Oziq-ovqat xavfsizligi: muammolar, islohotlar va strategik yondashuvlar

20:45 13 May 2025 Jamiyat
87 0

Illyustrativ foto

Bugungi kunda insoniyat duch kelayotgan eng jiddiy global muammolardan biri, bu — oziq-ovqat xavfsizligidir. Har yili yuz millionlab insonlar sifatsiz yoki nazoratsiz oziq-ovqat mahsulotlari tufayli sog‘lig‘iga zarar yetkazadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 600 million nafar kishi oziq-ovqatdan zaharlanadi, ularning 420 ming nafari esa hayotdan ko‘z yumadi. Bunday holatlar sog‘liqni saqlash tizimi uchun ham, milliy iqtisodiyot uchun ham og‘ir yuk bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston ham ushbu global muammoni chuqur anglagan holda, so‘nggi yillarda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha tizimli islohotlarni boshlab yubordi. Bu sohadagi sa’y-harakatlar zamirida ikki muhim maqsad yotadi, birinchidan, aholining sog‘lig‘ini saqlash, ikkinchidan, eksport bozorlarida raqobatbardosh bo‘lish. Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati nafaqat ichki iste’molchilar, balki xalqaro savdo hamkorlari uchun ham asosiy talab bo‘lib qolaveradi.

Yaqinda boshlagan FAO (BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti) bilan hamkorlikdagi loyiha aynan shu yo‘nalishda muhim bosqich bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu loyiha doirasida oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha milliy nazorat tizimi xalqaro standartlar asosida tahlil qilinmoqda, qonunchilik takomillashtirilib, malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi muammolar faqat nazorat yoki texnologiyalarning yetishmasligiga borib taqalib qolmaydi. Bu, avvalo, kompleks yondashuv talab qiladigan masaladir. Jumladan, yer resurslarining to‘g‘ri boshqarilishi, ishlab chiqarishdagi gigiyena me’yorlariga rioya etilishi, logistika tizimidagi uzilishlar, axborot yetkazishdagi kamchiliklar hamda iste’molchilar madaniyatining yetarli darajada shakllanmagani bu boradagi muhim masalalardir.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun esa uch yo‘nalishda muvozanatli ish olib borilishi zarur.

Birinchidan, huquqiy baza va tartibga solish tizimini takomillashtirish, xalqaro standartlarga mos ravishda yangilash zarurati mavjud. Ikkinchidan, texnik nazorat va laboratoriya infratuzilmasini rivojlantirish, xavfga asoslangan monitoring tizimini joriy qilish ham kechiktirib bo‘lmaydigan masalalardan biridir.

Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari va ta’lim orqali aholining oziq-ovqat madaniyatini oshirish, iste’molchi sifatida fuqarolarning ongli ishtirokini rag‘batlantirish yo‘nalishlariga ham alohida e’tibor qaratilishi lozim.

FAO ekspertlarining bahosiga ko‘ra, O‘zbekistonda qabul qilinayotgan huquqiy va amaliy choralar nafaqat milliy sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash, balki butun agrar sektorning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, milliy oziq-ovqat xavfsizligi strategiyasining ishlab chiqilishi bu yo‘nalishda uzoq muddatli natijalarni kafolatlaydi.

Umuman olganda, oziq-ovqat xavfsizligi, bu — faqat sog‘liqni saqlash yoki qishloq xo‘jaligi sohasi doirasidagi masala emas. Bu ijtimoiy barqarorlik, iqtisodiy mustahkamlik va xalqaro imijni belgilovchi strategik yo‘nalishdir. O‘zbekistonda bu boradagi yondashuv tobora tizimli tus olayotgani esa, sohada sifat o‘zgarishlarga zamin yaratmoqda.

O‘lmasbek Abdurahimov,

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер