Oʻzbekistonda ishchilarga “kunbay” va “soatbay” maosh toʻlash imkoniyati yaratiladi

13:22 20 Avgust 2025 Siyosat
195 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentning tadbirkorlar bilan ilk ochiq muloqotdan buyon shu kungacha tadbirkorlarning 1 mingga yaqin tashabbusi qonunchilikda oʻz aksini topdi. Buning natijalarini nafaqat tadbirkorlar, balki butun aholi oʻzining kundalik hayotida his qilmoqda.

Davlat rahbari bu galgi uchrashuv ulkan bunyodkorlik ishlari boshlangan Yangi Toshkentda oʻtayotganida ramziy maʼno borligini taʼkidladi.

“Ushbu megaloyiha islohotlarimiz hayotda qanday aks etayotganining yaqqol isboti, yangilanish va taraqqiyot yoʻlidagi dadil qadamlarimizning yorqin timsoli boʻladi.

Siz tadbirkorlar uchun Yangi Toshkent – yangi imkoniyatlar, yangi gʻoyalar va yangi bozorlar maydoniga, innovatsiyalar va investitsiyalar markaziga aylanadi.

Bu yerdagi toʻliq “yashil” texnologiyalarga asoslangan eng zamonaviy infratuzilma sizlarning yangi-yangi gʻoya va tashabbuslaringiz uchun xizmat qiladi.

Shuni bilingki, Yangi Toshkent darvozalari biznes qilaman, degan barcha tadbirkorlar uchun hamisha ochiq boʻladi”, dedi Prezident.

Bugungi ochiq muloqotga tayyorgarlik davomida 26 ta sohaning 7 mingga yaqin vakillari bilan alohida-alohida uchrashuvlar oʻtkazildi. “Koll-markaz” orqali ham 13 mingdan ziyod murojaat va tashabbuslar kelib tushdi.

Hozirgi murakkab sharoitda har bir kun muhimligini inobatga olib, ochiq muloqotni kutib oʻtirmasdan, meva-sabzavot eksporti va toʻqimachilikda toʻplanib qolgan muammolarga yechim topib berildi.

Oʻtgan haftada biznesni “soyadan” chiqarishni ragʻbatlantirish boʻyicha ham tadbirkorlarga yanada qulay sharoitlarni nazarda tutgan katta yangiliklar eʼlon qilindi.

Jumladan, ishini kichik loyihadan boshlab, biznesda tajriba va malaka toʻplagan yakka tartibdagi tadbirkorlarga koʻmak berib, ularni 50-100 nafar odam ishlaydigan baquvvat korxonalar sohibiga aylantirish maqsadida YaTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun 2030-yilgacha maxsus huquqiy rejim joriy etildi.

Endi bunday tadbirkorlar uchun roʻyxatdan oʻtishdan tortib hisobot topshirishgacha boʻlgan barcha xizmatlarni jamlagan raqamli platformalar yaratiladi. Bunda tadbirkorlar kerakli hujjatlarni masofaviy biometriya va “SMS xabarnoma” orqali elektron kalitsiz imzolashi mumkin. Ishchilarga elektron hamyon orqali “kunbay”, “soatbay” maosh toʻlash imkoniyati yaratiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?