“Oltin ilinji”dagi zavod xodimlarining noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi

11:02 17 May 2025 Jamiyat
200 0

Davlat xavfsizlik xizmati Navoiy viloyati boʻyicha boshqarmasi tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJga qarashli 3-sonli Gidrometallurgiya zavodida sodir etilgan noqonuniy harakatlarga chek qoʻyildi.

“Oltin ilinji” nomi bilan tanilgan ushbu zavodda ishlovchi ikki nafar smena ustasi va bir nafar boʻlinma aparatchisi oldindan til biriktirib, yirik hajmdagi oltinni yashirish orqali talon-toroj qilishni rejalashtirgan.

Ular ogʻirligi 2,5 kilogramm boʻlgan, tarkibida katta miqdorda oltin moddasi mavjud boʻlgan yarim tayyor mahsulotni zavod ichidagi havo tozalash quvuriga yashirib qoʻyishgan. Tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu harakatlar fosh qilinib, huquq-tartibot idoralari tomonidan darhol nazoratga olingan.

Ekspertiza natijasiga koʻra, aniqlangan mahsulot tarkibida 1 kilogramm 523 gramm sof oltin mavjud boʻlib, uning umumiy qiymati 2 milliard 102 million soʻmga teng ekani maʼlum qilindi. Ushbu noqonuniy harakatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (oldindan til biriktirib yirik miqdordagi oʻzlashtirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mazkur holat kon sanoatida shaffoflikni taʼminlash, yirik boyliklar ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligini yana bir bor koʻrsatmoqda. Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa tegishli organlar bu boradagi monitoring va nazorat ishlarini davom ettirmoqda.
Nodira Rahimova,
 OʻzJOKU talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер