Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro nufuzli Prix Avicenne 2025 mukofotiga sazovor boʻldi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Yevropa nufuzli mukofotlaridan biri — Prix Avicenne 2025 (Avitsenna mukofoti 2025)ga sazovor boʻldi.
Parijdagi Fransiya Milliy tibbiyot akademiyasi binosida boʻlib oʻtgan tantanali marosimda yetakchi olimlar, tib tarixchilari, sharqshunoslar, islom merosi boʻyicha mutaxassislar va Yevropa madaniy muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Ushbu tadbir davomida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga buyuk Avitsena yodgorlik haykalchasi va mukofot diplomi topshirilishi eʼlon qilindi.
Fransuz ilmiy jamoasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaz faoliyati — inson tarixidagi buyuk olimlardan biri Ibn Sinoning merosini oʻrganishda zamonaviy yondashuvning namunaviy misoli boʻlganini alohida taʼkidladi.
Shuningdek, Oʻzbekiston bugun nafaqat oʻzining madaniy-ilmiy oʻtmishiga gʻamxoʻrlik qilayotgani, balki jahon gumanitar fanlariga ham salmoqli hissa qoʻshib, yangi keng koʻlamli loyihalarni, tadqiqot standartlarini, restavratsiya, kataloglash va islom intellektual merosini targʻib etishni ilgari surayotgani eʼtirof etildi.
Akademiya mutaxassislari olib borilayotgan ishlar hajmini yuqori baholadi. Jumladan, Markaz Avitsennaning eng nodir qoʻlyozma asarlarini qayta tikladi, eng yirik ixtisoslashtirilgan arxivlar va elektron kataloglar yaratmoqda, “Tib ilmi qonuni” qoʻlyozmalarini solishtiruvchi xalqaro ilmiy loyihalar olib bormoqda, tibbiyotga oid ilmiy asarlarni tiklash yoʻnalishlarini rivojlantirmoqda, Markazda Markaziy Osiyo buyuk mutakallimlarining jahon fanlariga qoʻshgan hissasiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyalar tashkil etilmoqda. Fransuz olimlari fikriga koʻra, Markazda yaratilgan ekspozitsiya Avitsenna merosini oʻrganish va tadqiq qilishni yangi bosqichga olib chiqib, Oʻzbekistonni ushbu sohada yetakchi maydonga aylantirmoqda.

Islom sivilizatsiyasi markazi direktori va Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash, oʻrganish va targʻib qilish boʻyicha Jahon jamiyati raisi Firdavs Abduxalikov mukofotni qabul qilar ekan shunday dedi:
«Ushbu mukofot — hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning keng qamrovli faoliyatiga xalqaro eʼtirofning yana bir yorqin tasdigʻi boʻlib xizmat qiladi. Prezidentimiz Islom sivilizatsiyasi markazini yaratish tashabbuskori sifatida faoliyat yuritgan — bu noyob mualliflik ilmiy-madaniy mega-loyiha boʻlib, Sharqning buyuk mutafakkirlarining asl intellektual merosini dunyoga keng targʻib qilishga qaratilgan.
Prix Avicenne — bu markazning ilmiy va taʼlimiy mazmunini shakllantirayotgan yuzlab milliy va xorijiy olimlar, tadqiqotchilar, tarjimonlar va ekspertlarning mehnatiga yuqori hurmat va munosib baho. Ushbu mukofot shuningdek, Markaziy Osiyoning global ilmiy tafakkur rivojidagi tarixiy roliga jahon hamjamiyatining chuqur hurmatini ramziy ifodalaydi.
Biz bundan keyin ham xalqaro tadqiqotlarni kengaytirishni, ilmiy aloqalarni mustahkamlashni va Avitsenna hamda yurtimizning barcha buyuk mutafakkirlarining merosiga bagʻishlangan ishlarni davom ettiramiz».
Maʼlumot uchun, Fransiyaning yetakchi ilmiy tashkilotlari tomonidan taʼsis etilgan Prix Avicenne mukofoti gumanitar va tabiiy fanlarda koʻrsatilgan muhim yutuqlar hamda tarixiy va ilmiy merosni saqlash va targʻib etishga qoʻshilgan hissa uchun beriladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring