Qashqadaryoda “Jihodchilar”ning 8 nafar aʼzosi 6-yildan 10-yil 6 oygacha ozodlikdan mahrum etildi (+video)

09:43 23 May 2025 Jamiyat
94 0

Qashqadaryoda “Jihodchilar” ekstremistik oqimining 8 nafar aʼzosi 6-yildan 10-yil 6 oygacha ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati Qashqadaryo viloyati boshqarmasi va Ichki ishlar organlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijalarida maʼlum qilindi.

Maʼlumotlarga koʻra, jinoiy guruh Qarshi tumanida yashovchi, 1977-yilda tugʻilgan, avval ham bir necha bor Jinoyat kodeksining turli moddalari boʻyicha sudlangan va oʻta xavfli retsidivist hisoblangan fuqaro tomonidan tashkil etilgan. U Qarshi shahri hamda Qarshi tumanida yashovchi, 1964–1986-yillar oraligʻida tugʻilgan yana 7 nafar fuqaroni oʻz safiga jalb qilgan va ular bilan birgalikda yashirin diniy jamoat tuzgan.

Tergov jarayonida maʼlum boʻlishicha, guruh aʼzolari oʻz xonadonlarida yigʻilishlar oʻtkazib, “halifalik davlati”ni barpo etish gʻoyalarini muhokama qilishgan. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqaro terroristik tashkilotlarning gʻoyaviy materiallarini – jihod, hijrat va halifalik mavzularidagi audio va videolarni bir-birlariga tarqatganlar.

Taʼkidlash joizki, ushbu guruh aʼzolaridan 4 nafari ilgari ham jinoyat sodir etib, jazo muddatini oʻtab chiqqan boʻlsa-da, oʻz qilmishlaridan xulosa chiqarmagan. Ular ekstremistik faoliyatni qaytadan davom ettirganlar.

Jinoyat ishlari boʻyicha Qarshi tuman sudi tomonidan mazkur shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (Konstitutsion tuzumga tajovuz), 244¹-moddasi (Ekstremistik materiallar tayyorlash va tarqatish), 244²-moddasi (Noqonuniy diniy tashkilotlarda ishtirok etish) boʻyicha aybli deb topildi. Sud hukmiga koʻra, ularga 6-yildan 10-yil 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?