Eʼtirof — jurnalist uchun katta ragʻbat

17:29 24 Fevral 2025 Jamiyat
276 0

Ahmadali SHERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Biror maqola, koʻrsatuv yoki teleradio materialining jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilishi jurnalist uchun katta mukofot va yanada joʻshqin ijodiy faoliyatga undaydigan ulkan ragʻbatdir. Aytish lozimki, ijodiy mehnatni qadrlashning ayni tamoyili asosida “Xalq soʻzi” va “Народное слово” gazetalari tahririyatida mazkur jamoa aʼzolariniki bilan birga jamoatchi muxbirlar va mualliflarning eng sara, dolzarb mavzudagi materiallarini ham eʼtirof etish va ularga tashakkur bildirish yoʻlga qoʻyilgan.

Yaqinda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, “Yangi Sirdaryo” gazetasi boʻlim muharriri Xolida Pardaboyevaga “Xalq soʻzi”ning 2025-yil 7-fevraldagi 27-sonida eʼlon qilingan “Mahallaning “Anzirat buvilari” sarlavhali maqolasi uchun ana shunday minnatdorlik bildirildi. Tajribali jurnalist ushbu materialida Sirdaryo viloyatidagi “Oqila ayollar” harakati aʼzolari faoliyatining ibratli jihatlarini keng yoritib bergan.

— Jurnalistik faoliyatimga salkam 50-yil boʻldi, — deydi Xolida Pardaboyeva. — Oʻtgan yillar mobaynida minglab maqolalar yozdim, bir necha kitoblarim chop etildi. Ijodiy mehnatlarim davlatimiz tomonidan yuksak qadrlandi. Shu bilan birga maqolalarim koʻp bor eʼtirof etildi. Rosti, mushtariylardan har gal “Maqolangizni oʻqidim. Juda dolzarb mavzuni yoritibsiz” singari fikrlarini eshitar ekanman kasbimga boʻlgan mehrim yanada oshadi, ijodiy gʻayratim ortadi. Shu maʼnoda “Xalq soʻzi” gazetasi tahririyati tomonidan yoʻllangan tashakkurnomadan hamda tahririyatning jamoatchi mualliflari ijodiga boʻlgan bunday katta eʼtiboridan juda xursand boʻlganligimni bildirmoqchiman.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?