Virussiz kartoshkaning ilk mahalliy navi
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonda kartoshka urugʻchilik tizimini rivojlantirish va kadrlar salohiyatini oshirish” loyihasi amalga oshirilyapti. Loyiha uchun Koreya Hukumatining 4,3 million dollarlik granti ajratilgan. Loyiha doirasida 40×40 metrlik aqlli gidroponika issiqxonasi, invitro laboratoriyasi, bir nechta Nethouse inshootlari qurib foydalanishga topshirildi. Shuningdek, 600 kub metrli zamonaviy urugʻlik ombori barpo etildi.

Institutda “Oʻzbekiston – Koreya kartoshka urugʻchiligi markazi” faoliyati yoʻlga qoʻyilib, invitro laboratoriyasida har mavsumda 12 mingdan ortiq virussiz oʻsimta yetishtirilyapti. Bugungi kunda 16 dan ortiq mahalliy va koreyalik navlar koʻpaytirilib, gidroponika issiqxonasida 12 mingdan ziyod koʻchat parvarishlanmoqda.
— Loyihaning asosiy maqsadlaridan biri — import oʻrnini bosuvchi urugʻlik kartoshka yetishtirish texnologiyalarini yoʻlga qoʻyish va sohada yetuk mutaxassislar tayyorlash, — deydi institut rektori Shavkat Hasanov. — Shu asosda fermerlarimizga amaliyotga tatbiq qilish mumkin boʻlgan takliflar berilmoqda.
Kartoshka yetishtirishdagi eng katta muammolardan biri — virusli kasalliklar. Shu bois koreyalik olimlar bilan birga zamonaviy diagnostika laboratoriyasi tashkil etildi. Endi laboratoriyadan to fermer xoʻjaligidagi yetishtirish jarayonigacha kasalliklar toʻliq monitoring qilinadi.
Institutda qurilgan gidroponika issiqxonasi va 3 gektar maydondagi Nethouse larda yiliga 500 ming dona mikro va mini-tuganak yetishtirilmoqda.

— Oʻzbekiston kartoshka yetishtirish uchun juda katta imkoniyatga ega, — deydi Janubiy Koreya Xalqaro bogʻdorchilik instituti professori Cho Hyun-Mook. — Tajribalarimizda oʻsimliklar viruslarga kam duch kelyapti. Bu kelajakda Oʻzbekiston eksportchilar qatoriga qoʻshilishi mumkinligini koʻrsatadi.
Loyiha Prezident qarorlarining ijrosi asosida amalga oshirilayotgani eʼtiborga molik. Institutda kartoshka tuganaklarini laboratoriyada yaratishdan tortib, gidroponika orqali koʻpaytirish va saqlashgacha boʻlgan yaxlit tizim shakllandi.
— Loyiha boshlanganda bu darajaga chiqishini tasavvur qilmagandik, — deydi Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Jamshid Abduzuhurov. — Ilgari kartoshka urugʻchiligi boʻyicha bir qancha muammolar bor edi, ishlar boshlanib toʻxtab qolgan vaqtlar ham boʻlgan. Bugun esa Samarqanddagi olimlarimizning Koreya mutaxassislari bilan hamkorligi tufayli Oʻzbekiston sharoitida ham yuqori sifatli urugʻlik kartoshka yetishtirish mumkinligi isbotlandi. 2030-yilga borib mamlakatimizda toʻliq ichki urugʻchilik tizimini yoʻlga qoʻyishni maqsad qilganmiz.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Barselona” La Ligada navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
- Saida Mirziyoyeva Dohadagi kino festivalga tashrif buyurdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring