuvchilar ishtirok etdilar. Anjumanni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi – Spichrayteri Xayriddin Sultonov, Pokiston Islom Respublikasi Prezidentining Matbuot kotibi va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik boʻyicha maslahatchisi Murtazo Solangilar kirish soʻzi bilan ochdi va ishtirok etdi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Spikerlardan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi aʼzosi Azamat Ziyo, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining savdo va sanoat masalalari boʻyicha koordinatori Rana Ixsaan Afzal Xon, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduxalimov, Pokiston Islom Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Faruk Ahmad,  Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi Alisher Agzamxodjayev, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid asarning mazmun-mohiyatini ochib berib, uning hozirgi globallashuv davrida xalqlar oʻrtasida oʻzaro tushunish koʻprigi ekanini taʼkidladilar.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Ushbu nufuzli maʼrifiy tadbir ishtirokchisi, Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasi aʼzosi, adabiyotshunos Dilfuza Qarshiboyevaning fikricha, ushbu kitob nafaqat siyosiy, balki yuksak maʼnaviy-mafkuraviy ahamiyatga ega.

— Muhammad Abbos Xon asari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatini nafaqat tushuntiradi, balki uning maʼnaviy-axloqiy poydevorini ham ochib beradi,  deydi D.Qarshiboyeva.  Mazkur badiiy-publitsistik nodir asar hozirgi kunda Yangi Oʻzbekistonimizda yaratilayotgan Uchinchi Renessansning markazlaridan biri sifatida dunyoga tanituvchi intellektual manbaga aylangan. Asar oʻquvchini oʻylashga, anglashga, eng muhimi, ezgu niyat bilan yashashga chorlaydi.

“Oʻzbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” asari nafaqat adabiy yoki publitsistik asar, balki madaniy muloqot, oʻzaro anglash va hamjihatlikning yangi davriga yoʻl ochuvchi qudratli maʼnaviy koʻprikdir.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

U insoniyatni ezgu niyat, tinchlik, hamkorlik va maʼrifatga chorlovchi gʻoyalarni oʻz ichiga olgani uchun ham darajasi yuqori, qimmati beqiyos.

 Bu asarni oʻqir ekanman, Oʻzbekistondagi islohotlar ildizi qanchalik chuqur va muazzam ekanini yana bir karra angladim, — deydi Geologiya fanlari universiteti 1-prorektori Bahrom Urunov.  Uchinchi Renessans gʻoyasining mohiyati — faqat texnologik yoki iqtisodiy rivojlanish emas, balki insonning oʻzi, uning bilim, axloq va maʼnaviy kamolotini ulugʻlashdir. Muhammad Abbos Xon ana shu haqiqatni juda nozik his va chuqur tahlil bilan yoritgan.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Muhammad Abbos Xonning Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasining faxriy aʼzosi sifatida eʼtirof etilishi esa ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlikning yana bir yorqin ramzi boʻldi.

Bu asar shubhasiz, Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi maʼnaviy doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlaydi va kelajakdagi yangi hamkorliklar uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi.

Ulugʻbek ROʻZIMATOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?