Talabalar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish yuzasidan yuborilgan parlament soʻrovi natijalari koʻrib chiqildi

17:41 19 Dekabr 2025 Siyosat
317 0

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Yalpi majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K. Sharipovga talabalar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish yuzasidan yuborilgan parlament soʻrovi natijalari koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, parlament soʻrovida koʻtarilgan masalalar boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Xususan, oliy taʼlim muassasalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida vazirlik tomonidan alohida “yoʻl xaritasi” tasdiqlanib, ijroga qaratildi.

Jamoatchilik guruhi profilaktika inspektorlari bilan kelishgan holda talabalar shaharchasi va yotoqxona atrofida 24 soatlik navbatchilik hamda patrullik xizmatini tashkil etdi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

2025 / 2026 oʻquv yilidan boshlab “Ijtimoiy faollik indeksi” joriy etilib, talabalarning maʼnaviy-maʼrifiy va sport sohalaridagi faolligi, barcha xatti-harakatlari platforma orqali onlayn baholab borilmoqda.

Joriy oʻquv yilida “Maʼrifat ulashib” hamda “Adabiy – maʼrifiy haftalik” loyihalariga 280 ming, “Islohotlar bilimdoni”, “Kitobxon”, “Maʼrifat maydoni” kabi loyihalarga 450 ming talaba qamrab olindi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Ichki turizmni rivojlantirish, tarixiy obidalar, madaniy meros obyektlari, teatr va muzeylarga tashriflarini tashkil etish orqali talabalarni vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash maqsadida joriy oʻquv yilida ham tashrif va sayohatlar tashkil etilib, ularga 1 mln dan ortiq talaba-yoshlar jalb etilishi belgilandi.

“Talabalar ligasi”, “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Universiada” sport musobaqalariga qamrov – 540 mingga yetkazildi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

“Jaholatga qarshi maʼrifat bilan” shiori ostidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarga 620 ming talaba qamrab olindi.

Oliy taʼlim tashkilotlarining barcha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari uchun oʻtiladigan “Falsafa” faniga “Korrupsiyaning mohiyati, oqibatlari va unga qarshi kurashish mexanizmlari”, “Oʻzbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashishda xalqaro hamkorligining maqsadlari va yoʻnalishlari” va boshqa mavzular kiritildi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish” maxsus oʻquv kursi dasturi asosida barcha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun jadval asosida 16 soatlik maxsus kurs mashgʻulotlari oʻtkazilmoqda.

Shu bilan birga, senatorlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda sohada oʻz yechimini kutayotgan masalalarga ham eʼtibor qaratildi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Oliy taʼlim muassasalari yotoqxonalariga talabalar kirish-chiqishini monitoring qilishni raqamlashtirish maqsadida “Face-ID” kamera va turniketlar oʻrnatish maqsadga muvofiq boʻlsa-da, huquqiy hujjat qabul qilinmaganligi natijasida ayrim oliy taʼlim tashkilotlarida ushbu tizim oʻrnatilmagan.

Joriy yilning 9 oyi davomida talabalar tomonidan 487 ta jinoyat sodir etilib, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 105 taga yoki 13 foizga kamaygan boʻlsa-da, bugungi kunda oliy taʼlim muassasalarida talabalar bilan maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni olib borish hamda ota-onalar bilan uzviy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga yetarli eʼtibor qaratilmaganligi sababli talabalar oʻrtasidagi jinoyatchilik toʻliq bartaraf qilinmagan.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Senatorlar yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan toʻgʻri va oqilona foydalanish lozimligi hamda yoshlarning jinoyat sodir etishining oldini olish bilan birga jinoyatchilikka qarshi kurashish lozimligi haqida fikrlar bildirildi.

Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?