Yozyovonda joriy yilda 10 ta mikro va kichik GES quriladi

15:58 18 Fevral 2025 Jamiyat
383 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Davlatimiz rahbarining 2024-yil 16-dekabrda “Fargʻona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga koʻra, 2025-yilning aprel oyiga qadar tashabbuskor tadbirkorlarni jalb qilgan holda viloyat miqyosida umumiy quvvati 7 ming 604 kVt boʻlgan 181 ta mikro hamda kichik GESlar qurilishi rejalashtirilgan.

Darhaqiqat, soʻnggi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyoti har jabhada jadal rivojlanib, qishloq xoʻjaligi, sanoat, ishlab chiqarish tarmoqlari faoliyati jahon andozalari darajasida yuksalib bormoqda. Bu borada elektr energiyasi taʼminoti uzluksizligini taʼminlash, “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini amaliyotga keng joriy etish orqali ekologik jihatdan xavfsiz hamda tejamkor texnologiyalardan foydalanish muhim ahamiyatga ega.

— Ayni kunlarda mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Katta Andijon kanali, Katta Fargʻona kanalining Xonobod irmogʻi hamda Yozyovonsoy tashlamasida quvvati 340 kVtli 10 ta mikro va kichik GES qurilishi boʻyicha dastlabki saʼy-harakatlar boshlandi, — deydi Yozyovon tumani hokimi oʻrinbosari Dilmurod Bekmirzayev. — Bu suv inshootlarining qurilishi natijasida soatiga 340 kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishiga erishiladi. Buning samarasi sifatida bir oyda oʻrtacha 183 ming kVt/soat, bir yilda 2 mln 203 ming kVt/soat qoʻshimcha elektr energiyasi olish mumkin.

Aytish joiz, hozirgi kunda tuman miqyosida isteʼmolchilarga har oyda oʻrtacha 10 mln 306 ming kVt/soat elektr energiyasi yetkazib berilmoqda. Bu meʼyor kunlar isishi yoki sovushi tufayli yanada ortadi. Isteʼmolchilarni uzluksiz ravishda elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun bu kabi qoʻshimcha manbalarni shakllantirish maqsadida ishlar koʻlami sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?