UNFF rahbari va Ekologiya vaziri “Green University” hududida daraxt ekishdi
BMT Bosh kotibi yordamchisi, tashkilotning oʻrmonlar va koʻkalamzorlashtirish boʻyicha Forumi Kotibiyati (UNFF) direktori doktor Juliette Biao 8-9-noyabr kunlari Oʻzbekistonda amaliy tashrif bilan boʻldi.
Yuqori martabali mehmon Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamrohligida Toshkent viloyati “Darxon” ilmiy-tajriba stansiyasi (“Dendropark”) hududidagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishlarini oʻrganish universiteti (“Green University”)ning yangi kampusiga tashrif buyurdi. Eslatib oʻtamiz, universitet 2023-yil may oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan.
Tashrif chogʻida Biao xonim yaqin kelajakda atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash boʻyicha mintaqaviy markazga aylanadigan universitetning yangi zamonaviy binosida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi.
Maʼlumot uchun, doktor Juliette Biao Afrika, Lotin Amerikasi va Kanadada xalqaro oʻrmonlarni rivojlantirish va boshqarish boʻyicha 32 yillik katta tajribaga ega. UNFFga qoʻshilishdan oldin u olti yildan ortiq vaqt davomida Keniyaning Nayrobidagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhit boʻyicha dasturida (UNEP) Afrika boʻyicha mintaqaviy vakil sifatida ishlagan. U, shuningdek, Benin (Gʻarbiy Afrika) atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish vaziri sifatida faoliyat yuritgan.
Yuqori martabali mehmon Toshkent shahrida ekologiya sohasida birinchi mintaqaviy universitetni tashkil etish tashabbusini ijobiy baholadi va universitet nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasiga xizmat qilishiga, balki butun dunyodan kelgan barcha qiziquvchilar uchun ochiq boʻlishiga umid bildirdi. Biao xonim, shuningdek, Hub and Spoke innovatsion taʼlim modeli va yashil jamoat joylari qurilishidagi ekologik toza yondashuvni yuqori baholadi.
Tashrifdan soʻng “ikki tashkilot oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga intilish belgisi sifatida” Aziz Abduhakimov va J.Biao xonim “Green University” hududidagi bogʻda daraxt ekishdi.
Maʼlumot uchun, avvalroq Juliette Biao Aziz Abduhakimov bilan uchrashib, Oʻzbekistonda oʻrmonzorlashtirish va koʻkalamzorlashtirish sohasini rivojlantirish masalalarini muhokama qilgandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring