Qashqadaryo viloyati qoʻgʻirchoq teatrining yangi binosi foydalanishga topshirildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Qashqadaryo viloyat qoʻgʻirchoq teatri 1994-yilda viloyat musiqali-drama teatri qoshida tashkil etilgan.

Oʻtgan yillar ichida teatr jamoasi yigirmadan ortiq yangi spektakllarni sahnalashtirib, bolajonlarga taqdim etdi. Xalqaro hamda respublika miqyosidagi koʻplab tanlov va festivallarda ishtirok etib, gʻolib va sovrindorlar safidan joy egallashdi. Jamoada yana yangi-yangi imkoniyatlarni ishga solish, katta marralarni zabt etishga ishtiyoq yuqori. Biroq teatrning oʻz binosiga ega emasligi, turli moslashtirilgan binolarda ijarada turib faoliyat yuritayotgani maʼlum maʼnoda jamoa imkoniyatlarini cheklayotgan edi.

Shu maʼnoda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-yanvardagi tegishli qarori asosida, 25 milliard soʻm mablagʻ evaziga qurib bitkazilgan muhtasham va zamonaviy bino viloyat Qoʻgʻirchoq teatri jamoasi uchun ham, teatr ixlosmandlari uchun ham quvonchli voqelikka aylandi.

— Bu yerda teatr jamoasining oʻz ijodiy faoliyatini amalga oshirishi hamda bolajonlar va ota-onalarning spektakllarni miriqib tomosha qilishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan, — deydi Qashqadaryo viloyat qoʻgʻirchoq teatri direktori Elbek Eshmurodov. — Xususan, binoda 204 tomoshabinga moʻljallangan katta hamda 60 tomoshabin sigʻimiga ega kichik zal, aktyorlar xonasi, oshxona, tibbiy xizmat koʻrsatish xonasi hamda xodimlar uchun ofis xonalari mavjud. Shuningdek, qoʻgʻirchoq teatri muzeyi uchun alohida joy hozirlangan.

Teatrning yangi binosi foydalanishga topshirilishi haqiqiy madaniyat va sanʼat bayramiga aylanib ketdi. Ayniqsa, taniqli sanʼatkorlarning dilrabo kuy-qoʻshiqlari, shuningdek, qashqadaryolik hamkasblarini qutlash uchun ijro etilgan kichik spektakllar tadbirga yanada oʻzgacha zavqu shavq bagʻishladi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Inson Faxri” milliy mukofoti sohiblari taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring