“Shukurmergan”liklar shukronasi

15:21 27 Oktyabr 2025 Jamiyat
349 0

Marhamat tumanidagi “Shukurmergan” mahallasi uzoq yillar davomida ogʻir toifadagi hududlar roʻyxatida boʻlib kelgandi. Yoʻl va infratuzilma tarmoqlarining eskirgani, ichimlik suvi taʼminotidagi uzilishlar, elektr energiyasining uzluksizligini taʼminlashdagi qiyinchiliklar, aholi bandligining past darajadaligi kabi muammolar odamlarning turmush sifatini cheklardi. Ammo soʻnggi ikki yil ichida bu hududda yangilanish va taraqqiyot nafasi sezilmoqda.

— Bu ishlar yogʻin-sochinli kunlarga qolmay yakuniga yetkazilayotganidan juda mamnunmiz, — deydi shu mahallada yashovchi Akbarjon Haydarov. — Oʻn yillar davomida toʻzib boʻlgan yoʻllarimiz tiklanyapti, koʻchalarimizga nur va baraka kirdi. Avvallari bolalarimiz maktabga chang yoʻllardan borishardi, hozir esa hamma joy obod boʻlyapti.

“Shukurmergan” mahallasida 11 kilometr yoʻl asfaltlanmoqda. Bu faqat transport harakati uchun qulaylik emas, balki mahallaning iqtisodiy faolligini oshirishda ham muhim omil hisoblanadi. 3 kilometrlik ichimlik suvi tarmogʻining yangidan tortilgani esa aholining sogʻlom turmushi uchun katta ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, 140 ta eskirgan simyogʻochlar beton ustunlarga almashtirilib, elektr taʼminotidagi uzilishlarga barham berilyapti.

Infratuzilma yangilanishi bilan bir qatorda, ijtimoiy hayotni yuksaltirishga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Mahallada yoshlar va xotin-qizlar uchun sport maydonchalari, tikish-bichish va kasb-hunar oʻrgatish toʻgaraklari tashkil etildi. Bu orqali koʻplab fuqarolarning bandligi taʼminlandi. Tibbiy xizmat sifati ham yaxshilanmoqda. Mahalla shifokorlik punktida profilaktik koʻriklar yoʻlga qoʻyilib, aholi salomatligi muntazam nazoratga olingan.

“Shukurmergan”da amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari faqatgina infratuzilma yangilanishi emas, balki odamlar ongidagi yangicha fikrlash, mehnat va yaratish kayfiyatining uygʻonishidir.

Saminjon HUSANOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?