“Vatanparvar” tashkilotida texnik kasb mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha zamonaviy yondashuvlar muhokama qilindi

16:35 01 Dekabr 2025 Jamiyat
119 0

28-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi tashabbusi bilan “Vatanparvar” tashkilotida texnik kasb mutaxassislarini tayyorlash jarayoniga zamonaviy yondashuvlar va tendensiyalar» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

Tadbirning asosiy maqsadi — “Vatanparvar” tashkiloti hamda davlat va jamoat tashkilotlari oʻrtasida fuqarolarni mehnat bozorida yuqori talabga ega kasblarga oʻqitish boʻyicha hamkorlikni mustahkamlash, texnik yoʻnalishdagi taʼlim samaradorligini oshirish va qoʻshimcha chora-tadbirlarni belgilab olishdan iborat.

Konferensiya tashkilotning 34-yilligi munosabati bilan oʻtkazildi. Tadbirda Migratsiya agentligi, Yoshlar ishlari agentligi, IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati, “GM Oʻzbekiston”, “SAMIST AUTO” MCHJ Qoʻshma korxonasi, “Swift Road Academy” MCHJ kabi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

“Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov konferensiyani ochib berar ekan, aholining bandligini taʼminlashda kasb-hunar oʻqitishining ahamiyatiga toʻxtalib oʻtdi. U tashkilot tomonidan yoʻlga qoʻyilgan yangi tizimlar va oʻquv jarayonlaridagi islohotlar haqida maʼlumot berdi.

Jumladan, ilgari “Vatanparvar” tashkiloti tasarrufidagi oʻquv muassasalarda avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida turli toifalarda haydovchilar tayyorlab kelingan boʻlsa, ushbu tizim qayta koʻrib chiqilib, tashkilot bazasida fuqarolarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan yana qoʻshimcha 10 xil kasblarga oʻqitishga doir mexanizm yoʻlga qoʻyildi.

“Texnik xizmat koʻrsatish mutaxassislarini tayyorlash kurslari” tashkil etilib, unda fuqarolar 5 xil kasbga – vulkanizatorchi, gaz-elektr payvandchi, avtochilangar, avtoelektrik mutaxassisliklari boʻyicha oʻqitila boshlandi.

Shuningdek, “Murakkab texnikalarni boshqarish mutaxassislarini tayyorlash kurslari”da yuk ortuvchi transport vositalari, avtogidro podyomnik, yuk mashinasi krani, gʻildirakli traktor, bitta kovshli ekskavator kabi texnikalarni boshqarish boʻyicha mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Ahamiyatli jihati shundaki, “Vatanparvar” tashkiloti mamlakat aholisining ish bilan band boʻlmagan vakillarini qoʻllab-quvvatlash, ularga jamiyatda oʻz oʻrinlarini topishga koʻmaklashish maqsadida, oʻz faoliyatidagi yangicha tizimni joriy etdi.

“Vatanparvar” tashkiloti tizimida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va “Temir daftar”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning farzandlarini texnik kasblarga imtiyoz asosida oʻqitish yoʻlga qoʻyildi.

Har yili oʻrtacha 100–150 ming nafar fuqaro haydovchilik kurslarida tahsil olmoqda. Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda esa 200 dan ortiq oʻzbekistonlik fuqarolar haydovchilik kasbiga oʻqitilib, vaqtincha ishlash uchun Yevropa davlatlariga yuborildi.

Bundan tashqari, 2025-yilning oʻzida aholiga haydovchilik boʻyicha sifatli taʼlim berish maqsadida, “Vatanparvar” tashkilotining oʻquv muassasalariga 600 dan ortiq yangi zamonaviy yengil va yuk avtomobillari xarid qilindi.

Tadbir davomida ishtirokchi tashkilot vakillari oʻz tizimlarida yoshlarga kasb oʻrgatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud tajribalar va hamkorlik imkoniyatlari haqida maʼlumotlar taqdim etdi. Maʼruzachilar ish samaradorligini oshirish boʻyicha takliflarini ilgari surdi.

Konferensiya doirasida “Vatanparvar” oʻquv muassasalarining moddiy-texnik bazasi bilan tanishuv tashkil etildi. Avtomototransport haydovchilari, texnik xizmat koʻrsatish mutaxassislari va murakkab texnikalar boshqaruvchilarini tayyorlash boʻyicha yaratilgan sharoitlar ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi.

Shuningdek, avtokross, motokross, karting, duatlon, pnevmatik quroldan oʻq otish, raketa-model, aviamodel, kema-model kabi texnik-amaliy sport turlari boʻyicha faoliyat yuritayotgan toʻgaraklarning koʻrgazmalari namoyish qilindi.

Tadbir yakunida “Vatanparvar” tashkiloti hamda vazirlik va idoralar oʻrtasida hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish, ommaviy texnik kasblarga oʻqitish tizimini yanada rivojlantirish boʻyicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?