Fargʻonalik yoshlar til oʻrganib, Yaponiyada taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻlishadi

18:08 10 Oktyabr 2023 Jamiyat
495 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Fargʻona viloyati hokimligida Yaponiyaning Nippon til oʻrgatish akademiyasi (Nippon Language Academy) prezidenti Mayuko Ono boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Taʼkidlash joiz, ushbu markaz bir vaqtning oʻzida mingga yaqin oʻquvchiga yapon tilini oʻqitish imkoniga ega. Ayni paytda markaz mutaxassislari dunyoning oʻnlab davlatlarida talaba-yoshlarga yapon tili taʼlimini berib kelmoqda. Yuzma-yuz muloqotda til oʻrgatish akademiyasi mutaxassislari tomonidan viloyatda maktab bitiruvchilariga yapon tilini oʻrgatish hamda kelajakda Yaponiyada taʼlim olishi, mehnat faoliyati olib borishlariga koʻmaklashish rejalashtirilmoqda.

Aytish oʻrinli, joriy oʻquv yilidan boshlab Fargʻona viloyatidagi har bir shahar va tumandan tanlab olingan bittadan maktabda sinov tariqasida Yaponiya taʼlim tajribasi tatbiq etildi. Rishton tumanida joylashgan Noriko-Gakkyu til maktabida esa keyingi yillarda 3000 nafarga yaqin yoshlarga yapon tili oʻrgatilib, ularning koʻpchiligi Yaponiyadagi oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga qabul qilingan boʻlsa, yana bir qismi kunchiqar yurtda mehnat faoliyati olib borayotir.

Shuningdek, kasbiy dual taʼlim yoʻnalishi boʻyicha Yaponiya bilan hamkorlikda viloyatda ikkita taʼlim markazi tashkil etilgan.

— Mutaxassislarimiz bilan birgalikda oʻn kun mobaynida viloyatdagi qator maktablarda yapon tili va madaniyati boʻyicha ochiq darslar tashkil etishni maqsad qilganmiz,—deydi Mayuko Ono. —Oʻz navbatida muloqotlar davomida yoshlarga yapon tilini oʻrganish va oliy taʼlimni Yaponiyada davom ettirish borasidagi imkoniyatlar tanishtiriladi.

Samimiy suhbat chogʻida viloyatda Nippon til oʻrgatish akademiyasining doimiy ofisi hamda yapon tili oʻrgatish markazini tashkil etish taklifi maʼqullanib, bu ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qilishi eʼtirof etildi.

Botir MADIYOROV“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?