Sudyalar oliy kengashi faoliyati sarhisobi
AOKAda Sudyalar oliy kengashining 2024-yildagi faoliyati sarhisobiga doir matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan yilda Kengash tomonidan sudyalik lavozimiga tanlash va tayinlash bo‘yicha o‘tkazilgan ochiq tanlovlar natijasida 783 nafar nomzod (umumiy nomzodlarning 84,2 foizi) tavsiya etilgan lavozimga munosib, deb topildi. Ularning 142 nafari sudyalik lavozimida bo‘lishning birinchi besh yillik muddatiga, 146 nafari o‘n yillik muddatga, 5 nafari muddatsiz davrga, 250 nafari vakolati muddati davriga qayta tayinlangan. Sudyalik lavozimida bo‘lishning birinchi besh yillik muddatiga tayinlanganlarning barchasi Kengash huzuridagi Sudyalar oliy maktabi bitiruvchilari hisoblanadi.
Tavsiya etilgan nomzodlarning 65 nafari (yoki 6,8 foizi) sudyalik lavozimiga nomunosib, deb topilgan bo‘lsa, 102 nafariga (yoki 10,7 foizi) nisbatan vakolati muddati davriga qayta tayinlash rad etilgan.
Joriy yilning 1-yanvaridan sud tizimida yangi institut — jinoyat ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlarida tergov sudyalari ish boshladi. Shunga muvofiq, hisobot davrida ushbu lavozim uchun 240 ta tayinlov ham amalga oshirildi. Shu yilning 20-fevral holatiga tizimda 1518 nafar sudya faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 500 nafari (32,9 foiz) ushbu lavozimda bo‘lishning birinchi besh yillik, 964 nafari (63,5 foiz) o‘n yillik muddatga, 54 nafari (3,6 foiz) muddatsiz davriga tayinlangan (saylangan).
Sudyalar korpusini shakllantirishda gender tenglikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2024-yilda ayol sudyalarning 34 nafarga ko‘payib, jami 225 nafarga yetdi (15 foiz). Ularning 22 nafari rahbar sudyalik lavozimlariga tayinlangan. Ayol sudyalarimizning 3 nafari Xalqaro ayol sudyalar assotsiatsiyasi a’zosi hisoblanadi.
Kengash faoliyatida rahbar sudyalik lavozimlariga nomzodlarni shakllantirish masalasi ham ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda o‘tgan yilda 200 nafar sudya test sinovlaridan o‘tkazilib, eng yuqori ball olgan 60 nafari tumanlararo, tuman (shahar) sudi raisi va rais o‘rinbosari lavozimi uchun zaxiraga olindi. Ular uchun ikki oylik qayta tayyorlash kurslari tashkil etildi.
Hisobot davrda Sudyalar oliy kengashi faoliyatida xalqaro hamkorlik alohida ko‘zga tashlanadi. Bu davrda o‘zbek sudyalari hamjamiyati vakillari Ispaniya qirolligining Sudyalar bosh kengashi hamda Sudyalar maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishdi, sudyalik lavozimlariga nomzodlar tayyorlash, sudyalar korpusini shakllantirish hamda ularning uzluksiz ta’limi bo‘yicha tajriba almashildi.
Shu bilan birga, Turkiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Respublikalarining Sudyalar kengashlari vakillaridan iborat delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurib, yurtimizda izchil amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari, ayni jarayonda sud mustaqilligi, sudyalar daxlsizligini samarali ta’minlash, sudyalik lavozimiga nomzodlarni tayyorlash, lavozimga tanlash va tayinlash bo‘yicha joriy etilgan yangi tartiblar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi va Qozog‘iston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi.
Yana bir e’tibor jihati, o‘tgan yilning noyabr oyida Singapurda bo‘lib o‘tgan Sud boshqaruvi xalqaro assotsiatsiyasi (IACA) konferensiyasida Sudyalar oliy kengashi ushbu xalqaro tashkilot a’zoligiga qabul qilindi. Shu tariqa O‘zbekiston Sudyalar oliy kengashi a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar soni yana bittaga ko‘paydi. 2022-yilning oktyabr oyida Kengash Sudyalar malakasini oshirish xalqaro tashkiloti (IOJT) a’zoligiga qabul qilingan edi.
Sudyalar faoliyati samaradorligini ochiq va shaffof baholash bo‘yicha milliy elektron reyting baholash dasturi yanada takomillashtirildi. An’anaga muvofiq, eng yuqori reyting-ballga ega sudyalar “Ibratli sudya” mukofoti bilan taqdirlanib kelinmoqda. O‘tgan yil natijalariga ko‘ra, 18 nafar sudya ushbu mukofotga loyiq, deb topildi.
Reyting ko‘rsatkichlari past sudyalar faoliyati tahliliy o‘rganilib, ularning malakasini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rib kelinmoqda.
Anjumanda Kengash mutasaddilari tomonidan jurnalist va blogerlarning savollariga javob berildi.
Manzura MATRASULOVA,
O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring