Gulistonda “Oʻzbekiston – Shanxay hamkorlik tashkiloti” savdo va sanoat zonasi tashkil qilinadi

17:15 04 Dekabr 2025 Siyosat
82 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident ishtirokida oʻtayotgan Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Sirdaryoda sanoat, servis, qishloq xoʻjaligini yanada rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash masalalari muhokama qilindi.

Hudud iqtisodiyotiga innovatsiya va zamonaviy texnologiyalar olib kirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Soʻnggi yillarda viloyatda xitoylik investorlar bilan hamkorlikda ishga tushirilgan 500 million dollarlik 31 ta korxonada 5 ming aholi yuqori daromadli ishlarda mehnat qilyapti.

Xitoylik hamkorlar bilan yana 700 million dollarlik 40 ta loyiha boʻyicha ishlar jadal ketmoqda.

Yangiyer, Guliston va Shirin shaharlari, Sirdaryo, Boyovut, Guliston, Mirzaobod, Oqoltin, Xovos hisobidan Sirdaryo erkin sanoat zonasi hududini 1 ming 80 gektarga kengaytirildi.

Endilikda sanoat zonasining har bir qarich yerida faqat va faqat yuqori qoʻshilgan qiymat beradigan loyihalarning joylashishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.

Viloyat va tuman hokimlari sanoat zonasiga qoʻshib berilgan 1 ming gektarda kamida 4 milliard dollarlik loyihalarni boshlashi muhim ekani koʻrsatib oʻtildi.

Buning uchun loyihalarning samaradorligini hisob-kitob qilib, investorlarga taqdimot qilish uchun Sirdaryo, Boyovut, Guliston, Mirzaobod, Oqoltin, Xovos tumanlari, Yangiyer, Guliston, Shirin shaharlari hokimlaridan iborat delegatsiyani Xitoyga yuborish topshirildi.

Bunda qurilish materiallari boʻyicha Xitoyning Szyansu, Shandun va Guandun provinsiyalari, kimyo sanoatida Tyanszin shahri, elektrotexnikada Fuszyan, Gonkong, yengil sanoatda Shandun va Shinjon, farmatsevtikada Shanxay, Szyansi hududlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik oʻrnatish vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, Xitoyning Sindao shahrida “Xitoy – Shanxay hamkorlik tashkiloti” maxsus iqtisodiy pilot zonasidagi imtiyozlar, ularni qoʻllash mexanizmlari, amalga oshirilayotgan loyihalarni puxta oʻrganib, Guliston shahrida kamida 5 ming ish oʻrinli “Oʻzbekiston – Shanxay hamkorlik tashkiloti” savdo va sanoat zonasini tashkil qilish topshirildi.

Bu yerdagi obyektlar tayyor loyiha sifatida tadbirkorlarga sanoat ipotekasi yoki lizing asosida taqdim etiladi.

Gonkong maxsus administrativ rayoni ham juda katta investitsiyaviy va moliyaviy imkoniyatlarga ega ekani taʼkidlanib, mutasaddilarga Gonkongdagi yirik kompaniyalarni Sirdaryoga taklif qilish hamda investitsiya forumini oʻtkazish, Sirdaryo viloyati va Gonkong oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish boʻyicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?