Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketi boʻyicha kelishib oldi. Unda nimalar nazarda tutilgan?

13:51 18 Iyul 2025 Dunyo
282 0

Illyustrativ foto

Yevropa Ittifoqi davlatlarining doimiy vakillari Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 18-paketi boʻyicha kelishib olgan. Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha oliy vakili Kaya Kallas maʼlum qildi.

“Biz sanksiyalarga yana 105 ta soya floti kemalarini qoʻshmoqdamiz va Rossiya banklarining moliyalashtirishga kirishini cheklayapmiz. “Shimoliy oqim”ga taqiq qoʻyiladi”, — deydi u.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi “Rosneft”ning Hindistondagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodiga birinchi marta cheklovlar kiritmoqda.

“Reuters” agentligining Kallasga tayanib xabar berishicha, yangi paket Rossiya nefti narxining yuqori chegarasini bir barrel uchun taxminan 47,6 dollargacha kamaytirishni ham oʻz ichiga oladi.

Endi hamjamiyat mamlakatlari sanksiyalarni vazirlar darajasida tasdiqlashi kerak. Shundan soʻng ular kuchga kiradi.

Avvalroq, Slovakiya va Vengriya Rossiya energiya resurslari importiga taqiqning salbiy oqibatlaridan xavotirini bildirgandi. Dushanba kuni Slovakiya Yevropa Ittifoqidan Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni qoʻllab-quvvatlash evaziga energiya taʼminoti uchun taklif qilingan kafolatlar loyihasini olgan.

Keyingi paytlarda Yevropa Ittifoqi Rossiya energiya manbalaridan voz kechish borasida faol harakatda. Xususan, shu yilning may oyi boshida Yevrokomissiya Rossiya energiya resurslaridan butunlay voz kechish rejasini eʼlon qilgandi. Unga koʻra, ruslardan gaz, neft va yadro yoqilgʻisi sotib olinishi cheklanmoqda. Yil oxiriga qadar esa Rossiyaning yangi gaz shartnomalari va mavjud operatsiyalar boʻyicha importni taqiqlashni joriy etish taklif etilgan. Taqiq uzoq muddatli shartnomalar boʻyicha Rossiyadan import qilinadigan quvur gazi va suyultirilgan gaz importiga ham taʼsir qilishi mumkin. U 2027-yil oxiridan kechiktirmay kuchga kirishi kerak. Daʼvo qilinishicha, bunday choralar Yevropa Ittifoqiga energiya yetkazib berish xavfsizligini taʼminlash hamda narxlar va bozorlarga har qanday taʼsirni cheklashga moʻljallangan.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Yevropa Rossiyadan arzon energiya olishdan bosh tortishga qaror qilib, “oʻz oyogʻini oʻzi kesib tashladi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?