Fermerlik harakati: koʻp tarmoqli faoliyatni yoʻlga qoʻyish istiqbollari

Xorazm viloyatida “Fermer xoʻjaliklarida koʻp tarmoqli faoliyatni rivojlantirish muammolari va vazifalari” mavzusida amaliy konferensiya tashkil qilindi. Prezidentimizning tadbirkorlar bilan har yili oʻtkazadigan ochiq muloqoti arafasida boʻlib oʻtgan mazkur konferensiya qishloq xoʻjaligi rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan ilgʻor fermerlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot maydoniga aylandi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi — qishloq xoʻjaligidagi mavjud muammolarni muhokama qilish, ilgʻor tajribalarni ommalashtirish, fermerlarni ragʻbatlantirish va sohadagi islohotlar yuzasidan takliflarni eshitishdan iborat.
— Soʻnggi yillarda qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlar yer egalarining haq-huquqini mustahkamlash, sohani zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish, fermer va dehqonlarni manfaatdor qilish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratildi, — deydi Yangibozor tumanidagi “Xorazm faxri” fermer xoʻjaligi rahbari Otabek Qurbonov. — Shuningdek, ularning huquqlarini himoya qilish, imtiyozli kredit va soliq yengilliklarini berish, fermerlar oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻyish uchun mustahkam huquqiy asoslar yaratildi.
2025-yilda Xorazm viloyatidagi 4,3 mingdan ortiq fermer xoʻjaligi ixtiyorida 192 ming gektar yer mavjud boʻlib, Fermerlar Kengashi koʻmagi bilan 2100 ta fermer xoʻjaligida koʻp tarmoqli faoliyat yoʻlga qoʻyildi. Bu — paxtachilik, gʻallachilik, sabzavotchilik, bogʻdorchilik va chorvachilikni qamrab olgan holda oziq-ovqat xavfsizligiga xizmat qilmoqda. Bu harakatlar qishloq joylarda barqaror ish oʻrinlari yaratish, aholi turmush darajasini oshirish va qishloq xoʻjaligini yangi bosqichga olib chiqishga imkon yaratmoqda.
Konferensiya yakunida Oʻzbekiston fermerlari Kengashi raisi Aktam Xaitov sohada yuqori natijalarga erishgan, mahsulot yetishtirishda innovatsion uslublarni keng joriy etgan bir guruh fermerlarga “Ilgʻor fermer” koʻkrak nishonini topshirdi.
Odilbek ODAMBOYEV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring