Ittifoqchilik yangi ufqlar sari yoʻl ochadi

Jahon siyosiy sahnasida murakkab va tahlikali jarayonlar kechayotgan bir paytda Oʻzbekiston va Ozarbayjon davlatlari oʻrtasidagi munosabatlar nafaqat qardoshlik, balki strategik ittifoqchilik asosida yangi bosqichga koʻtarildi. Joriy yilning 2–4-iyul kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida boʻlib oʻtgan Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ishtirok etishi mamlakatimiz uchun katta siyosiy, iqtisodiy va ilmiy-maʼrifiy ahamiyatga ega boʻldi.
Ushbu tashrif doirasida imzolangan 16 ta ikki tomonlama hujjat orasida taʼlim, ilm-fan, innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan kelishuvlar alohida ahamiyat kasb etadi. Bu esa Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan tashqi siyosatda fan, taʼlim va innovatsiyalarga ustuvor ahamiyat qaratilayotganidan dalolat beradi. Ayniqsa, maktabgacha taʼlimdan tortib, oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot ishlarigacha boʻlgan sohalarni qamrab olgan kelishuvlar Oʻzbekiston va Ozarbayjon respublikalari oʻrtasidagi uzoq muddatli ilmiy-maʼrifiy hamkorlikning poydevorini yanada mustahkamlaydi.
Bu borada Andijon davlat universiteti misolida amaliy natijalarni koʻrish mumkin. Joriy yilning 28–29-may kunlari mazkur universitetda boʻlib oʻtgan “Oʻzbekiston – Ozarbayjon: oliy taʼlim sohasida hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari” mavzusidagi rektorlar forumi shunday yutuqlardan biridir. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Ozarbayjon Respublikasi Fan va taʼlim vazirligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu nufuzli forumda 50 dan ortiq oliy taʼlim muassasasi rahbarlari ishtirok etib, hamkorlikning yangi mexanizmlarini muhokama qilishdi. Forumda qoʻshma taʼlim dasturlari, talabalar va professor-oʻqituvchilar almashinuvi, texnoparklar tashkil etish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish, hamkorlikda xalqaro ilmiy tadqiqotlar olib borish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Bu esa nafaqat har ikki mamlakat fan-taʼlim tizimini rivojlantiradi, balki mintaqaviy barqarorlikka ham hissa qoʻshadi.
Kelgusida Andijon davlat universiteti Ozarbayjonning yetakchi oliygohlari bilan ilmiy hamkorlikni kengaytirish, talabalar uchun qoʻshma mahorat darslari va magistratura dasturlarini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, ilmiy innovatsion markazlarni tashkil etishni maqsad qilgan. Bu orqali har ikki davlat yoshlari uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochiladi. Shu tariqa, ikki davlat rahbarlari tomonidan imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari, taʼlim sohasida ham amaliy natijalar bilan toʻldirilib, yosh avlod uchun mustahkam poydevor yaratiladi. Demak, Prezidentimiz tashrifi nafaqat siyosiy, balki maʼrifiy va ilmiy sohalar rivoji yoʻlida ham yurtimiz uchun manfaatli qadam boʻladi.
Talantbek MADUMAROV,
Andijon davlat universiteti prorektori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring