Rasmiy tashrif doirasida 4iG kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi bilan uchrashuv oʻtkazildi

09:11 04 Dekabr 2025 Siyosat
116 0

Vengriyaga rasmiy tashrif doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi 4iG kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Gellert Yaszai bilan xalqaro biznes aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokamasiga bagʻishlangan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda asosiy eʼtibor Vengriya va Oʻzbekiston oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, investitsiya hamda texnologik loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, axborot texnologiyalari, raqamli infratuzilma, xususiylashtirish va muqobil energiya sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga qaratildi.

4iG kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi IT tizimlarini integratsiya qilish, raqamli infratuzilma, telekommunikatsiyalar, mudofaa va kosmos loyihalari haqida batafsil maʼlumot berdi.

Maʼlumot uchun: Kompaniya Markaziy va Janubi-Sharqiy Yevropa mamlakatlarida faoliyat yuritadi va Markaziy Osiyo, xususan Oʻzbekiston bozoriga alohida qiziqish bildirmoqda. Uning tarkibiga Mobile.uz va UzCosmos kabi qoʻshma loyihalar ham kiradi.

Uchrashuvda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, iqtisodiy liberallashuv, sanoatni modernizatsiya qilish va xorijiy investitsiyalar uchun qulay muhit yaratish haqida maʼlumot berildi. Boshqaruv kengashi raisi Oʻzbekiston bozori siyosiy va huquqiy jihatdan barqaror va istiqbolli ekanini, makroiqtisodiy koʻrsatkichlar va yosh aholi biznes rivojlanishi uchun katta salohiyat yaratayotganini taʼkidladi.

Qoʻshma investitsiya va IT loyihalari, raqamli infratuzilma, Mobile.uz va raqamli xizmatlar platformalarini rivojlantirish, maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari faoliyati hamda masofadan Yerni zondlash va sunʼiy yoʻldosh kuzatuvi loyihalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida har bir yoʻnalishda qoʻshma loyihalarni davom ettirish va axborot almashuvini yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?