Hoʻqandi latifga nur kiritgan tashabbuslar

Bugun har qachongidan-da maftunkor, dunyoning megapolis shaharlaridan biriga aylanib borayotgan Qoʻqon sharqona latofati bilan jahon hamjamiyatini oʻziga tortmoqda. Bu latif shaharga kelgan kishi oʻzini ertaklar olamiga tushib qolgandek his qiladi. Hunarmandchilikning eng mohir usta-yu ustazodalari – yogʻoch oʻymakorligi, ganchkorlik, kulolchilik, toʻqimachilik, zardoʻzlik, sozgarlik, kandakorlik, zargarlik deysizmi, hammasining oʻziga xos ijodiy maktab va anʼanalari bor.
Joriy yilda koʻhna kentning “Aziztepa” MFY hududida qurilishi boshlangan “Yangi Oʻzbekiston” massividagi bunyodkorlik ishlari ham shahar koʻrkiga-koʻrk qoʻshmoqda. Ezgu tashabbuslar doirasida 34,2 gektar maydonda 6 ming 385 xonadonli 84 ta koʻp qavatli uylar qad rostlayotganidan aholi minnatdor. Ayni paytda ushbu manzilga 50 ta zamonaviy kranlar, 200 dan ortiq yuk mashinalari jalb etilgan. Ikki ming nafar quruvchilar mehnat qilmoqda.
— Yaqin yillargacha shaharda barmoq bilan sanarli toʻqqiz qavatli bino boʻlib, shungayam quvonib yurardik,— deydi “Nuroniy” jamgʻarmasi Qoʻqon shahar boʻlimi rahbari Manzur Abdullayev. — Shahrimizda bunday katta qurilish 75-yil davomida boʻlmagan. Hozir oʻsha dilni ezadigan eski chordevorlar, pastqam uylar, tor va diqqinafas koʻchalar oʻtmishga aylangan. Keyingi yillarda Qoʻqon nufuzli xalqaro anjuman va festivallar markaziga aylanib borayotganidan xursandmiz. Yildan-yilga aholi soni ham oshib bormoqda. Bunday ulkan megaloyihalarni amalga oshirish aholini bugunidan rozi, ertasidan koʻngli toʻq yashashiga xizmat qiladi.
Mazkur yangi massivda taʼlim muassasalari, Biznes markazi, mehmonxona, savdo va koʻngilochar maskanlar ham qurib bitkaziladi. Uning markazida sayilgoh tashkil etiladi. Maroqli hordiq chiqarish uchun barcha qulay sharoitlar, manzarali daraxtlar alleyalari yaratiladi. Shu tariqa yaqin istiqbolda bu yerda 50 ming nafar hamyurtimiz toʻkis hayot kechirishi uchun eng zamonaviy qulayliklar yaratiladi. Eʼtiborlisi, qurilish jarayoni toʻliq davlat mablagʻlari hisobidan bajarilmoqda. Uylar qurib bitkazilgach, yangi xonadon orzusidagi hamyurtlarimiz quruvchilar emas, toʻgʻridan-toʻgʻri tijorat banklari bilan shartnoma tuzadi. Bu ortiqcha ovoragarchiliklarning ham oldini oladi.
— Biz jamoamiz bilan 16 qavatli uy quryapmiz, — deydi qurilish sohasida yigirma yillik tajribaga ega Sevgiddin Gʻoyipov. — Ish jarayonida eng ilgʻor va yangi tajribalardan foydalanyapmiz. Shu bois imorat juda qisqa vaqtda koʻtarildi. Bir paytning oʻzida turli bezaklar, pardoz berish ishlari ham olib borilmoqda. Qurilish boshlashdan oldin turli tahlillar oʻtkazilib, binoning 8 balli zilzilaga bardoshliligi taʼminlandi.
Ayni paytda hududdagi koʻplab uylarda tashqi bezak berish, ichki pardozlash, jihozlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Renovatsiya dasturi doirasida mahallaga yondosh koʻchalarda ham keng koʻlamli qurilish ishlari olib borilmoqda. Movarounnahr koʻchasidagi maʼnan eskirgan ikki qavatli eski uylar oʻrnida 9 qavatli uylar qurib bitkazilib, bosqichma-bosqich yangi uyi egalariga topshirilmoqda. Yangilanayotgan Qoʻqon timsolida muhtashamlik bilan birga goʻzallik, salobat, obodlik mujassam. Yangi massivdagi ulugʻvorlikni koʻrib dilingiz yayraydi.
Botir MADIYOROV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Dollar kursi tushishda davom etmoqda
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring