Kamala Xarris Isroilning hafsalasini pir qildi. Tel-Aviv demokratlar nomzodining qarashlaridan xavotirda
Isroil rasmiylari AQSH vitse-prezidenti Kamala Xarris Gʻazo urushini toʻxtatishga chaqirganidan keyin uni tanqid qildi. Xarris demokratlardan prezidentlikka nomzod sifatida koʻrila boshlagach, dunyo siyosatida oʻz oʻrnini bildirish uchun siyosiy faollikka kirishar ekan uning bayonotlari turli doiralarda bahs-munozaralarga sabab boʻlmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan uchrashuvdan keyin oʻtkazilgan matbuot anjumanida Xarris HAMAS bilan kelishuvga erishish zarurligini taʼkidlagan. Netanyaxu turli siyosiy guruhlar tomonidan Gʻazodagi janglarni toʻxtatish boʻyicha muzokaralar olib borishga majburlovchi bosimga duch kelayotgan bir davrda demokratlar nomzodining harakatlari Isroil tomoniga maʼqul kelmagan.
“Muzokaralarda umidli harakat boʻldi va men Bosh vazir Netanyaxuga aytganimdek, bu kelishuvni amalga oshirish vaqti keldi”, dedi Xarris uchrashuvda. Gap shundaki, Netanyaxu Gʻazoda tinchlik oʻrnatish uchun HAMASni butkul yoʻq qilish kerakligini aytib keladi. Bu uchun AQSHni koʻproq harbiy yordam berishga chaqirgan bosh vazirga vitse-prezidentning muzokaradan soʻz ochishi yahudiy davlati vakillariga maʼqul boʻlmagan.
“Reuters” ismi oshkor etilmasligini soʻragan isroillik mulozimga tayanib maʼlum qilishicha, Xarrisning soʻzlari HAMAS tomonidan boshqacha talqin qilinishi mumkin. Rasmiy bu Amerika Qoʻshma Shtatlari va Isroil oʻrtasida kelishmovchilik kabi taassurot qoldirishi va kelishuvni kechiktirishi mumkinligidan xavotirda.
Oʻz navbatida, Netanyaxu koalitsiyasining asosiy shaxslari — Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich va Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir ham Xarrisning soʻzlarini qoralagan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Inson Faxri” milliy mukofoti sohiblari taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring