“Oʻzbekneftgaz” AJ 850 million AQSH dollarlik xalqaro obligatsiyalarni chiqardi

11:53 02 May 2025 Iqtisodiyot
190 0

2025-yil 30-aprel kuni “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati xalqaro kapital qarz bozoriga muvaffaqiyatli tarzda qaytib, 5-yil muddatli, 144A/RegS formatidagi katta nominalli xalqaro obligatsiyalarni chiqardi.

Obligatsiyalar chiqarilishi xalqaro miqyosda yuqori qiziqish bilan qarshi olindi. Jumladan, Buyuk Britaniya, AQSH, Yevropa, Shveysariya va Osiyo mamlakatlaridagi fond boshqaruvchilari, banklar, xususiy banklar, pensiya jamgʻarmalari va sugʻurta kompaniyalari singari yirik institutsional investorlar tomonidan umumiy 1,9 milliard AQSH dollarlik buyurtma qabul qilindi. Bu esa “Oʻzbekneftgaz” AJga obligatsiyalar narxini 37,5–50 bazis punktigacha kamaytirish va emissiya hajmini avval belgilangan rejadan oshib, 850 million dollargacha oshirish imkonini yaratdi.

Bunday muvaffaqiyatli emissiya “Oʻzbekneftgaz” AJning xalqaro moliyaviy bozordagi barqaror kredit reytingi va Oʻzbekistonning moliyaviy salohiyatiga boʻlgan ishonchni yanada mustahkamladi. Shuningdek, bu mamlakat iqtisodiyoti uchun investitsion muhitni kengaytirish va yangi moliyalashtirish manbalarini jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur bitimni amalga oshirishda dunyodagi yetakchi moliyaviy institutlar — “J.P.Morgan”, “Abu Dhabi Commercial Bank”, “Deutsche Bank”, MUFG va “Standard Chartered Bank Bookrunner” sifatida qatnashdi. Shu bilan birga, “Oʻzsanoatqurilishbank” “Co-Manager” sifatida loyihaga oʻz hissasini qoʻshdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?