Issiqlik yetkazib berishning yopiq tizimiga oʻtildi

12:11 02 Dekabr 2025 Jamiyat
157 0

Qish mavsumida isteʼmolchi sifatida koʻpchilikni issiqlik taʼminoti masalasi qiziqtirishi tayin.”Buxoroenergomarkaz” aksionerlik jamiyati mijozlarining esa xavotirlanishlariga hojat yoʻq. Negaki, korxonada modernizatsiya ishlari amalga oshirildi.Mijozlarga markazlashtirilgan issiqlik yetkazib berishning yopiq tizimiga oʻtildi.

Dastlab obyektlarda jami 273 ta individual issiqlik punkti oʻrnatildi. Beshta zamonaviy suv isitish qozoni oʻrnatildi. 5,5 kilometr uzunlikdagi tarmoqlar rekonstruksiya qilindi. Bu yumushlar yoʻqotishlar oldini olibgina qolmay, kimyoviy tozalangan suvni tejash ham imkonini bermoqda. Punktlardagi aqlli hisoblagichlar vositasida esa energiya miqdori, harorati, bosimi real vaqt rejimida kuzatib boriladi. Boshqacha aytganda, isteʼmolchi uchun ham, yetkazib beruvchi uchun ham hammasi besh panjadek ayon. Yana bir qulayligi shundaki, tashqi havoga qarab haroratni avtomatik sozlash mumkin. Nosoz holatlarni onlayn aniqlash va ularga tezkorlik bilan barham berishga ham shart – sharoit mavjud. Bu yumush mamlakatimiz hamda Jahon bankining “Andijon, Chirchiq, Buxoro va Samarqand shaharlarida markazlashtirilgan issiqlik taʼminoti tizimini rekonstruksiya qilish va energiya samaradorligini oshirish” qoʻshma loyihasi doirasida bajarildi.

Korxona masʼullarining taʼkidlashlaricha, loyiha sharofati bilan yiliga 6,4 million kub metr tabiiy gaz, 0,9 million kilovatt soat elektr energiyasi, 1 million kub metr ichimlik suvi iqtisod qilinishiga erishiladi. Havoga chiqarib yuboriladigan zararli gazlar miqdori ham keskin kamayadi.

Mazkur korxona ayni paytda Buxoro shahridagi 202 ta koʻp qavatli uyda istiqomat qiluvchi salkam oʻttiz ming aholi hamda 30 dan ziyod ijtimoiy soha obyektlariga xizmat koʻrsatmoqda.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?