Sirdaryo taraqqiyotida yangi bosqich — Prezident tashrifi fotolavhalarda
Foto: Xasan Paydoyev / «Xalq so‘zi»
Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 dekabr kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurib, hududning sanoat, ijtimoiy infratuzilma va aholiga xizmat ko‘rsatish tizimlarida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishdi, yangi loyihalar ijrosi bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Safar Sirdaryo tumanidagi infuzion dori vositalari ishlab chiqaruvchi “River Med Pharm” korxonasidan boshlandi. Prezidentimiz korxonaning ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi, yangi bosqich loyihalari bilan tanishdi. Bu yerda yiliga 100 milliondan ortiq dori vositalari ishlab chiqariladi va yuzlab ish o‘rinlari yaratilgan.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “Invest Asia” korxonasida bo‘ldi. Bu majmua Markaziy Osiyodagi yetakchi qadoqlash materiallari ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lib, minglab ish o‘rinlarini ta’minlamoqda. Prezident ishlab chiqarish quvvatlari, eksport ko‘rsatkichlari va yangi loyihalar bilan yaqindan tanishdi.

Korxonada xorijiy investorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirkorlar Sirdaryoda amalga oshirayotgan loyihalar haqida ma’lumot berib, davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirdilar.

Prezident Guliston shahridagi Bo‘ston mahallasiga tashrif buyurdi. Bu yerda ko‘p qavatli uylar ta’mirlanib, issiqlik tarmoqlari yangilangan, yangi qozonxona barpo etilgan. Davlat rahbari mahalla faollari va nuroniylar bilan suhbatlashib, amalga oshirilgan ishlarni ko‘zdan kechirdi va infratuzilmani yanada kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Tashrif doirasida Prezident Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining viloyat filialiga borib, ikki kun avval sodir bo‘lgan gaz portlashi oqibatida jarohatlangan fuqarolarning ahvolidan xabar oldi. Shifokorlarga bemorlarni to‘liq davolash, ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Prezident Guliston shahriga keltirilgan 52 ta zamonaviy avtobuslar taqdimotida ham ishtirok etdi. Yevro-5 standartidagi ushbu avtobuslar 23 ta mahallani qamrab oluvchi 7 yo‘nalishda harakatlanadi va kuniga 29 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi.

Sirdaryo viloyati Kengashining sessiyasida davlatimiz rahbari so‘nggi yillarda hududda iqtisodiyot, sanoat, qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy sohada erishilgan natijalarni ta’kidladi. Sessiyada Erkin Turdimov Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

Prezident investisiyalarni jalb qilish, sanoat quvvatlarini kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ta’lim va tibbiyot infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yo‘l va suv ta’minoti tizimlarini yaxshilash bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi. Hududni rivojlantirish bo‘yicha yirik loyihalar – avtomobilsozlik, sanoat kooperatsiyasi markazi, “Sultonhovuz” suv ombori, mahallalarni yaxshilash dasturlari taqdim etildi.

Kun davomida Sirdaryoda amalga oshirilayotgan ishlarga baho berilib, yangi tashabbuslar belgilab olindi. Tashrif yakunida Prezidentimiz Toshkentga qaytib keldi.
































Foto: Xasan Paydoyev / «Xalq so‘zi»
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring