Yer bilan bogʻliq munosabatlar va xususiylashtirilgan yer uchastkalariga oid qoidalar takomillashtirilmoqda

13:22 29 Sentyabr 2023 Siyosat
2397 0

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Senatining qirq beshinchi yalpi majlisida “Yer toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun senatorlar tomonidan koʻrib chiqildi.

Muhokama etilgan ushbu Qonun oʻzganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqini amalga oshirish tartibini, yer ijarasi bilan bogʻliq munosabatlarni va xususiylashtirilgan yer uchastkalariga oid qoidalarni takomillashtirishga qaratilgan qator normalarni oʻz ichiga olgan.

Qonunda ijaraga olingan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari huquq va majburiyatlar bilan birga ijaraga beruvchining roziligi asosida boshqa shaxsga oʻtkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkinligi belgilanmoqda.

Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan elektron onlayn-auksion orqali olingan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalariga nisbatan huquq va majburiyatlar boshqa shaxsga ijara muddatidan oshmagan muddatga oʻtkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkinligi koʻzda tutilmoqda.

Bundan tashqari, Qonunda oʻzganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi, yaʼni servitut belgilangan yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar boshqa shaxsga oʻtgan taqdirda ham servitut saqlanib qolinishi, servitut oldi-sotdi, hadya, garov yoki ijaraning mustaqil predmeti boʻlishi mumkin emasligi belgilanmoqda.

Servitutning yer egasini, yerdan foydalanuvchini, yer uchastkasining ijarachisi va mulkdorini ushbu yer uchastkasiga egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etish huquqidan mahrum etilmasligi koʻzda tutilmoqda.

Senatorlar mazkur Qonunning qabul qilinishi ijara munosabatlari yanada kengayishiga, servitut belgilash bilan bogʻliq munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilari va mulkdorlarining huquqlari ishonchli himoya qilinishiga xizmat qilishini eʼtirof etishdi.

Muhokama davomida senatorlar ushbu Qonunning dolzarbligi va zarurligini eʼtiborga olib, uni maʼqulladilar.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?